“Qo‘qon-1912” darvozaboni Aziz Ashurov nima uchun klub rahbarlari va muxlislardan uzr so‘radi?
Kecha bo‘lib o‘tgan “Qo‘qon-1912” – “Mash’al” uchrashuvidan so‘ng qo‘qonliklar darvozaboni Aziz Ashurov o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
- Bugun biz uchun umuman kutilmagan natija qayd etildi. Ochig‘i, bu natijadan so‘ng nimadir deyish ham qiyin. Biz maydonga albbata g‘alaba qozonish uchun tushgan edik. Kutilmaganda o‘z xatolarimiz tufayli darvozamizdan ikkita to‘p olib chiqqanimiz, futbolchilarimizning ruhiyatiga ta’sir qildi. Qolaversa, bu o‘tkazib yuborilgan gollar murabbiylarimiz bellashuvdan oldin bizni oldimizga qo‘ygan rejalarni ham o‘zgartirib yubordi.
“Mash’al” biz kutganimizdan ham ancha yaxshi harakat qildi. Biz esa yaratilgan vaziyatlardan foydalanishda oqsadik. Bugungi natijada barchamiz aybdormiz.
Futbol bu ehtiroslarga boy sport turi, o‘yin so‘nggida biroz ehtiroslarga berilganim uchun muxlislarimizdan hamda raxbarlarimizdan uzr so‘rayman. Men qo‘qonlikman, shahrim sha’nini qanaqadir moddiy boylikka almashmayman. To‘g‘ri, o‘tkazib yuborilgan gollarda aybim bordir, lekin ataylab xech qachon gol o‘tkazib yubormayman. Men o‘z shahrim, o‘z mahallam va o‘z oilam sha’nini xech narsadan ustun qo‘ymayman. Biz bu mavsumda o‘z maydonimizda ikkita bahsda mag‘lub bo‘ldik. Endi qolgan o‘yinlarda faqat g‘alaba qozonishimiz shart.
Barcha muxlislarimizni xurmat qilaman. Bugungi uchrashuvda qilgan xatolarimizdan keyingi bahslarda to‘g‘ri xulosa chiqarib, muxlislarimizni albatta g‘alabalar bilan xursand qilamiz deb va’da beraman, - deydi darvozabon.

Fikrlar