
Akmal Mozgovoyning yangi klubi "Baniyas" haqida!
Biroz avval O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Akmal Mozgovoy BAAning "Baniyas" klubiga ko‘chib o‘tgani rasman e’lon qilindi. Ushbu klub haqida qisqacha tanishing.
Umumiy tafsilotlar
"Baniyas" hali eskirmagan jamoa hisoblanadi. Klub 1982 yilda tashkil etilgan. Ular o‘zining uy uchrashuvlarini 10 ming kishiga mo‘ljallangan mo‘jazgina "Baniyas" stadionida o‘tkazadilar. Abu Dabi Amirligi klubi tarixida 1 marotaba BAA kubogi sohibi bo‘lgan ersa, (1991/1992) oxirgi 10 yildagi eng katta yutug‘i Fors ko‘rfazi kubogi hisoblanadi (2012/2013). Klubga Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri Shayx Sayf Zaid Al Nahyon rahbarlik qiladi. Shunday ekan bu holat klubda moliyaviy tomondan muammolar yuzaga kelmasligini anglatadi.
O‘tgan mavsumdagi natijalar qanday bo‘ldi?
Jamoa o‘tgan mavsum BAA Pro ligasida 26 bahsda 27 ochko to‘plashga erishdi, xolos. Bu natija 12-o‘ringa joylashgan "Baniyas"ga bazo‘r ligada qolish imkonini taqdim etdi. Jamoada hozirgacha 5 ta legioner mavjud edi. Bular: braziliyalik Joan Viktor, ganalik Umar Ali, Kongo Demokratik Respublikasidan Tshibangu, Malidan Yusuf Niakate va senegallik forvard Bernard Fey. Mana shu legionerlar ham oldingi mavsumda jamoasiga katta nafi tegmadi. Balkim, shuning uchundir BAA klubi O‘zbekiston bozoriga nazar soldi.
Kutilma
Albatta, o‘z legionerimizdan kutilmalarimiz katta. Abu Dabi Amirligi klubini yuqori cho‘qqilarga etaklagan holda tezroq Evropaga uchirma bo‘lishini tilab qolamiz. Boshlanajak mavsumda bolgariyalik Ivaylo Petev boshchiligidagi "Baniyas"imizdan ham yuqori o‘rinlarga kurashishini umid qilamiz.
Yahyoxon G‘aniev
Fikrlar