WSB. Yosbani Veytia - Jasurbek Latipov qarama-qarshiligida kimni imkoniyati qanday?

TIGGO 2 PRO

Eng kuchli bokschilarimizdan tashkil topgan “Uzbek Tigers” jamoasi ertaga Kuba poytaxti Gavana shahrida Jahon Boks Seriyalari - “World Series of Boxing” chorak final javob uchrashuvida “Cuba Domadores” vakillariga qarshi ringga ko‘tariladi.

O‘tgan hafta oxirida kubalik bokschilarni Samarqand shahrida qabul qilgan "O‘zbek yo‘lbarslari" yakunda 3-2 hisobida g‘alaba qozongan edi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun biroz imkoniyat yaratib olishdi.

Toshkent vaqti bilan 5:30 da start oladigan janglar ketma-ketligini Yosbani Veytia hamda Jasurbek Latipov boshlab berishadi. May oyi avvalida mamlakatimiz mezbonlik qilgan Boks bo‘yicha Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtiroki bilan yurtimiz sharafini munosib tarzda himoya qilgan holda, oltin medalni qo‘lga kiritgan ushbu bokschimiz bo‘lajak jangda g‘alaba qozonish uchun etarlicha imkoniyatga ega.

Biroq, ushbu bokschilarning xalqaro arenalarda qayd etgan natijalariga qarab shuni xulosa qilish mumkinki, ushbu qarama-qarshilikda imkoniyatlar deyarli tengdir. XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida chorak finalgacha etib borgan kubalik bokschi so‘nggi marta 2015 yili Jahon chempionatida sovrindorlar qatoridan joy olgan bo‘lsa, hamyurtimiz shu oyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan va 2013 yilgi Boks bo‘yicha Jahon chempionatida kumush medal sohibiga aylangan.

Jahon Boks Seriyalarida debyut qilayotgan hamyurtimiz Jasurbek Latipov ushbu musobaqaning bu yilgi mavsumida ikki marotaba jang o‘tkazgan Yosbani Veytiaga qarshi bahs olib boradi. Veytia ushbu musobaqa doirasida o‘tkazgan ikki jangda ochkolar bo‘yicha bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etgan.

Yosbani Veytia

Tug‘ilgan sanasi: 12/03/1992

Bo‘yi: 160 sm

Asosiy zarbani chap qo‘lda beradi

Xalqaro arenalarda qo‘lga kiritgan sovrinlari:

2015 yil. Boks bo‘yicha Jahon chempionati – Kumush medal sohibi

2015 yil. Pan-Amerika O‘yinlari – Kumush medal sohibi

2013 yil. Boks bo‘yicha Jahon chempionati – Bronza medal sohibi

2011 yil. Pan-Amerika O‘yinlari – Kumush medal sohibi

 

Jasurbek Latipov

Tug‘ilgan sanasi: 15/09/1991

Bo‘yi: 160 sm

Asosiy zarbani o‘ng qo‘lda beradi

Xalqaro arenalarda qo‘lga kiritgan sovrinlari:

2017 yil. Boks bo‘yicha Osiyo chempionati – Oltin medal sohibi

2013 yil. Boks bo‘yicha Jahon chempionati – Kumush medal sohibi

2013 yil. Yozgi Univertsiada O‘yinlari – Bronza medal sohibi

2011 yil. Boks bo‘yicha Jahon chempionati – Bronza medal sohibi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!