
Akmal Shorahmedov - Koreyadagi o‘sha mashhur avtogoli, Superliga saviyasining pasayishi sabablari, termamiz nega mundialga chiqa olmayotgani haqida dangal gapirdi
Bu futbolchi hammaga tanish-a? Muxlislarning hayolida shunday tushuncha paydo bo‘lib qolganki, Shorahmedov desa birinchi navbatda muxlislarning ko‘z o‘ngiga o‘sha Janubiy Koreya bilan o‘yindagi kutilmagan avtogol keladi. Chunki bu haqida muxlislar orasida ko‘p eshitganmiz. Ammo ba’zida keragidan ortiq darajada tanqid qilishadi. Akmalni yaqindan taniganlar uning qanday inson va futbolchiligini yaxshi bilishadi. Og‘ir bosiq, kamtar, o‘z ishini sidqidildan bajaradigan futbolchi.
Qaerda to‘p surmasin hamisha ishonchni oqlab keladi. Masalan, AGMKdagi oxirgi ikki yillik faoliyatida ham Shorahmedov jamoasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Kuni kecha sports.uz muxbiri ushbu o‘yinchi bilan qator mavzularda suhbat uyushtirdi.
- 2020 yilda AGMK bilan bronzani qo‘lga kiritdingiz va O‘zbekiston Kubogi finalida qatnashdingiz. Bu natijadan qoniqdingizmi?
- Bilasiz, 2019 yili AGMK safiga o‘tganman. O‘shanda maqsadimiz yuqori o‘rinlar edi, lekin chempionatda 8-o‘rinni oldik. Tarkib borasida qarasak, biz undan ham yuqori pog‘onalardan birini egallashimiz kerak edi. Bu yilgi mavsum esa juda ekstramal tarzda o‘tdi. Pandemiya va yana har xil voqealar bo‘ldi. O‘yinlar hamda mashg‘ulotlarga ancha qiynaldik. Shunga qaramay, biz 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Lekin baribir ham buni qoniqarsiz deb o‘ylayman. Nimagaki, ikkinchi o‘rinda borayotgandik, ketma-ket mag‘lubiyatlar evaziga yakunda uni berib qo‘ydik. Vaholanki, ikkinchi o‘rinni juda ham xohlagandim. To‘g‘ri tushunishimiz kerak, “Paxtakor” tarkibi kuchli, shu bois ular birinchi o‘rinda. Biz Kubok finaliga ham chiqdik. Ammo yutqazgandan keyin buni hamma unutadi. Chunki Kubokda ikkinchi o‘rin bo‘lmaydi.
- Bilamizki, 2018 yili “Paxtakor”da to‘p surdingiz. Keyingi yili esa AGMKga o‘tib ketdingiz va bu erda ham etakchilardan biri bo‘ldingiz. Agar “Paxtakor”da qolganingizda sizda ham chempionlik va Kubok sohibi degan sovrin bo‘lardi...
- “Paxtakor”dagi faoliyatimni qoniqarli o‘tdi deb o‘ylayman. O‘shanda yangi shakllanayotgan jamoa edi. U paytda “Lokomotiv” kuchli tarkibga ega va shakllanib bo‘lgan jamoa edi. “Paxtakor”da ham yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgandi. Oldindan ma’lumki, kuchli tarkib yig‘ilsa ham birinchi yillarda chempion bo‘lavermagan. “Lokomotiv”da ham, “Bunyodkor”da ham shunaqa bo‘lgan. Ya’ni, yaxshi ijrochilardan tarkib tuzilgach, o‘sha mavsumning yozidayoq hech kim chempion bo‘lmagan, chunki bunga baribir vaqt kerak bo‘lardi. Men aynan shakllanayotgan “Paxtakor”da to‘p surdim. Shota Arveladzening qo‘l ostida o‘ynash esa juda maroqli bo‘lgan. Undan ko‘p narsa o‘rgandim. Keyinchalik murabbiy bo‘lib ishlasam ham ancha malaka oshirdim. Masalan, Kuperdan ham ko‘p narsa o‘rgandim. Ko‘pchilik uni yomonlaydi, ammo uning mashg‘ulot uslublari o‘zbek murabbiylaridan ancha farq qiladi. Agar yoshim ulg‘aymaganida “Paxtakor”dan AGMKga o‘tmagan bo‘lardim, buni ochiqchasiga ayta olaman. Futbolda baribir yosh ham rol o‘ynaydi.
