
Professional bokschilarimiz ham “Uzbek Tigers”ga jamoasi safiga qo‘shilishlari mumkin
Bugun Toshkent shahridagi Universal sport saroyida professional boks kechasi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Vetnam, Chechenistondan charm qo‘lqop ustalari reyting janglarini o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Mazkur jang oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida turnir tashkilotchilari, sporchilar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
> Reyting janglari juftliklari bilan tanishing
– Professional boks havaskor boks soyasida qolib ketayotgandek nazarimizda. Qachondir professionalning darajasi ham havaskor kabi bo‘la oladimi?
Bu savolga professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti Vladimir Shin javob berdi.
– Albatta, hozirgi kunda havaskor boksimiz juda yaxshi natijalarni kayd etmoqda. Professional boks ham aslida jahonda o‘z o‘rniga ega. Hozir sanab o‘tirmayman, chunki barcha oldingi bokschilarimiz qanday natija qayd etganini biladi. Hozirgilar qanday natijaga erishmoqda? Bu ham hammaga ma’lum, lekin shuni aniq ayta olamanki, professional boksimiz bosqichma-bosqich yuqori cho‘qqilarni zabt etib boradi. Buning uchun barcha sharoitlar etarli. Hukumatimiz, shaxsan prezidentimiz Sh.M. Mirziyoevning sportga berayotgan jiddiy e’tibori, yaratib berayotgan shart-sharoitlari ham kelajakda O‘zbekistonda har bir sport vakillari yuqori cho‘qqilarni zabt eta olish imkoniyatini yaratmokda.
– Professional boks va havaskor boks o‘rtasida aloqa yo‘lga qo‘yilganmi? Misol uchun professional boks nazoratidagi bokschi “Uzbek Tigers” tarkibiga qo‘shilishi mumkinmi?
Professional boks federatsiyasi bosh direktori Nabijon Ismonov javob berdi.
– Havaskor boks federatsiyasi bilan aloqalarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Professional boksdagi sportchilarimiz albatta, dastlab havaskorda toblanib, keyin professionalga o‘tishadi. Qolaversa, AIBAning o‘ziga xos qarori mavjud, ya’ni professional bokschilar ham Olimpiadada ishtirok etishi mumkin. Shu sababdan agar professional boksda faoliyat yuritayotgan biror-bir bokschimizning harakatlari ma’qul tushib, “Uzbek Tigers”ga taklif qilsa bo‘ladi. Lekin bilasiz, bu havaskor boks jamoasi va havaskor boksda juda kuchli charm qo‘lqop ustalari ko‘plab topiladi.
– Qachondir Shoxjaxon Ergashevning janglarini O‘zbekistonda tashkil qilish imkoni bormi?
– Albatta, buning iloji yo‘q emas. Bu borada o‘zimizning rejalarimizga egamiz, lekin bularning barchasi bizga bog‘liq emas. Buning uchun uning promousheni bilan bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga to‘g‘ri keladi.
– Bilamizki, Koreyada juda ko‘p sport turlari yaxshi rivojlangan. Shundan kelib chiqib aytsak professional boksning ommaviyligi sizning yurtingizda qanday o‘rinlarda qayd etiladi?
Janubiy Koreya professional boks federatsiyasi prezidenti janob Xu javob berdi.
– Bilasizmi, professional boks yurtimizda juda yaxshi rivojlanib bormoqda. insonlarning qiziqishi yuqori. Nasib qilsa, yaqin yillar davomida Koreya professional bokschilari ham yuqori natijalarnni qayd etishiga ishonaman. Bu borada albatta, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. O‘ylaymanki birgalikdagi ishlarimiz o‘z samarasini beradi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi musobaqada 17 ta reyting janglari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kechaning asosiy qarama-qarshiligida Jamshid Najmiddinov (16-1-0, KO10) farg‘onalik Sherxon Mashrabjonov (4-1-0) bilan kuch sinashadi.
Fikrlar