Ronaldu bilan uchrashuv, tanqidlar, Frantsiya orzusi yoxud Sardor Rashidov bilan suhbat

  • 10 may, 2018, 23:39
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbolimizning bugungi kundagi yulduzlaridan biriga aylangan Sardor Rashidov joriy mavsumni o‘zimizning “Lokomotiv”da boshlaganini yaxshi bilasiz va bu klub uning uchun vaqtinchalik ekanligi borasida ham ko‘p aytilmoqda. Boisi, u yozda xorijga ketishi mumkinligi oldindan aytib kelinayotgandi. Sardorning “Loko”dagi ishlari yaxshi boshlandi deb aytish qiyin. Unga nisbatan tanqidlar ham ko‘p bo‘ldi. Lekin asta-sekin u yana o‘z o‘yinini ko‘rsatishni boshladi. Harqalay Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi uchrashuvda Rashidov ikkita gol urdi. Biz u bilan qator masalalarda suhbatlashish niyatida edik va shu maqsadda Farg‘onaga borib o‘yinni kuzatdik. Bellashuvdan so‘ng futbolchi taklifimizga ijobiy javob qaytardi.

Tecno

“Lokomotiv”ga moslashishim qiyin bo‘ldi”

- Oxirgi  yillarda arab chempionatida to‘p surib ancha ko‘nikmaga ega bo‘lgandingiz. Ma’lum tanaffusdan keyin O‘zbekiston chempionatiga qaytib keldingiz. Yangilangan Superligaga moslashish siz uchun qanday o‘tdi?

- O‘zbekiston chempionatida ikki yil oldin o‘ynagandim, u paytda nomi oliy liga edi. Albatta, bungacha arab chempionatida o‘ynab u erga ancha moslashib qolgandim. Tan olishim kerakki, O‘zbekiston chempionatiga ko‘nikishim biroz qiyinroq kechdi. “Lokomotiv” amaldagi chempion jamoa. Baribir bu klubdagi maqsad boshqacha bo‘ladi. Dastlabki 3-4 ta turda o‘zimni ko‘rsatishim qiyinlashdi. Endi esa mavjud qiyinchiliklar ortda qoldi deb o‘ylayman. 

- To‘g‘ri, “Lokomotiv”ga moslashishingiz oson bo‘lmadi. Qolaversa, sizni hamma biladi va o‘z o‘yiningizni ko‘rsata olishingizga ishongan holda e’tibor kuchliroq edi. O‘yiningiz chiqmayotgan paytda sizga nisbatan tanqidlar ham, salbiy fikrlar ham bildirildi. Shunday vaziyatlarda o‘zingizni qanday tutdingiz? Umuman, bu holatdan qay tariqa chiqib ketdingiz?

- To‘rg‘i, ayrim jurnalistlar menga shaxsiyatga tegadigan savollarni berishdi, bu menga yoqmadi. Bunday paytda doim o‘zimni qo‘lga olishga harakat qildim. Balki ular uchun bunday mavzuda so‘z ochish plyus bo‘lar, bunisi menga qorong‘u. Nima bo‘lganda ham savollarga professional nuqtai nazaridan javob berishga harakat qildim. Mana, asta-sekin o‘z o‘yinimni ko‘rsatishga harakat qilyapman. 

- Chempionatimizdagi o‘zgarishlar katta va bo‘lib o‘tgan voqelardan keyin bu futbolimizga chindan ham e’tibor yuqoriligidan darak beradimi yoki boshqa sababi ham bormi?

- Bu faqat chempionatimiz kuchayganidan darak beradi. “Lokomotiv”ni 7-8-o‘rinlarda bo‘lishini hech kim o‘ylamagandi. Bu esa O‘zbekistonda futbol kuchayib borayotganini ko‘rsatib turibdi. Chunki “Lokomotiv”dan tashqari boshqa klublar ham kuchayishgan. To‘g‘risi, yangilangan format menga yoqdi. Endi barcha klublar bor kuchlari bilan o‘ynashyapti. 