- Endi yangi mavsumni qaerda davom ettirmoqchisiz? Ko‘rdik, AGMKga ozmi-ko‘pmi hissangizni qo‘shdingiz. Balki sizga takliflar ham bordir. Umuman, keyingi rejalaringiz qanday?
- AGMK bilan shartnomam tugadi. Kubok finalida Egor Krimets bilan to‘qnashuvda oyog‘imdan jarohat olgandim. Hozir shuni davolatish bilan mashg‘ulman. Shundan keyin hammasini o‘ylab ko‘ramiz. Futbolchi o‘ziga yoqqan va uni yoqtirishgan joyda to‘p surishi kerak. Hozircha qaerda to‘p surishimni bilmayman.
- AGMKda Mirjalol Qosimov bilan birga ishladingiz. Ilgari termada ham faoliyat olib borgansizlar. Aytmoqchimanki, Mirjalol Qo‘shoqovich faoliyatingizda qanday ahamiyat kasb etadi? Yoki sizda yana boshqa o‘zgacha bo‘lgan murabbiylar ham bormi?
- Murabbiylarga kelsak, men barchasini hurmat qilaman. Hammasini o‘ziga yarasha dunyoqarashi bor. Termada qaysi murabbiy ishlashidan qat’iy nazar asosiy tarkibda o‘ynashga harakat qilganman. Ular ham menga ishonishgan. Hech qaysi murabbiyni yomonlash noto‘g‘ri. Hamma Samvel Babayanni nimadir deb tanqid qilishi mumkin. Ammo uni hurmat qilaman. Nima bo‘lsa ham uning o‘z yo‘nalishi bor. Bir xil murabbiylar bo‘ladi, ularning umuman yo‘nalishi bo‘lmaydi. Undan yoki bundan “o‘g‘irlamoqchi” bo‘ladi va yuraveradi. Futbolda yana bir narsa borki, baribir qaysidir murabbiyga yoqishingiz kerak. Iqtidoringiz bo‘lsa ham, ammo yoqmasangiz qolib ketaverasiz.
- “Paxtakor” yakka peshqadam va kuchli jamoa sifatida sovrinlarni yutyapti, bu orqali Superligamiz saviyasi ham pastlagani ko‘rinib qolyapti. Ushbu vaziyatga qanday munosabatdasiz?
- To‘g‘ri aytasiz, 7-8 yil oldingi holat yana takrorlanib qolyapti. “Lokomotiv” kuchsizlanib “Paxtakor” kuchayib ketdi. Shuning uchun qiziqish kamaydi, raqobat ham susaydi. Chempionat o‘rtasidayoq 15 ochkolik farq, qizig‘i qolmadi deyarli. Birinchi o‘rin uchun yilning boshidan hech kim kurashmayapti, chempionlik maqsadi ham qo‘yilmayapti. Bu yaxshi emas. Baribir oldin chempionlik uchun 3-4 ta klub kurashardi. Boshidanoq birinchi o‘rin uchun kurashmaslik, bu “Paxtakor”ning o‘zi uchun ham yomon. Negaki, raqobat bo‘lmasa “Paxtakor”ga ham qiziqmas. Futbolchilari o‘z saviyasidan tushib ketishi mumkin, o‘zidan kuchsiz raqiblar bilan o‘ynayverib. Bu esa Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlarga ta’sir qiladi. Qachonki, o‘yinchi bor kuchi bilan o‘ynayversa, baribir yana o‘zidan qo‘shib boraveradi. Kuchsizlar bilan o‘yinlar esa bu terma jamoaga ham ta’sir ko‘rsatadi. Futbolchi har doim kuchlilar bilan o‘ynab tursa muvozanatni ham yo‘qotmaydi.
- Milliy termada ham ko‘p yillar faoliyat olib bordingiz. Ammo vaqt oliy hakam deganlaridek, yoshingiz ham o‘tib boryapti. Oxirgi paytlarda bosh jamoamizda sizni ko‘rmay qo‘ydik. Bundan chiqdi, termadagi faoliyatingizni yakunladingizmi yoki hali ham yordam bera olaman deb o‘ylaysizmi?
