
AGMKning mag‘lubiyatsiz, "Andijon"ning g‘alabasiz seriyasi yana davom etadimi?
24-26 avgust kunlari Coca-Cola Superliganing 12-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. O‘yindan-o‘yingacha bo‘lgan vaqt juda qisqa bo‘layotgani sababli futbolchilarning jismonan va ruhan tayyorlanishlari ham oson kechmayotgani aniq. Lekin hozirgi vaziyat shuni taqozo etayotgan ekan, murabbiylar qo‘l ostidagi futbolchilarini imkoni qadar yaxshiroq tayyorlashga majburlar. Lekin oldimizda chindan ham bir-biridan qiziqarli uchrashuvlar kutmoqda.
“Andijon” oxirgi marta 2003 yilda “Qo‘qon-1912”ni yutgan!
24 avgust (dushanba)
“Qo‘qon-1912” – “Andijon”
O‘tgan turda “Lokomotiv”ni irodali tarzda mag‘lubiyatga uchratgan “Qo‘qon-1912” jamoasi hozir yaxshi kayfiyatda. Navbatdagi raqibi esa hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Andijon” jamoasidir. Qo‘qonliklar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o‘z vaqtida andijonliklarga ham ustozlik qilgan. Qolaversa, ikkala jamoa tarkibida sobiq o‘yinchilar ham to‘p surishyapti. Ushbu klublarning o‘zaro o‘yinlar statistikasi shuni ko‘rsatyaptiki, navbatdagi o‘yin 25-to‘qnashuvga aylanadi. Hozircha g‘alaba qozonish borasida “Andijon” ustun. Ular 9 marta yutishgan va bu borada qo‘qonliklar bitta g‘alabaga ortda qolishyapti. 7 ta bahs durang bilan tugagan. Qizig‘i shundaki, “Andijon” jamoasi oxirgi marta 2003 yilning ikkinchi davrasida “Qo‘qon-1912” ustidan g‘alaba qozongan. O‘shanda yagona gol andijonliklarning muvaffaqiyatiga sabab bo‘lgan. O‘tgan yilgi ikkita o‘yinda esa g‘olib aniqlanmagan. Navbatdagi uchrashuvdan avval esa Ashurmatov jamoasining imkoniyati yuqori baholanyapti. Ammo g‘alaba “Andijon”ga suv va havodek zarur. Lekin klubda moliyaviy muammolar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganini unutmaslik kerak. Balki bosh murabbiy Viktor Kumikovning murabbiylar shtabida o‘tirishiga ruxsat berilgani jamoaga ruhiy kuch berar, lekin anig‘i shuki, murosasiz o‘yin bo‘lishi aniq. Chempionatimizda hozircha eng ko‘p durang o‘ynagan “Andijon” bu safar ham yana shunday natija ko‘rsatsa bundan ajablanmaymiz.
“Lokomotiv” uchun murakkab o‘yin
“Paxtakor” – “Lokomotiv”
“Paxtakor” hamda “Lokomotiv” o‘rtasidagi uchrashuvlar doim markaziy o‘yin maqomini o‘zida saqlab kelardi. Bu yil ham ushbu to‘qnashuvni turning markaziy bahsi deya olamizmi? Gap shundaki, “Lokomotiv” klubi muvaffaqiyatsiz o‘yinlar girdobiga tushib qolgani va tarkibdagi jiddiy yo‘qotishlar tufayli jamoa jarlikka tushib qoldi. “Paxtakor” esa aksincha doimgidek etakchilikni o‘zida saqlab kelmoqda. “Loko”da esa bosh murabbiy o‘zgarganidan xabardorsiz. Endi Dilshod Nuraliev vaqtinchalik bosh murabbiylikka tayinlandi. Ushbu mutaxassis Sports.uz saytiga “Paxtakor”ga qarshi o‘yin juda murakkab o‘tishini va iloji boricha munosib qarshilik ko‘rsatishga tayyorgarlik ko‘rishayotganini aytgandi. “Paxtakor” – “Lokomotiv” jamoalarining o‘zaro o‘yinlarida ham ustunlik “Sherlar” tarafida bo‘lib turibdi. Shu kungacha o‘tkazilgan 33 ta uchrashuvning 18 tasida “Paxtakor” raqibini mag‘lub etgan. “Loko” esa faqat 7 bor kuchli raqibi ustidan zafar quchgan. 8 ta uchrashuv esa durang yakunlangan.
Bir-biriga o‘xshash raqiblar
“Nasaf” – “Bunyodkor”
“Paxtakor” stadionida ham yaxshi o‘yin bo‘lishiga shubha yo‘q. “Nasaf”ning ham, “Bunyodkor”ning ham yo‘nalishi deyarli o‘xshash va yosh tarbiyalanuvchilariga suyanishadi. Ro‘ziqul Berdiev hamda Vadim Abramov o‘rtasida ham bu o‘ziga xos to‘qnashuvga aylanadi. Bunday jamoalar o‘rtasida istalgan natija yuz beradi, ochiq futbol ko‘ramiz. Chunki ular natijaga qarab o‘ynashmaydi. Ammo g‘alaba qozonish bo‘yicha katta ustunlik “Bunyodkor” tarafida. 26 ta uchrashuvning 13 tasida “Qaldirg‘ochlar” g‘alaba qozonishgan. “Nasaf”da esa bunday imkoniyat faqat 4 marta bo‘lgan xolos. Shuningdek, 9 bor durang qayd etilgan. Qarshiliklar o‘tgan turda “Paxtakor”ga yirik hisobda yutqazib qo‘yishgandi. Berdiev oldida esa navbatdagi qiyin uchrashuv kutmoqda. Murabbiylar futbolchilarini qanchalik ruhlantira olsa va to‘g‘ri yo‘nalishni belgilay olishsa, g‘alaba o‘sha jamoa tarafida bo‘ladi.
