
Sadirin bilan samolyotdagi suhbat, TsSKAdagi hayoti, murabbiylarning til bilmasligi... Yoxud Davron Fayziev bilan ochiq suhbat
Davron Fayziev – bu futbolimizdagi taniqli nomlardan biri desak aslo mubolag‘a qilmaymiz. Jizzax futboli tarbiyalanuvchisi hisoblangan Davron o‘z vaqtida kuchli futbolchilarimizdan biri bo‘lgandi. U milliy terma jamoamizning ham ishonchli himoyachisi sanalardi. Hozirgi kunda murabbiylik bilan shug‘ullanayotgan Fayziev hayotda ko‘p narsalarni ko‘rdi. O‘z vaqtida Rossiyaning etakchi klublaridan biri – TsSKA safida ham to‘p surganini yoshi ulug‘ muxlislarimiz yaxshi bilishadi. Hozirgi kunda murabbiylik bilan shug‘ullanib, “Dinamo”ni boshqarib kelayotgan mutaxassis bilan ko‘plab qiziqarli mavzularda suhbatlashish mumkin. Chunki yuqorida aytganimizdek, u ham futbolda ko‘pni ko‘rgan. Shu sababli kuni kecha Davron Oripovich bilan uchrashdik va bir qator qiziqarli mavzularda suhbatlashdik. Aytish mumkinki, Fayziev bir qator masalalada ochiq va dangal gapirdi va shu bilan birga o‘tmishini ham eslab o‘tdik.
“Har bir murabbiyning asosiy faoliyati 40 yoshdan keyin boshlanadi”
- Futbolchi Davron Fayziev va murabbiy Davron Fayziev o‘rtasidagi tafovut qanday?
- To‘g‘risi, er bilan osmoncha farqi bor. Aytishim mumkinki, futbolchilik faoliyati bilan murabbiylik faoliyati boshqa-boshqa kasb hisoblanadi. Solishtirish uchun aytamanki, futbolchilik faoliyati ancha oson. U o‘z klubida yaxshi o‘yin ko‘rsatishi, etakchilardan biriga aylanishi, terma jamoada to‘p surishi kabi maqsadlariga ega bo‘ladi. Murabbiyning esa omadli bo‘lishi faqat o‘ziga bog‘liq. Futbolchidagi bosim faqat maydonda bo‘ladi. Murabbiylik faoliyati davomida esa u futbolchilarni o‘ziga ishontira olishi, rahbarlarning ishonchini qozonishi, o‘ziga yarasha ruhshunos va o‘qituvchi bo‘lishi kerak. Muhimi, murabbiy futbolchilarni o‘z so‘ziga ishontira olishi lozim. Murabbiyning yo‘nalishi juda og‘ir. Italiyalik Paolo Maldini men murabbiy bo‘lishni xohlamayman, chunki uning faoliyati og‘ir bo‘ladi deb intervyu bergandi. Qandaydir Maldinining o‘sha gaplari miyamda saqlanib qolgan. O‘z faoliyatimdan kelib chiqadigan bo‘lsam, chindan ham u to‘g‘ri gapirgan ekan. Lekin bosh murabbiylik har kimga ham nasib qilavermaydi. Biroq o‘ziga ishongan murabbiy qaerga bormasin doim mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishga jur’ati etadi. Masalan, “Dinamo”da ish boshlaganimda ham mas’uliyatni zimmamga olishdan qo‘rqqanim yo‘q. Chunki men bu yo‘lni bosib o‘tganman. Agar mendan 20 yil oldin keyinchalik kim bo‘lishni istardingiz deb savol berishsa ham qo‘rqmasdan murabbiy bo‘laman deb aytgan bo‘lardim. Chunki futbolsiz hayotimni tasavvur qilishim qiyin. “So‘g‘diyona”dagi faoliyatimni tugatganimdan keyin o‘zimni biznes, rahbarlik yoki tadbikorlik sohasida tasavvur qila olganim yo‘q. Doim futbol olamida yashadim.
