Sardor Rashidov: Kuper menga maydonda erkinlik yaratib beryapti

  • 11 sentabr, 2018, 23:12
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Milliy terma jamoamiz ayni paytda Ektor Kuper boshchiligida qizg‘in ish jarayonida desak adashmaymiz. Suriyaga qarshi bellashuvda yigitlarimizning hatti-harakatlari yomon ko‘rinmadi. Masalan, Sardor Rashidovning shu kuni ko‘rsatgan o‘yini ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Bungacha terma jamoadagi o‘yinlari orqali tanqidlarga uchragan iqtidorli futbolchi endilikda Kuper boshchiligida o‘zining yangi qirralarini ochadiganga o‘xshayapti. Biz Suriyaga qarshi uchrashuvdan keyin Rashidov bilan suhbatda bo‘ldik.

Tecno

- Milliy terma jamoamiz Ektor Kuper bosh murabbiyligi ostidagi birinchi o‘yinini o‘tkazdi. Mazkur bellashuv sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Suriyaga qarshi oson o‘yin bo‘lgani yo‘q. O‘ylaymanki, yangi murabbiy boshchiligidagi birinchi o‘yinimizni yaxshi o‘tkazdik. Lekin hozircha Kuperning taktikalariga hamma 100 foiz moslashib keta olmadi. Ammo keyingi uchrashuvlarda biz uning uslublarini yanada yaxshiroq tushuna boshlaymiz va o‘yindan-o‘yinga kuchayib boramiz. Ishonamanki, vaqt o‘tgani sari terma jamoamizning o‘yinini shakllantirib boramiz. Buning ustiga Suriyaga qarshi Ektor Kuper yaxshi taktikani qo‘lladi va maydonda uni bajarishga harakat qildik. Nasib qilsa, Eronga qarshi uchrashuvda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatib muxlislarimizni xursand qilamiz.

- Birinchi bo‘lim o‘rtalarida tashabbus suriyaliklar tomoniga o‘tdi. Ikkinchi bo‘limni esa vakillarimiz ajoyib hujumlar bilan boshladi. Bizni qiziqtirgan narsa shuki, tanaffus paytida bosh murabbiy tomonidan sizlarga o‘yinni kuchaytirish uchun qayda gaplar aytildi?

- O‘yinni o‘z qo‘limizga olishimizni va ochilib o‘ynashimiz kerakligini, qisqasi, mashg‘ulotlarda qo‘llagan usullarimizni maydonda bajarishimiz zarurligini talab qildi.

- Umuman aytganda, 1:1 hisobi o‘yinga mos tushdimi?

- O‘ylashimcha, hozirgi paytda bu natija 100 foizlik muhim ahamiyatga ega emas. Bu hali yangi murabbiy boshchiligidagi birinchi o‘yin...qolaversa, ushbu bellashuv o‘rtoqlik maqomi ostida o‘tdi. Shu o‘rinda stadionga kelib jamoamizni qo‘ldan kelganicha qo‘llab-quvvatlab turganlari uchun muxlislarimizga ham rahmat.

- Suriyaga qarshi bellashuvda siz eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘ldingiz. Ektor Kuper kelgach, o‘yiningizda biroz o‘zgarishlar kuzatilyapti. Tan olish kerak, bungacha terma jamoamiz safidagi o‘yinlaringizda sizda nisbatan “dimlanish” paydo bo‘lgandi. Lekin endilikda ko‘rib turibmizki, maydonda bemalol “ochilib” o‘ynayapsiz. Ko‘pchilik esa Kuper Sardor Rashidovning qirralarini “ochib” yuboradi, ya’ni, uni o‘ynatib yuboradi deyishmoqda...

- To‘g‘risini aytsam, Kuperning talabi va nimani xohlayotgani menga juda ma’qul keldi. U maydonda menga erkinlik berdi. Qo‘lingdan nima kelsa shuni qil, faqat men talab qilgan ishni bajarsang bo‘ldi, qolgani esa o‘zingni xohishing deb aytdi. Ya’ni, qanday o‘ynasam ham jamoaga foyda keltirishimni uqtirib kelmoqda. Natijada Suriyaga qarshi bahsda o‘zimni juda erkin his qilib o‘ynadim.

- Kuper bilan 22 avgustdan beri birga ishlab kelyapsizlar, birinchi o‘yinni ham o‘tkazdinglar. Odatda, har bir murabbiyning ish uslubi va taktikalari bo‘ladi. Siz ham bungacha bir qator murabbiylar bilan birga ishlagansiz. Ularning orasida Ektor Kuper sizga qanday ko‘rinyapti. Ya’ni, oldingi murabbiylarda ko‘rmagan qaysi jihatlarni bu murabbiyda ko‘ryapsiz?