- Terma jamoa qachonki, yoshlarga infrastrukturalar, masalan mashg‘ulot maydonlari, xuddi “Bunyodkor”dagi kabi bir nechta mashg‘ulot maydonlariga ega bo‘lganidan keyin jahon chempionatini kutsak bo‘ladi. Qishda sovuq bo‘ladi, jamoalar yaxshi mashg‘ulot o‘tkazish uchun joy qidiriladi, ayniqsa, yoshlar uchun. Bu to‘rt oy faqat yugurish bilan o‘tib ketadi degani. Ikkita klub 15 kunga xorijga chiqishi mumkin, qolganlar chiqa olmaydi. Qolgan kunlarda yaxshi mashg‘ulot uchun sharoit yo‘q. Qozog‘istonda yopiq manejlaridan taxminan 10 tacha klublarida bor. Bizda hattoki yopiq manej “Paxtakor”da ham yo‘q. Jahon chempionatiga borish uchun birinchi navbatda sharoit bo‘lishi kerak. Terma jamoa – bu terma jamoa. U erda o‘ynayotgan o‘yinchilar bor. Termaga bitta o‘yinga kerak bo‘lsangiz, chaqirishi mumkin va yordam bera olasiz. Baribir yoshlar tayyorlanyapti. Bu to‘g‘ri, ammo ular uchun avvalo sharoit qilish kerak.
- Terma jamoamiz o‘tgan yili asosan nazorat o‘yinlari o‘tkazdi, oldimizda hali jahon chempionati yo‘lidagi ikkinchi saralash bosqichining qolgan uchrashuvlari turibdi. Yaqinda Odil Ahmedov saytimizga intervyu berganida oldingi terma jamoani hozirgisidan kuchliroq deb aytdi.
- Terma jamoadagi tarkiblarni solishtirmayman. Ammo hozirgi paytda O‘zbekistonda to‘p surayotgan futbolchilar termada ko‘proq o‘ynashyapti. Bu yaxshi emas. Chunki chempionatimiz saviyasi past. Aytyapman-ku, “Paxtakor” oldindan chempion bo‘lsa, uning aksariyat futbolchilari terma jamoada to‘p surishsa, kuchli o‘yinlarda kam ishtirok etishganidan keyin baribir o‘yinlariga ta’sir qiladi. Bizda etakchi futbolchi Eldor Shomurodov. Ilohim, u ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib tursin. Agar zaxiraga o‘tirib qolsa, o‘yin amaliyoti kamayadi va yanada kuchsizlanib ketamiz. Ilgari Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov va yana bir nechtasi kuchliroq chempionatlarda to‘p surardi. Termaga kelib, o‘ynaganida osonroq bo‘lardi, chunki kuchli chempionatdan kelishardi-da. Hozir esa kuchsiz chempionatdan kelib kuchlilar bilan o‘ynash qiyinroq. Menimcha, Odil Ahmedov shuning uchun ham shunday degan.
- Yuqorida Kuper haqida to‘xtaldingiz, ko‘pchilik uning uslubi o‘zbek futboliga mos tushmaganligi haqida aytishdi. Nima deb o‘ylaysiz, u ertaroq ishdan bo‘shatilganmi yoki...
- Bizda hamma murabbiyni yomonlashga o‘rganib qolgan. Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya kabi termalar bilan o‘ynaganmiz. Ular bizdan kuchli. O‘shalarni yutish vazifasi qo‘yilardi, oldimizga. Gap faqat murabbiyda emas. Bu erda o‘yinchilarning saviyasi degan narsa ham bor. Masalan, zo‘r murabbiyga zo‘r tarkib bilan ishlash osonroq, to‘g‘rimi? O‘zimizdan kuchsizlarni yutish qulayroq. Lekin o‘zimizdan kuchli raqiblarni yutish qiyinroq. Kuperning uslubi himoyaviy yoki boshqa deyishadi, lekin o‘zingizdan kuchli bo‘lgan jamoani yutish uchun himoyaviy o‘yin ko‘rsatish kerak, busiz iloji yo‘q. To‘g‘ri, agar kuchsizroq jamoa bilan o‘ynaganda hujumkor taktika qo‘llasa bo‘ladi. Shuning uchun bizga keladigan har qanday murabbiyga qiyin. Chunki o‘zidan kuchli bo‘lgan raqiblarni yutish kerak bo‘ladi. Mana, Saudiya Arabistoni bilan o‘ynadik, ularga ikkita gol urdik, ammo ular bizga uchta gol urdi. O‘shanda yutqazgandan ko‘ra, hech bo‘lmaganda durang o‘ynaganimizda imkoniyatimiz ko‘proq bo‘lardi. Shu bois hammasini murabbiyga ayblash noto‘g‘ri. Murabbiy kuchsizroq tarkibi bilan o‘zidan kuchliroq bo‘lgan tarkibni yutishi kerak bo‘ladi.