- Sizning futbolchilik va murabbiylik faoliyatingiz o‘rtasidagi yana bir farq bor. Ya’ni, futbolchi Davron Fayziev murabbiy Davron Fayzievdan ko‘ra mashhurroq edi. Chunki siz futbolchi sifatida ko‘proq natijalarga erishgansiz, yutuqlaringiz ko‘p bo‘lgan. Murabbiylikda esa hozircha kamtarona bo‘lib ko‘rinyapsiz.
- Har bir futbolchi milliy terma jamoaning libosini kiyishni orzu qiladi. Qisqa qilib aytganda, oddiy askar ham general bo‘lishni orzu qiladi. Futbolchilikda terma jamoada va legioner bo‘lib o‘ynasam degan, maqsadlarim bor edi va bularga erishganman. Murabbiylikda ham maqsadlarim katta. Ammo buning uchun sabr kerak. Tan olaman, hozircha menda murabbiy sifatida qo‘lga kiritilgan tuzukroq natijalar yo‘q. “So‘g‘diyona”da olti yil ishladim. U erda qiyin sharoitda ishlaganimni hamma biladi. Lekin Jizzaxda futbol bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Bu erdan etishib chiqqan futbolchilarga qarang. Davron Fayziev, Jasur Hasanov, Sardor Rashidov...demoqchimanki, o‘ziga xos an’ana davom etyapti. Hozirgi kunda Aziz G‘aniev, Sharof Muhitdinov kabi futbolchilarni ham aytishim mumkin. Ular ham Jizzax futboli tarbiyalanuvchilaridir. “So‘g‘diyona”da ancha vaqt to‘p surganimdan keyin birinchi marta boshqa jamoa sifatida Samarqandning “Dinamo” klubiga o‘tgandim. Samarqand hayotimda o‘chmas iz qoldirgan. Rossiyada o‘ynagan vaqtimda “Sport Ekspress”, “Sovetskiy sport” gazetalariga intervyu berganimda ham Samarqand klubidan dunyoga tanildim deb aytgandim. Murabbiylik faoliyatim ham shunga to‘g‘ri kelgani uchun “So‘g‘diyona”dan keyin aynan Samarqandni tanladim. Futbolchi sifatida “Dinamo” orqali tanilgan bo‘lsam, endi “Dinamo”da murabbiy bo‘lib tanilish niyatim bor. Bu orzuim qanchalik amalga oshishini Xudo biladi. Ammo shunga yarasha mehnat qilsak, mukofotini beradi. Har bir murabbiyning asosiy faoliyati 40 yoshdan keyin boshlanadi. Beshikdan to qabrgacha ilm izla degan gap bekorga aytilmagan. Murabbiy ham har qachon o‘qib o‘rganishdan to‘xtamasligi kerak. Chunki har doim zamon talabi bilan yashashishimiz kerak. Masalan, men taniqli futbolchi bo‘lganman, MHSK yoki boshqa klublarda o‘ynaganman deb o‘tmishim bilan yashasam, bu mening xatoim. Lekin ishlayotgan joyingizda o‘sha erdagi sharoitga ko‘nikishingizga majbursiz. Shunga yarasha jamoa yig‘asiz. Ammo hozirda zamon bilan hamnafas bo‘lishimiz darkor.
