Sadriddin Saymatov: Maqsadim Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lish

CHERY AUTO

Bugun siz aziz muxlislar e’tiboriga Sports.uz ineternet karate (WKF) bo‘yicha bir qator turnirlar g‘olibi Sadriddin Saymatov bilan suhbatni havola etadi.Sadriddin Saymatov: Maqsadim Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lish

– Salom Sadriddin! Siz sportga qachon va kim sababli kirib kelgansiz?

– Assalomu Alaykum! Men karatega onam sababli 10 yoshimda kirib kelganman. Biz onam bilan Surxondaryo viloyati barkamol avlod markaziga yosh jurnalistlar to‘garagiga borayotgan edik. O‘shanda tengdoshlarimning karate bilan shug‘ullanayotganini ko‘rib ochig‘i havasim keldi. Buni sezgan onajonim to‘garak murabbiyi O‘ktam Bekpo‘latovga meni topshirdi.

– Jurnalist bo‘laman deb karate sport turiga kelib qolganingizda nimalarni his etingiz?

– Ochig‘i boshida unchalik qiziqmadim. Biroq ustozim O‘ktam aka biz yaqinda Samarqanddan keldik. U erda musobaqa bo‘lib o‘tdi. Shogirdlarimdan bir nechtasi g‘olib bo‘ldi deb aytdilar. Bu esa menga ushbu sport turiga mehr uyg‘otdi va oldimga menga dunyo kezib, g‘olib bo‘laman degan maqsadni qo‘ydim. Xudoga shukr barcha maqsadlarga erishmoqdaman.

– Ko‘plab musobaqalarda tatamiga chiqqansiz. Aytingchi raqibingizga qarshi o‘tayotganda nimalarni o‘ylaysiz?

– Albatta har bir sport turida barcha raqibiga qarshi jangda g‘olib bo‘lishni o‘ylaydi. Men esa eng avvalo uni hurmat qilishni, keyin esa g‘alaba qozonish haqida o‘ylayman. Karate shu jihatlari bilan boshqa sport turlaridan ajralib turadi.

– Qiyin vaziyatlarga tushib qolsangiz undan qanday chiqasiz? hayotda va sportda.

– Sportda tinimsiz mehnat va o‘z kuchimga bo‘lgan ishonch orqali chiqaman. hayotda esa o‘z shiorim bor. « Men qolgan insonlarda ikki hissa ko‘proq mehnat qilishim, o‘ylashim va sabrli bo‘lishim kerak». Bu shior meni ko‘p qiyinchiliklardan olib chiqadi.

– Ulkan zafarlarni qo‘lga kiritishingiz nimadan deb bilasiz?

– Mening g‘alabalarim ostida ko‘p yillik mehnat yotibdi. Qolaversa, mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan sharoitlar va ota-onam hamda O‘zbekistonning sharafi yotibdi. Bunday sharaf va imkoniyatlar meni doimo g‘alaba sari etaklaydi.

– Siz boshqa sport turlariga ham borganmisiz?

– Ha, boks, milliy kurash, dzyudo va engil atletika bilan shug‘ullanganman. Lekin karateda ularning barchasi mujassam. Shu sababli ham mazkur sport turidan ketmayman.

– Eng kuchli raqibingiz kim?

– Mening raqibim faqat bir odam. U ham bo‘lsa o‘zim.

– Eng katta g‘alaba siz uchun qaysi?

– Men Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonishni xohlayman. Ungacha Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

– Samimiy suhbat uchun rahmat.

– Arzimaydi. Meni suhbatga chaqirganingizdan behad shodman.

Ma’lumot uchun: Saymatov Sadriddin Sirojiddin o‘g‘li 1997 yil 28-iyulda Surxondaryo viloyati Sherabod tumanida tug‘ilgan.

O‘zbekiston terma jamoa a’zosi, xalqaro toifadagi sport ustasi Sadriddin Saymatov 10 yildan buyon sportning karate (WKF) turi bilan muntazam shug‘ullanib keladi.

Sadriddin Saymatov erishgan yutuqlari:

9 karra O‘zbekiston chempioni (2009-2017 yillar davomida);

7 karra O‘zbekiston kubogi g‘olibi (2009-2015 yillar davomida);

Uch karra O‘rta Osiyo chempioni(2013-, 2015-, 2016-yillarda);

Uch karra Osiyo chempioni (2013-, 2015-, 2016-yillar), 2012-, 2014-, 2017-yillarda Osiyo chempionatining kumush medal sohibi;

2015 yilda Doha (Qatar)da o‘tkazilgan «The 4th Qatar International Karate Championship» g‘olibi;

2015 yilda Dubay (BAA)da o‘tkazilgan «The 4th Al-Ahli Dubai Open» Premier-Liga musobaqasi g‘olibi;

2015 yilda Jakarta (Indonizeya)da o‘tkazilgan jahon chempionati ishtirokchisi;

2016 yilda Tayland davlati poytaxti Bangkokda o‘tkazilgan «Karate-Do» yo‘nalishi bo‘yicha Tayland ochiq chempionati - 2016” («Thailand Open Karate-Do Championship - 2016») g‘olibi;

2016 yil Portugaliyada o‘tkazilgan Talabalar o‘rtasidagi Jahon Univertsiadasi 3-o‘rin sohibi;

2017 yil yanavarda Frantsiyada o‘tkazilgan «Parij ochiq chempionati» («Paris Open») Grand-Prisi Premier-Liga musobaqasi g‘olibi;

2017 yil mart oyida Rotterdam shahri (Gollandiya)da o‘tkazilgan «Duch-Open» Grand-Prisi Premier-Liga musobaqasi g‘olibi;

2017 yil aprel oyida Dubay (BAA)da o‘tkazilgan «Dubay-Open» Grand-Pri o‘yinlari Premier-Liga musobaqasi g‘olibi;

2017 yil may oyida Ozarbayjonning Baku shahrida o‘tkazilgan «Islom birdamlik o‘yinlari» oltin medal sohibi;

2017 yil sentyabr oyida Germaniya davlatida Jahon Karate Federatsiyasi Kongressida «60 kg» vazn toifasida Sadriddin Saymatov - dunyoning eng yaxshi sportchisi deya e’tirof etildi.

2017 yil Ispaniya davlatining Tenerifi shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida kumush medal sohibi.

Sadriddin Saymatov hozirgi vaqtda dunyo reytingida o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egallab dunyo reytingini boshqarmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!