- Chempionatimiz va klubga moslashib olayotganingizga Farg‘onadagi o‘yinda guvoh bo‘ldim. “Lokomotiv”da ham salbiy natijadan ko‘ra ijobiy natijalar kuzatilyapti. Qolaversa, bosh murabbiy almashib, Andrey Miklyaevning o‘rnini Andrey Fyodorov egalladi. Jamoadagi voqealar rivojini yaxshi bilgan o‘yinchi sifatida bu haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Balki murabbiy almashganidan keyin o‘yinimiz yanada kuchaygandir. Lekin men bu masalada bir narsa deya olmayman. Chunki o‘zim ham bu klubga yangi kelganman. 2-3 yildan beri o‘ynayotgan bo‘lganimda aslida nima bo‘layotganini aytib berishim mumkin edi. “Lokomotiv”ga kelganimga hali uch oy bo‘lgani yo‘q. Rosti, o‘zgarishlarga e’tibor berganim yo‘q va boshimni ham qotirmadim (kuladi). Klubdagi boshqa ishlarga aralashish niyatim ham, xohishim ham yo‘q. Men futbolchiman, asosiy ishimiz maydonga tushib jamoamizning g‘alabasiga hissamizni qo‘shishimiz kerak.

“Frantsiyadan taklif bo‘lsa, ko‘zimni yumib ketaman”

- “Lokomotiv”ga yarim mavsum uchun kelgandingiz va birinchi davra ham tugab boryapti. Shunday ekan, siz bilan bog‘liq holatdagi voqealar rivojining qanday ko‘rinish olishi bizni qiziqtiryapti.

- To‘g‘risini aytsam, men kutyapman. Frantsiyadagi murabbiyim – Sabri Lyamushi menga yozgacha kutishimni aytgandi. Buni hech kimdan berkitmayman. Lekin bu masala 100 foizga hal bo‘ldi degani emas. Frantsiyaga borarman, balki bormasman. Hammasi Xudodan. Lekin boya aytganimdek, Lyamushi menga yozgacha kutib turishimni aytgan. 

- Demak, siz ushbu murabbiy bilan aloqani saqlab kelyapsiz, to‘g‘rimi?

- Ha, u bilan doimiy ravishda aloqada bo‘lib turibman. 

- Shu bilan birga sizga yana arabning etakchi klublaridan takliflar bo‘layotgani haqida eshitdim...

- Ha, takliflar bo‘lyapti. Ammo bu baribir arab jamoalari-da. Agar Frantsiyadan chorlov bo‘lsa, ko‘zimni yumib ketardim. Agar Frantsiya varianti amalga oshmaydigan bo‘lsa, bilmadim nima bo‘larkin?! Balki yana arab chempionatiga qaytarman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. 

- Arab chempionatida o‘ynab sizda ikki xil taassurot qoldirdi. Qatarda ijobiy, BAAda esa salbiy. Ya’ni, bunday plyus va minuslari evaziga sizda u erga borishda ikkilanish paydo bo‘lyaptimi?

- Rosti, arab chempionatiga borish uchun oldingidek xohishim yo‘q. Chunki u erning futbolini borib ko‘rdim. Shuning uchun endi Evropa chempionatini ko‘rish niyatim bor. To‘g‘risi, bu boradagi ishtiyoqim kuchli. 

- “Renn” klubidan tashqari Evropaning yana boshqa klublaridan takliflar bo‘ldimi?

- Hali 100 foizli taklif bo‘lgani yo‘q. Ammo “Lokomotiv”ga kelmasimdan oldin bir-ikkita takliflar bo‘lgandi.

- Muzokaralar “o‘xshamagan”midi?

- Yo‘q, muzokaralar “o‘xshagan”-u, ammo Evropaning kuchli beshligidagi jamoalardan emasdi. Shunchaki, takliflar Evropa degan nomi bor bo‘lgan klublardan edi va bu o‘rtamiyona sanalardi. Masalan, menga murabbiylik qilgan Lyamushining jamoasi Frantsiya chempionatida 5-o‘rinni egalladi. 

- Ikkinchi davrani yana “Lokomotiv”da o‘tkazishingiz mumkinmi? Yoki bu oxirgisimi?

- Bir narsa deya olmayman. Hamma narsa bo‘lishi mumkin.

“Bunday guruhdan chiqmasak bo‘lmaydi”

- Yaqinda kelasi yili BAAda o‘tadigan Osiyo Kubogiga ham qur’a tashlandi va unga ko‘ra terma jamoamiz “G‘” guruhida Yaponiya, Ummon hamda Turkmaniston termalari bilan kuch sinashadi. Sizning qur’a haqidagi fikringiz qanday?

- “Neftchi”ga qarshi o‘yindan keyin qur’a tashlash marosimini kuzatdim. To‘g‘risini aytsam, qur’a menga yoqdi. Bunday guruhdan chiqishimiz shart. Xudo xohlasa, biz o‘zimizni ko‘rsata olamiz. Bunday guruhdan chiqmasak bo‘lmaydi. Bizga asosiy raqobatchi – bu Yaponiya. To‘g‘ri, qolgan ikki jamoa ham raqib. Ammo bizning darajamizdagi termalar deb o‘ylamayman. Ha, har qanday raqibni hurmat qilaman. Nima bo‘lsa ham harakat qilib keyingi bosqichga chiqishimiz kerak. 