“Sadirinning taklifini qabul qilmaslik katta xato bo‘lardi”
- Rossiyaning TsSKA klubida o‘ynagan paytingizda sizga adashmasam o‘tib bo‘lmas devor deb nom berishgandi. Umuman, o‘sha paytdagi xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- U paytlarda internet yoki ijtimoiy tarmoqlar urf bo‘lmagandi. Asosan gazeta va jurnallarni o‘qirdik. To‘g‘ri, TsSKAda o‘ynaganimda menga o‘tib bo‘lmas devor va Osiyo yo‘lbarsi deb ta’rif berishgandi. Mirjalol Qosimov o‘ynaganida ham unga nisbatan standartlar qiroli deb nom berishgan. Menga ishongan odamlarning ishonchini qozonish maqsadim bo‘lgan. TsSKA bilan shartnoma tuzishdan oldin uning “Uralan”ga qarshi o‘yinini stadionda ko‘rgandim. O‘yindan keyin atrofdagi odamlar menga o‘yinni ko‘rding, qanday taassurotdasan deb savol berishganida, maydonda o‘ynagan futbolchilardan iqtidorim ko‘p bo‘lsa ko‘pki, ammo aslo kam bo‘lmaydi deb javob bergandim. O‘sha gapimni isbotlash uchun esa mashg‘ulotlarda ko‘proq ishlashim kerak edi. Ammo Rossiyada legionerlarni tanlash borasida doim tanlov katta bo‘lgan. Chunki u erda dunyoning istalgan mamlakatidan futbolchilar bo‘ladi. Ularga qaraganda esa har doim osiyoliklarning reytingi pastroq yuradi. Ammo ko‘plab legionerlarning orasida aynan sizga ishonch bildirishyaptimi, demak, ularning ishonchini qozonishga majbursiz va bu shart. Shunchaki, murabbiyning e’tibori menga tushib qolgan va bu xuddi baxtli voqeadek edi. O‘zbekiston milliy terma jamoasiga rossiyalik marhum mutaxassis Pavel Sadirinni bosh murabbiylikka taklif qilishgandi. O‘sha paytda O‘zbekiston futbol federatsiyasining prezidenti Zokirjon Almatov edi. Rahmatli Mahmud Rahimov esa futbolimizning rivoji uchun ajoyib g‘oyalari bor edi va Sadirin ham uning g‘oyalaridan biri edi. Masalan, meni 1999 yilgacha aksariyat muxlislar yaxshi bilishmasdi. U paytda tarkib kuchli edi. Mirjalol Qosimov, Maksim Shatskix, Sergey Lushan, Andrey Fyodorov, Baxtiyor Qambaraliev, Baxtiyor Ashurmatov, Rustam Shoymardonov, Otabek Pirmatov, Ja’far Irismetov, umuman bunday futbolchilar ko‘p. Bizga berilgan imkoniyatdan foydalanib qolganmiz. Sadirin kelganidan so‘ng Samarqandda Ozarbayjon va Malayziyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazgandik. O‘sha o‘yinlardan so‘ng Tailandga uchib ketdik. U erda to‘rt kun ichida ikkita o‘yin o‘tkazishimiz kerak edi. Xullas, u erdan qaytayotganimizda samolyotda Sadirin bilan suhbatimiz bo‘ldi. U menga Rossiyada o‘ynashni xohlaysanmi, bunga tayyormisan deb so‘radi. Bungacha Rossiyaning biror-bir klubida ko‘rikdan o‘tmaganman dedim. Murabbiyga esa agar imkon bo‘lsa borib kuchimni sinab ko‘rishga tayyorman dedim. Tailanddan uchib kelganimizdan keyin Pavel Sadirin bir hafta o‘tib TsSKAning bosh murabbiyi etib tayinlandi va meni o‘z jamoasiga chaqirdi, ammo bu taklifni kutmagandi. Ammo samolyotdagi suhbatimizning asl negizi boshqa bo‘lgan ekan. O‘sha paytda “Torpedo-ZIL” jamoasini boshqarayotgan Boris Ignatev Sadirining yaqin do‘sti bo‘lgan. Shu bois Sadirin meni aslida ushbu klubga ko‘rikka yuborishni mo‘ljallagan ekan. Lekin keyinchalik voqealar rivoji o‘zgarib ketgach, o‘sha paytda “Samarqand” jamoasi bosh murabbiyi Hakim Fuzaylovga Sadirin qo‘ng‘iroq qilib, Davronni bizga tezda yuborishingni iltimos qilaman degan. Shundan keyin Moskvaga darhol jo‘nab ketganman. Shu bilan mening faoliyatimda yangi sahifa ochilgan. U paytda Shirshov, Akopyants, Qosimov, Bugalo, Lushan, Fyodorov kabi futbolchilarimiz Rossiyada to‘p surishardi.
- O‘sha paytda TsSKAdagi yaqin do‘stlaringiz kimlar edi?
