AGMK — "Dinamo" uchrashuvi oldidan raqamlar
"Dinamo" klubi matbuot xizmati jamoasiga Superliga 19-turida to‘qnash kelayotgan "Dinamo" klubi o‘rtasidagi qarama-qarshilik tarixiga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
AGMK mazkur jamoaga qarshi umumiy hisobdagi 20-uchrashuvni o‘tkazishga taraddud ko‘rmoqda. Bunga qadar olmaliqliklar samarqandliklar bilan 19 marotaba duch kelishgan va o‘zaro o‘yinlardagi hisob-kitob bo‘yicha kichik ustunlikka egalar. O‘tkazilgan 19 bellashuvning 8tasida AGMKning qo‘li baland kelgan. "Dinamo" esa ushbu qarama-qarshilikda 7 bor zafar quchgan. Qolgan 4 bahsda esa g‘olib nomi aniqlanmay, jamoalar durang qayd etishgan. To‘plar nisbati ham Toshkent viloyati jamoasi foydasiga: 24-20.
Ayni paytda Mirjalol Qosimov jamoasi turnir jadvalida 16 ochko bilan pog‘onani band etgan. "Dinamo" esa 18 ochko to‘plagan holda 9-o‘rinni egallab turibdi. Agar AGMK g‘alaba qozonsa turnir jadvalida "Dinamo"ni quvib o‘tishi mumkin.
Birinchi davradagi Samarqandda o‘tgan bellashuvda "Dinamo" yagona gol evaziga g‘alaba qozongandi. Bu gal esa Mirjalol Qosimov shogirdlari o‘sha o‘yin uchun revansh olishlari mumkin.
Tarkibga nazar tashlaydigan bo‘lsak, olmaliqliklar safida jarohati tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradigan futbolchilar yo‘q emas. Kuni kecha mashg‘ulotlarda tizzasidan jarohat olgan Farhod Imamov "Dinamo"ga qarshi bahsda ishtirok etolmasligi aniq. Mavsum startida jarohat olgan Rasul Yo‘ldoshev ayni damda umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgan va o‘zining sport formasini tiklash uchun ter to‘kmoqda. Biroq Yo‘ldoshev hali o‘yinlarda jamoaga yordam bera olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, AGMK — "Dinamo" uchrashuvi 14 sentyabr kuni soat 18:30da OKMK sport majmuasidagi "Markaziy" stadionda boshlanadi. Uchrashuvni yosh hakam Jasur Muxtorov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib borishadi.

Fikrlar