- Futbolchilarimizning saviyasi qanday? Ular jahon chempionatiga chiqishga tortadigan darajadami?
- Jahon chempionatiga chiqadigan darajadagi futbolchilar hali kam. Tarkibda kamida 5-6 ta ana shunday futbolchilar bo‘lsa osonroq bo‘ladi. Juda qiyin. Hisobim bo‘yicha jamoamizda uchta ana shunday futbolchi bor, ammo nomlarini aytmayman.
- Vaziyatga real qarasak, Qatardagi mundialga chiqish uchun imkoniyatimizni necha foizga baholaysiz?
- O‘ylashimcha, xuddi Qatar qo‘llagan uslubni biz ham joriy etishimiz kerak. Terma jamoani yoshartirib, ulardan natija talab qilmasdan 10 yilda, keyin jahon chempionatiga chiqadigan darajaga keltirishimiz kerak. Har safar natija so‘raladi, ammo shunga yarasha harakat bo‘lmaydi. Mayli, qit’amizdagi musobaqalarda ko‘zlagan natijaga erisha olmasligimiz mumkin, ammo keyinchalik bu o‘z mevasini beradigan darajada shakllantirishimiz kerak deb o‘ylayman.
- Yaqinda Aziz Haydarov o‘z intervyusida o‘sha Janubiy Koreya bilan o‘yinni esladi, sizning avtogolingiz evaziga yutqazganimizda aslida ayb sizda emasligini va o‘shanda nimalar bo‘lganini ochiq aytdi. O‘sha avtogol sizni haligacha qiynab keladimi yoki unutib yuborganmisiz?
- Futbolchi va sportchilar ruhiy tomondan kuchli bo‘lishlari kerak. Masalan, “Paxtakor” futbolchisi “Navbahor” muxlislariga yoqmasligi mumkin, “Navbahor” o‘yinchisi esa “Paxtakor” yoki “Andijon” ishqiboziga yoqmasligi mumkin. Bu odatiy hol, har doim kimgadir yoqasan yoki aksincha. O‘sha golga kelsak, bu futbolda uchrab turadigan holat. Har o‘yinda kimdir kimgadir gol uradi. O‘sha paytni eslasak, to‘p oshirilganida boshimni olib qochmayman-ku, ortimdagi raqib gol urishi uchun. Har qanday himoyachi har bir vaziyatda to‘pni chiqarib yuborishga harakat qiladi. Shu kabi holatlarda esa to‘p kutilmaganda o‘z darvozasiga kirib ketishi mumkin. Agar o‘shanda to‘p uzatilganida men boshimni olib qochsam buni odamlar qanday tushunishardi? To‘pdan o‘zimni olib qochdim deylik, ammo raqib baribir gol urib ketadi, axir bu bir xil holat-ku. Shuning uchun futbolni tushunadigan odamlar bu haqida bir marta ham gapirishmaydi. Nimanidir sabab qiladiganlar esa doim gapiraveradi. Yutqazsa hakam yoki boshqasi aybdor bo‘ladi. Biz o‘shanda Tojikiston yoki Turkmanistonga emas, Janubiy Koreya maydonida yutqazdik. Koreya o‘yinchilari har tomonlama O‘zbekiston chempionatidan kuchliroq. Mana, Oleg Zoteevdan Janubiy Koreya birinchi ligasining saviyasini so‘rasangiz qanaqa farq qilishini aytib beradi.
- Faoliyatingizni qachondir xorijda davom ettirish imkoniyati ham sizda bo‘lgan. Chunki legionerga aylanishingizni kutgandik...
- Xorijdan ko‘p takliflar bo‘lgan. Ochiqchasiga aytishim kerak, qanot himoyachilarining legioner bo‘lib to‘p surishi juda qiyin. Shu sababli pozitsiyaga ham qaraladi. O‘rtada o‘ynaydiganlar, hujumkor futbolchilar yoki hujumchilar ko‘proq chetga chiqadi. Menga chetdan takliflar bo‘lganida oilaviy sabablarga ko‘ra ham tanlamaganman. O‘g‘limning ham qanot himoyachisi bo‘lishini xohlamayapman. Ko‘proq markazda to‘p suradiganlar yoki himoyachi, yo hujumkor futbolchilarga e’tibor ko‘proq bo‘ladi. O‘z chempionatlarida baribir qanot himoyachilari mahalliy o‘yinchilardan iborat bo‘ladi.
Fikrlar