- Hamma terma jamoamizga keladigan yangi bosh murabbiyni kutyapti. Bizga qanday mutaxassis zarur deb o‘ylaysiz? Umuman, bu boradagi qarashlaringiz qanday?

- Qo‘ying, bu haqida muhokama qilmaylik. Hozir buning mavridi emas. Aytadigan gapim kimgadir yoqishi yoki kimgadir yoqmasligi mumkin. 

“Ukalarim mendan ham kuchli futbolchi bo‘lishlarini istayman”

- Rashidovlar oilasini futbolchilar oilasi deb ayta olamiz. Ukalaringiz – Sanjar bilan Sahob ham asta-sekin muxlislar orasida tanilib borishyapti. Ayniqsa, kenja ukangiz Sahobning “So‘g‘diyona” safidagi debyut o‘yinida “Nasaf”ga gol urgani e’tiborli bo‘ldi.

- Kenja ukam o‘sha “Nasaf” – “So‘g‘diyona” uchrashuvidan bir kun oldingi o‘rinbosarlar bahsida ham zaxiradan maydonga tushdi. U paytda jamoasi 2:0 hisobida yutqazayotgandi va Sahob o‘yinga qo‘shilib ikkita gol urgandi. Shundan keyin murabbiylar uni asosiy o‘yin uchun zaxirada olib qolishgan. Asosiy bahsda zaxiradan maydonga tushib, gol urishga muvaffaq bo‘ldi va jamoasiga muhim g‘alabani keltirdi. Uning bu harakatidan o‘zim ham xursand bo‘ldim. Ukalarim mendan ham kuchli futbolchi bo‘lishishlarini niyat qilaman. Sanjar “Nasaf”dan “So‘g‘diyona”ga qaytib keldi. Rahbarlar klub oldiga kuchli oltilikka kirish maqsadini qo‘yishgan. Shu bois ukamni yana chaqirib olishdi. Sanjarga o‘zim ham Jizzaxga qaytib “So‘g‘diyona”ga yordam berishini so‘radim. Nasib qilsa, aka-ukalar birgalashib “So‘g‘diyona”ga ko‘maklashishadi. 

- Darvoqe, Sanjar Rashidovni “Nasaf”dan ketgani sizni ranjitmadimi?

- Yo‘g‘-e, bu – futbol-ku! Nega ranjitar ekan? Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

- Ukalaringiz bilan gaplashganimizda ikkalasi ham asosan sizga intilishayotgani haqida ko‘p gapirishadi...

- Nima maslahat berishim mumkin? Ular bilan ko‘p vaqt birga bo‘la olmayman. Ikki yil davomida arab chempionatlarida o‘ynab O‘zbekistonga endi qaytib keldim. Hozirda esa Toshkentdaman, ukalarim esa Jizzaxda. Ularga maslahatim faqat harakat va mehnat qilishlari kerak. Bu darajada qolib ketmasliklari lozim. Maydonga tushganida o‘z faolliklari bilan ajralib turishlari kerak. Ana shunda o‘sish bo‘ladi deb o‘ylayman. Hamma qatori bir xil o‘yin ko‘rsatsa, unda futbolchi sifatida o‘sa olmaydi. Futbolchi maydonda nimasi bilandir ajralib turishi darkor. O‘yini, zarbasi yoki texnikasimi, xullas u boshqalardan farqlanib turishi muhim deb o‘ylayman. O‘rtamiyona bo‘lib yuraversa, 35 yoshga kelib faoliyatini tugatadi va uni hech kim eslamaydi ham. Bizning qo‘limizdan faqat futbol o‘ynash keladi xolos. Bundan boshqa qiladigan ishimiz ham yo‘q. Futbolchi bo‘ldikmi, uni mahkam ushlashimiz shart. Ularga shu gaplarni aytgan bo‘lardim.

“Al Jazira”da meni aldashdi”

- Chempionatimizga qaytdingiz va o‘zingizni ko‘rsatishingizga endi hech nima halaqit qilmayaptimi?   