- Xohlaysizmi-yo‘qmi, rus futbolida tanish-bilishchilik hech qachon rol o‘ynamaydi. U erda reytingizga, o‘yiningizga qarab ish haqi belgilanadi. Men u erga shaxsan bosh murabbiyning taklifiga binoan borgandim. Shu bois jamoa meni yaxshi kutib olgan. Hozirda “Zenit” jamoasini boshqarayotgan Sergey Semak bilan birga o‘ynaganman. Qolaversa, Dmitriy Xomuxa, Valeriy Minko, Oleg Kornouxov, Vladimir Kulik, Maksim Bokov va yana boshqa futbolchilarni aytishim mumkin. Aksariyatimiz tengqurlar edik. Xomuxa bilan Minko biroz kattaroq edi. Bilasizmi, o‘sha paytda Semakning qilayotgan mehati va mashg‘ulotlardagi harakatlaridan hayratda qolganman. U shunchalik professional ediki, Rossiyaga borib birinchi marta haqiqiy professionallikni ko‘rganman. Keyinchalik TsSKAga Ignashevich, Randjelovich, aka-uka Berezutsikylar kelib qo‘shilishgandi. Baribir o‘shanda ham Osiyo va Evropa futboli o‘rtasida yaxshigina tafovut sezilardi. To‘g‘risi, u erda mashg‘ulotlar paytida maydon chetida qator afrikalik futbolchilar o‘z agentlari bilan kutib turishadi. Bunday paytda bosh murabbiyning o‘ziga sizga ishonch bildirib, qo‘lingizga shartnoma taklif qilyaptimi, bunday imkoniyatdan foydalanmaslik katta xato bo‘lardi.
“Qosimov, Shkvirin, Abduraimov kabilar boshqa dunyo”
- O‘zingiz aytganingizdek, haqiqiy professionallikni Rossiyada ko‘rgansiz. Xo‘sh, hozirgi paytda o‘zimizdagi o‘yinchilarni ham chinakam professional deya olasizmi?
- Kim legioner maqomida o‘ynagan bo‘lsa, o‘shalarda professionalik ko‘proq ko‘rinadi. Masalan, Aziz Haydarov, Sardor Rashidov, Temurxo‘ja Abduholiqov, Odil Ahmedov, Anzur Ismoilov, Egor Krimets kabilarda professionallik darajasi hozirgi kunda ham ko‘proq seziladi. Lekin biz buni yoshlarimizga hozirdan o‘rgatishimiz kerak. Hayotda har doim ham pul muammoni hal qilavermaydi. Qaerdadir shirin so‘z yoki e’tibor muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Professional deganda, avvalo siz o‘sha yuqori darajaga chiqdingizmi, undan pastlamasligingiz kerak. Oldin o‘ynab nom qozongan Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov kabi futbolchilarni olaylik, ular bilan gaplashsangiz xuddi boshqa dunyo! Ular bizdan ham oldin ko‘rishgan. Legioner – bu musofir degani hamdir. Aktyor sahnaga chiqqanda o‘z rolini yaxshi o‘ynashi kerak bo‘lganidek, futbolchilar ham xuddi aktyorlar kabidir. Maydonga tushganda muxlislarga yoqadigan futbol ko‘rsatish lozim. Ammo hozirda barcha futbolchilarimizda professionallik kamdan-kam kuzatilyapti. Mana, milliy terma jamoamizga Ektor Kuper bosh murabbiy bo‘lib keldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi professional darajada ishlayotganini shundan ham bilish mumkin. Lekin birdaniga murabbiydan natija kutish noto‘g‘ri. Dunyoning eng oldi murabbiyini, masalan Gvardiolani olib kelsangiz u ham birdaniga jamoa tuzib bera olmaydi. Chunki murabbiy har bir futbolchini oddiy mayda detallarigacha o‘rganib chiqishi darkor. Xarakteri, yugurishi, nimaga qiziqishi, yurish-turishi, umuman hammasini o‘rganishi kerak va shunga yarasha o‘zi uchun o‘yinchi tanlaydi. Hammamiz – muxlislar, jurnalistlar ham murabbiyni qo‘llab-quvvatlashimiz shart. Asosiy maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish. Aynan shu muddatgacha milliy terma jamoani yuqori saviyaga olib chiqa olishi lozim. Ammo har bir o‘yin uchun natija talab qilinayotgan bo‘lsa, u holda bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Agar uy qursangiz uning poydevorini o‘rnatmay turib darhol tomini yopib olmaysiz-ku! Biz murabbiylar Kuperning tajribasidan, ilmidan “o‘g‘irlashimiz” kerak. Hozirgi paytda yosh futbolchilar katta jamoalarga kirib kelganda oqsoqlanib qolishmoqda. Ular murabbiy talab qilayotgan narsani yoshligida ko‘rishmagan, o‘rganishmagan. E’tibor bering, o‘smirlarimiz va yoshlarimiz mundiallarda qatnashishdi-yu, biroq milliy terma jamoaga kelganda o‘sha bolalar futbolchi sifatida o‘smay qolishdi. Shuning uchun Kuperdan o‘rganib yoshlarimizga o‘rgatishimiz lozim.