- Ektor Kuperda birinchi ko‘rayotgan narsam – bu professionallik. U juda ko‘p narsani ko‘rgan. Evropada yaxshi ishlagan. Misr terma jamoasini esa jahon chempionatiga olib chiqa oldi. Bizning ushbu murabbiydan o‘rganadigan tomonlarimiz juda ko‘p. Kuper birinchi yig‘inning o‘zidayoq bizga shuncha narsani berishga ulgurdi. Bemalol aytamanki, hammamizga uning ish uslubi, taktikalari yoqdi. Xudo xohlasa, hali jahon chempionatigacha u bizga yana ko‘p narsalarni o‘rgata oladi.

- Shuningdek, ushbu murabbiy birinchi navbatda himoyaviy taktika ustida ishlashi sezilib turibdi. Bizningcha, u jamoamizda avvalo himoyani tartibga solib, keyin hujumdagi rang-baranglikni kuchaytirmoqchi. Mana shu jarayonga siz nima deysiz?

- Bilasizmi, bu murabbiy juda to‘g‘ri ish olib boryapti. Chunki siz uy qurmoqchi bo‘lsangiz ham birinchi navbatda uning poydevorini mustahkam qilishingiz kerak. Bizda esa birinchi navbatda himoya mustahkam bo‘lsa, oldingi chiziqda albatta gol urish uchun imkoniyatlar bo‘ladi. Agar imkoniyatlardan foydalana olmagan taqdirimizda ham hech bo‘lmaganda kamida durang uchun imkonimiz bo‘ladi. Bu esa bizni mag‘lubiyatdan qutqarib qoladi.

- Kuper bilan tarjimon orqali gaplashyapsizlar. Uning tushunchalarini o‘rganish sizlarga qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?

- Yo‘q. Tarjimon ham bizga hammasini juda yaxshi tarjima qilib beryapti.

- Endi ayting-chi, Eron bilan o‘yindan nimani kutishimiz mumkin?

- Eron ham kuchli raqib. Bu termaga qarshi tayyorgarlik qizg‘in davom etyapti va yangi taktik uslublar ustida ishlayapmiz.

- Terma jamoamizda yangi chaqirilayotgan futbolchilar ham bor. Umuman aytganda, bosh murabbiy hammani bir maqsad yo‘lida birlashtiryapti va shu bilan birga futbolchilarni yaqindan bilib olyapti. Shuni hisobga olganda, terma jamoa ixtiyorida bo‘lib turgan har bir futbolchida yangi murabbiyga o‘zini ko‘rsatishga bo‘lgan ishtiyoq kattadek ko‘rinyapti.

- Kuper terma jamoamizda to‘g‘ri ish olib boryapti. U chaqirgan futbolchi birinchi yoki ikkinchi ligada o‘ynasa ham, muhimi, milliy termaga yordam bo‘rsa unga shuning o‘zi etadi. Masalan, Kuper taklif qilgan futbolchilar orasida “Real” Madrid va o‘zimizning “Norin” jamoasidan vakillar bor. Ammo ularning orasida “Norin”dan kelgan o‘yinchining hatti-harakatlari ma’qul kelib, jamoaga yordam bera olsa, “Real”dan kelgan futbolchidan ko‘ra uni maydonga tushiradi. Aynan shu jihatidan ham yangi murabbiy hammaga ma’qul keldi. Demoqchimanki, argentinalik mutaxassis hammaga bir xil munosabatda bo‘lyapti. Nasib qilsa, Kuper bilan ko‘zlagan maqsadimizga erisha olamiz.

- Darvoqe, yozda siz o‘z klubingizni o‘zgartirib xorijga ketmoqchi edingiz. Ammo “Lokomotiv”dagi faoliyatingizni davom ettiryapsiz. Voqealar rivoji nima bo‘lgandi?

- Maqsadim Frantsiyaga ketish edi. Buning uchun u erda ishlayotgan murabbiy bilan ham gaplashdim. Ammo Sabri Lyamushining aytishicha, “Renn” klubida moliyaviy tomondan muammolar borligini aytdi va o‘zi ham ketishi mumkinligini bildirdi. Shuning uchun dekabr oyigacha “Lokomotiv”da qolib, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritmoqchiman.

Shuhrabek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!