
"Uzbek Tigers" kubalik bokschilardan "qasos" oldi (to‘liq sharh)
O‘zbekistonlik bokschilardan tashkil etilgan «Uzbek Tigers» jamoasi Jahon Boks Seriyalari WSBmavsumidagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Poytaxtimizdagi «Universal» sport saroyi mezbonlik qilgan boks oqshomida hamyurtlarimiz Kubaning «Cuba Domadores» vakillariga qarshi ringga ko‘tarildi.
O‘ta shiddatli va keskin zarbalarga boy o‘tgan barcha janglar nafaqat arenaga yig‘ilgan muxlislarni, balki oynai-jahon ortidagi tomoshabinlarni ham hayajonda ushlab turdi.
Hasanboy Do‘smatov revansh oldi
Bugungi boks oqshomiga Olimpiada chempioni hamyurtimiz Hasanboy Do‘smatov hamda ikki karra Jahon chempioni Joyannis Oskar Argilagos qarama-qarshiligi bilan start berildi.
O‘tgan yili Gamburgda o‘tkazilgan Jahon chempionatida shubhali tarzda g‘alabani ilib ketgan kubalik bokschi bu safar Toshkentda taslim etildi. 49 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tgan jangda Hasanboy Do‘smatov revansh olishga muvaffaq bo‘ldi.
Shahobiddin Zoirovdan super kambek
2016-yilgi Rio Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Shahobiddin Zoirov bir yarim yillik tanaffusdan so‘ng xalqaro arenalarda jang qilishni boshladi.
56 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Zoirov kubalik Robeysi Ramires bilan jang olib bordi. Shiddatli zarbalarga boy bo‘lgan ushbu bahsda o‘zbekistonlik bokschi Shahobiddin Zoirov kubalik bokschi Robeysi Ramires g‘alaba qozondi.
Endi Kruz bu safar ham Iqboljon Xoldorovni mag‘lub etdi
Boks kechasining navbatdagi jangida hamyurtimiz Iqboljon Xoldorov kubalik Andi Kruz Gomes bilan kuch sinashdi.
O‘tgan yilgi Jahon chempionati finalida kubalik bokschiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan Iqboljon Xoldorov bu safar ham g‘alaba qozonishni uddasidan chiqa olmadi va yana bir mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rishga majbur bo‘ldi.
Isroil Madrimov raqibini "yanchib" tashladi
Boks kechasining 4- jangida Osiyo chempioni Isroil Madrimov 2016 yilgi Rio Olimpiadasi oltin medal sohibi Arlen Lopesga qarshi ringga ko‘tarildi.
O‘tgan yili Samarqandda o‘tkazilgan ushbu bokschilar o‘rtasidagi qarama-qarshilikda hamyurtimiz Isroil Madrimov yaqqol ustunlik bilan raqibini mag‘lub etgan edi.
O‘zbekistonlik muxlislari qarshisida kubalik bokschiga qarshi ringga chiqqan Isroil Madrimov ortiqcha qiyinchiliklarsiz raqibini mag‘lub etdi.
Sanjar Tursunov azaliy raqibini taslim etdi
Olimpiada va Jahon chempioni Erislandi Savonga qarshi ringga ko‘tarilgan hamyurtimiz Sanjar Tursunovga bugun o‘zining eng yaxshi janglaridan birini o‘tkazdi.
Jangni yuqori notada boshlab olgan Tursunov jang so‘nggida ustunlikni raqib jamoa vakiliga berib qo‘ymadi va yakunda g‘alaba qozondi.
O‘tgan yili Gamburgda o‘tkazilgan Boks bo‘yicha Jahon chempionati finalida qabul qilib olingan mag‘lubiyat uchun bokschimiz «revansh» olishni uddasidan chiqdi.
Beshta jang yakuniga ko‘ra «Uzbek Tigers» jamoasi 3-2 hisobi bilan Kubaning «Cuba Domadores» bokschilarini mag‘lub etishdi. Hamyurtlarimiz keyingi janglarini 1 mart kuni Toshkentda Kolumbiyaning "Colombia Heroicos" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“Uzbek Tigers” 4-1 “Domadores de Cuba”
49 kg: Hasanboy Do‘smatov 3:0 Joyannis Oskar Argilagos
56 kg: Shahobiddin Zoirov 3:0 Robeysi Ramires
64 kg: Iqboljon Xoldorov 1:2 Endi Kruz Gomes
75 kg: Isroil Madrimov 3:0 Arlen Lopes
91 kg: Sanjar Tursunov 2:1 Erislandi Savon
Fikrlar