- Yo‘q, hech nima to‘sqinlik qilmayapti. Boshida ozgina o‘zimda tushkunlik bo‘ldi. Ikki yil mobaynida Qatarda yaxshi o‘yin ko‘rsatdim. Yarim himoyachi sifatida Lyamushining qo‘li ostida o‘ynab 30 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldim. Chunki u erda o‘zimni yaxshi his qilardim. BAAning “Al Jazira” klubiga o‘tganimdan so‘ng olti oy o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Jamoa bilan o‘rtamizda tushunmovchilik bo‘ldi. To‘g‘risi, “Al Jazira”da meni aldashdi. Natijada o‘rtaga sovuqchilik tushdi. Keyin meni ham bu jamoada futbol o‘ynagim kelmadi. Buning uchun ishtiyoqim ham qolmagandi. Axir sizni aldasa, ishlagingiz ham kelmay qolar ekan. O‘sha voqealarni o‘ylab olti oy tushkunlikda yurdim va shu asnoda “Lokomotiv”ga o‘tdim. Shuning uchun boshida yangi jamoamga 100 foiz qo‘shilib keta olmagandim. Endi bo‘lsa vaqt o‘tgan sari o‘z darajamga qaytib boryapman. 

- “Al Jazira”dagi xotiralaringizni unutib yubordingizmi?

- “Al Jazira”ni eslagim ham kelmaydi. U erdagi xotiralarimni xayolimdan o‘chirib yuborgim keladi. Agar u erni o‘ylasam yana orqaga qarab ketishim mumkin. U erda birgina meni emas, boshqa futbolchilarni ham aldashgan. Boshida ushbu klubga o‘tib xato qildimmi, bilmayman. 

“Ronaldudan futbolkasini so‘ragandim”

- Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida sizni maydonga tushishingizni intizorlik bilan kutgandik. Lekin murabbiy buni sizga ravo ko‘rmadi. Asosan zaxirada qolib ketaverdingiz. Ammo ushbu o‘yinlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Undagi muhit qanday edi?

- Yaxshi taassurot qoldirdi. Rosti, finalda “Real”ga qarshi o‘yinni maza qilib tomosha qildim. Futbol yulduzlarini yaqindan ko‘rish baribir boshqacha bo‘lar ekan. Bu boshqa futbol. O‘sha o‘yinda “Al Jazira” g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Lekin “Real” oxirgi daqiqalarda bizdan g‘alabani tortib olgandi. 

- O‘yindan keyin “Real” yulduzlari bilan suhbatlashish uchun imkon bo‘lganmidi?

- Ha, o‘yindan keyin Ronaldu bilan gaplashdim. Krishtianuning hol-ahvoli bilan qiziqdim va so‘ngra futbolkasini o‘zimga olishimni so‘radim. Lekin futbolkasini so‘rashimdan oldin bu menga nasib qilmasligini bilib turgandim. Chindan ham mendan oldin boshqalar so‘rab bo‘lgan ekan. Shuning uchun Ronaldu menga to‘g‘ri tushuntirdi va sendan oldin boshqa o‘yinchi so‘ragandi dedi. Rostini aytsam, rasmlarda va televizorlarda juda baquvvat ko‘rinadi. Lekin yaqindan qaraganimizda o‘zimizni oddiy yigitlar kabi. Hatto, yakkama-yakka suhbatimizda uning elkasi menikidan biroz pastroqdek tuyuldi. 

“Real” “Liverpul”dan kuchli”

- “Real” sevimli klubingizmi?

- “Real” yoki “Barselona”ni ajratmayman. Yaxshi futbolga muxlisman. Bilasizmi, “Real” klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini osonlik bilan qo‘lga kiritgandi. Ular 100 foiz bor kuchi bilan o‘ynashmagan. 

- Chempionlar ligasida “Real” bilan “Liverpul”ning imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Finalda “Real”ni favorit deb o‘ylayman. Lekin “Liverpul” ham kuchli raqib. Qani ko‘ramiz, nima bo‘larkin? Ammo “Real” kuchliroq. 

- Jahon chempionatida kimga muxlislik qilasiz?

- Argentinaga. 

- Messi borligi uchunmi?

- Ha, shunday.

- U holda siz uchun kim kuchli: Messimi yoki Ronaldumi?

- Hech birini tanlamayman. Ikkalasi ham men uchun bir xil.

- Muxlislaringizga nima degan bo‘lardingiz?

- Bu yil stadionlarda muxlislarning soni ancha ko‘paydi. Jamoalarini qo‘llab-quvvatlab futbolimizning yanada rivojlanishiga yordam berishsin. Ishqibozlardan ko‘p narsani kutsa bo‘ladi. Har bir stadion muxlislar bilan to‘lsa, bunday futbol boshqacha bo‘ladi. BAAda bo‘ladigan Osiyo Kubogida yaxshi ishtirok etib, televizorda ko‘rgan Kubokni O‘zbekistonga olib kelishimizda ularning qo‘llab-quvvatlashi bizga juda muhim. 

Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!