Husanov “Barsa”ga mos! “Barselona”da Husanov haqida bayonot berildi
“Barselona” klubining Manas (Qirgʻiziston) shahridagi akademiyasi murabbiyi, oʻzbekistonlik mutaxassis Rafael Muslimov Angliyaning “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanovning kataloniyaliklar jamoasida oʻynab ketish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
“Husanov Kataloniya futboliga toʻliq mos keladi. Unda Xosep Gvardiola himoyachilarda yuqori qadrlaydigan sifatlar bor: tezlik, kuch, agressivlik, futbol intellekti va oʻrganish qobiliyati.
Shuning uchun u Pepning muhim qurolga aylandi. Gvardiola uning kuchli tomonlarini tushunadi va ulardan oʻz tizimida qanday foydalanishni biladi.
Bunday tizimda himoyani sugʻurtalash, raqibga yetib olish, kurashga kirishish va boʻsh hududlarni yopish uchun tezlik kerak boʻladi. Husanovda bularning barchasi bor. U tezligidan toʻpni olib qoʻyish, bosim oʻtkazish va hujumlarga qoʻshilish uchun foydalanishi mumkin.
Gvardiola uchun, umuman olganda, “Barselona” modeli uchun ham himoyachi oʻyinni tushunishi kerak: hujum rivojini oldindan koʻra bilishi, toʻgʻri pozitsiya tanlashi va bosim ostida qaror qabul qila olishi lozim.
Agar Pep Husanovni aqlli va tez oʻrganadigan futbolchi desa, demak u Abduqodir timsolida oʻz modeliga mos ravishda rivojlantirish mumkin boʻlgan oʻyinchini koʻryapti. Demak, Abduqodir Kataloniya klubiga ham moslasha olgan boʻlardi”, - dedi Muslimov Eurasia Football nashriga bergan intervyusida.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 22 yoshli himoyachisi “shaharliklar” safida ikkinchi mavsumini oʻtkazmoqda.
Husanov 2025 yil yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan 40 million yevroga sotib olingan edi. Abduqodir qisqa fursatda Xosep Gvardiola jamoasining asosiy figuralaridan biriga aylandi va himoya chizigʻida yetakchi ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga Yevropa matbuoti oʻzbek futbolchisini “Chelsi”, “Real”, “Barselona” va “Bavariya” kabi grand klublar nazarida ekani haqida ham yozmoqda.

Fikrlar