“Murabbiylarni ham agenti bo‘lishi kerak”
- Siz uchun O‘zbekistonda ishlayotgan qaysi murabbiy kuchli va uni o‘zingiz uchun namuna sifatida ko‘rsata olasiz?
- Hozirgi kunda Mirjalol Qosimov bilan Ro‘ziqul Berdievning olib borayotgan ishlariga yuqori baho beraman. Chunki ularning jamoalari bir xil o‘yin ko‘rsatyapti. To‘g‘ri, kimdadir o‘sish yoki pasayish bo‘ladi. Ammo umumiy ma’noda qaraganda, ikkala murabbiy ajoyib tarzda ishlashmoqda. Masalan, Ro‘ziqul aka Demyanenkodan qolgan qandaydir sir-asrorlarini o‘zida saqlab qolgan va uni o‘z jamoasida mujassamlashtirgan. “Nasaf” OFK Kubogini o‘zidan-o‘zi qo‘lga kiritgani yo‘q. Oxirgi paytlarda “Nasaf”dan nechta futbolchi ketdi? Ammo hali ham o‘yin sifati, taktikasi o‘zgarmagan va baribir barqarorlik bor. Mayli, hozirda natija yo‘qdir, biroq o‘yin borasida tahlil qilsangiz, “Nasaf”da barqarorlik bor. Mirjalol aka ham o‘zi uchun Skolari va Zikodan nimalarnidir “o‘g‘irlagan”. Shuningdek, turkmanistonlik Tachmurod Agamurodovga ham hurmatim baland. O‘z vaqtida birga ishlaganman, ustoz deb hisoblayman. U o‘zbek futboliga yangilik olib kirgan. “Milan”da amalaka oshirib, buni “Paxtakor”da qo‘llagan. Baribir murabbiy degani yo‘qdan bor qila olishi kerak.
- Nima uchun xorijda o‘zbek murabbiylariga talab yo‘q? Siz bu masalaga nima deb javob bergan bo‘lardingiz?
- Faqat bizda deb gapirmang, chunki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston murabbiylari ham xorijda ishlashmayapti. Faqat men bilganlardan Qurbon Berdiev Rossiyada ishlab kelyapti. Darvoqe, Rashid Rahimov ham bor. Ular sobiq Ittifoq davrida Rossiyaga ko‘chib ketishgan. Biz murabbiylar uchun ham agent va skautlar tizimi kerak. Futbolchilar doimiy ravishda agentlar bilan ishlashadi. Qaysidir o‘yinchi klubga kerak bo‘lsa, faqat agenti bilan gaplashishadi. Bizda ham murabbiylarga agent zarur va buni tashkil qilish lozim. Buni oddiy qilib reklama desak ham bo‘laveradi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda murabbiylarning eng katta xatolaridan biri – bu til bilmaslik. O‘zbek, rus va kerak bo‘lsa tojik tilini bilamiz. Qozoqchani ham tushunarmiz. Biroq ingliz tilini o‘rganishda muammoimiz bor. Lekin sizga tarjimon yollab ish berishsa, bemalol ishlay olamiz. Murabbiy uchun birinchi o‘rinda sharoit bo‘lishi kerak. Lekin har doim bizning murabbiylarda sharoit zo‘r bo‘lgan deb ayta olmayman. Doim imkoniyatdan kelib chiqqan holda ishlashadi. Har bir viloyatning o‘ziga yarasha ichki imkoniyatlari bo‘ladi.
Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.
Fikrlar