Raqibimiz Janubiy Koreya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi 5 to‘purar

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2018 so‘nggi saralash raundidagi so‘nggi o‘yinini Janubiy Koreya termasiga qarshi o‘tkazadi. Biz esa mazkur terma safida eng ko‘p to‘p kiritgan 5 nafar futbolchi bilan sizlarni tanishtiramiz.

 4-5. Kim Jae Xan va Li Don Guk – 33 tadan gol

Kim Jae Xan “Osiyo yo‘lbarslari” safida 1979-1989 yillarda faoliyat yuritgan bo‘lib, 1986 yilgi Meksika mundiali ishtirokchisidir. Ushbu sobiq futbolchi terma jamoa libosida 33 ta gol kiritgadir. Buncha gol kiritish uchun unga 57 ta o‘yin kifoya qilgan.

Li Don Guk haqida esa ko‘pchilik muhlislarimiz yaxshi bilishsa ajab emas. Har xolda bu futbolchi ikki bor termamiz darvozasiga yo‘l topa bilgan. Braziliya mundial saralashining so‘nggi raundida Toshkentda Janubiy Koreya termasi bilan 2-2 hisobida durang o‘ynaganimizda, koreyaliklarning ikki golidan birini aynan mazkur futbolchi kiritgan edi. Bundan tashqari 2006 yilgi JCh saralashida ham ushbu hujumchi darvozamizni ishg‘ol etgan edi. Umuman 1998-2014 yillarda Janubiy Koreya termasida 103 ta o‘yinda maydonga tushgan Li Don Guk 33 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan.

3. Park Li Chun – 36 ta gol

Ushbu sobiq futbolchi 1969-1974 yillarda terma safida to‘p surgan bo‘lib, 88 uchrashuvda maydonga tushgan holda 36 bor raqib darvozasini ishg‘ol etishning uddasidan chiqadi. 1996-1997 yillarda Janubiy Koreya yoshlar(U20) termasida murabbiylik qilgan Park Li Chun shogirdlari bilan JCh da ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan.

2. Xvan Sun Xong – 50 ta gol

Xvan Sun Xong Germaniyada to‘p surgan koreyalik futbolchilardan biridir. Dastavval “Bayer”ning havaskorlar jamoasida to‘p tepgan futbolchi keyinchalik Germaniya ikkinchi Bundesligasining “Vuppertaller” jamoasida faoliyatini davom ettiradi. Futbolchilik faoliyatining qolgan qismini esa Osiyoda o‘tkazgan hujumchi 1988-2002 yillarda terma jamoaga chaqirilib kelinadi. “Osiyo yo‘lbarslari” safida 103 ta o‘yinda 50 ta gol kiritgan sobiq futbolchi 1988 yilgi Osiyo Kubogida kumush, 1990 yilgi Osiyo o‘yinlarida esa bronza medalini qo‘lga kiritadi. Darvoqe, 2002 yilgi Gus Xiddink boshqaruvidagi jamoa safida mundialda 4 o‘rinni egallaydi.

1. Cha Bom Gin – 55 ta gol

Koreya futbolining bosh to‘purari Cha Bom Gin faoliyatining katta qismini Germaniyada o‘tkazadi. “Darmshtadt”, “Ayntraxt Frankfurt” va “Bayer” jamoalari safida Bundesligada jami 308 o‘yinda maydonga tushib 98 ta gol uradi. 10 mavsum davomida bor yo‘g‘i bir bor hakam tomonidan ogohlantirilgani esa maqtashga arzigulikdir. Nemis klublari bilan ikki bor UEFA kubogida g‘olib bo‘lgan sobiq futbolchi terma jamoada 1972-1986 yillarda faoliyat ko‘rsatadi. Terma jamoa tarkibida 121 o‘yin o‘tkazgan Cha Bom Gin raqiblar darvozasini 55 bor aniq nishonga olgandir. Bu ko‘rsatkich bilan esa u terma jamoada birinchi o‘rinda turadi.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!