“Uyg‘onayotgan” “Qizilqum”...
25 avgust (seshanba)
“Qizilqum” – “So‘g‘diyona”
Transfer oynasi paytida tarkibini sezilarli darajada kuchaytirishga erishgan “Qizilqum” oxirgi ikkita o‘yindan beri g‘alaba qozonmoqda. Jamoa o‘yinida ham yaxshi tomonga o‘zgarishlar sezilyapti. Biz endi oldingi kuchsiz “Qizilqum”ni ko‘rayotganimiz yo‘q. Navoiyliklarda g‘olibona ruh shakllanib boryapti. Shu bois “So‘g‘diyona”ga qiyinroq bo‘lishi kutilyapti. Ammo jizzaxliklar ustozi Ulug‘bek Baqoev o‘zidagi jangovor xarakterni futbolchilariga singdira olsa, o‘yin yanada murosasiz o‘tishi aniq. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, 34 ta bahsning 16 tasida “Qizilqum”ning qo‘li baland kelgan. “So‘g‘diyona” esa teng yarmida, ya’ni 8 ta uchrashuvda g‘olib chiqqan va yana 10 ta bellashuvda durang kuzatilgan.
“Navbahor” AGMKning mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berishga qodirmi?
AGMK – “Navbahor”
“Lokomotiv” stadionida o‘tadigan AGMK hamda “Navbahor” o‘rtasidagi uchrashuv ham ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lib turibdi. Hech kim olmaliqliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasini kutmagandi. Tan olish kerak, Mirjalol Qosimov yaxshi jamoani shakllantirdi. “Navbahor” esa o‘tgan turda kutilmaganda “Mash’al”ga yutqazib barchani ajablantirib qo‘ydi va qimmatli ochkolarni yo‘qotdi. Endi esa ularning oldida g‘alabadan boshqa yo‘l yo‘q. AGMKni engish orqali Kanchelskis muxlislar oldida aybini yuvishi mumkin. Agar yana ochko yo‘qotishsa, u holda vaziyat jiddiylashishi mumkin. Shu kungacha jamoalar 24 bor o‘yin o‘tkazishgan bo‘lib, unda olmaliqliklar 11 bor g‘olib chiqishgan. “Navbahor”ning hisobida esa 7 ta g‘alaba bor va yana 6 ta bahsda durang kuzatilgan.
“Surxon”ning “Metallurg”ni yutganiga 16 yil bo‘ldi
“Surxon” – “Metallurg”
Oxirgi ikkita o‘yindan beri “Surxon” futbolchilari “qovun” tushirishyapti va oqibatda jamoa ochko yo‘qotmoqda. “Metallurg” oxirgi paytlarda raqiblariga yutqazib, muxlislarini ranjityapti. Shunday ekan, “Bunyodkor” stadionida ikkita g‘alabaga tashna jamoalar o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘lamiz. Qizig‘i, “Surxon” oxirgi marta “Metallurg”ni 2004 yilgi mavsumda mag‘lub etgan. Umumiy hisobda esa termizliklar 16 ta o‘yinning faqat 2 tasidagina raqibini tiz cho‘ktirgan xolos. “Metallurg” bo‘lsa, 7 bor “Surxon” ustidan g‘alabaga erishgan. Yana 7 ta bahsda esa g‘olib nomi aniqlanmay qolgan. Ko‘ramiz, termizliklar yoqimsiz an’anaga chek qo‘ya olarmikin? Yoki jamoalar o‘rtasida 8-durangni ko‘ramizmi?
Yon qo‘shnilar to‘qnashuvi
26 avgust (chorshanba)
“Mash’al” – “Buxoro”
11-turda ikkala jamoa ham 1:0 hisoblarida g‘alaba qozonishdi. “Buxoro” g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ygan bo‘lsa, “Mash’al” “Navbahor”ni mag‘lub etib, qimmatli uch ochkoga ega bo‘ldi. Muborak bilan Buxoro bir-birga qo‘shni bo‘lgani uchun ham jamoalar o‘rtasidagi bahs xuddi derbi maqomiga teng bo‘ladi. Shu vaqtga qadar “Mash’al” va “Buxoro” jamoalari 32 marta uchrashishgan. G‘alaba qozonish bo‘yicha “Mash’al”ning 14 ta o‘yinda qo‘li baland kelgan bo‘lsa, “Buxoro”da 7 bor bunday imkoniyat yuz bergan. Shuningdek, 11 ta bahsda durang qayd etilgan. Chindan ham ko‘pincha ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda kuchlar teng kelardi. Hozir ham ko‘pchilik “Mash’al” bilan “Buxoro”ning imkoniyatini teng baholashmoqda.
Fikrlar