Akmal Shorahmedov: "Bundan katta fojea yasash kerak emas"
“Surxon” - “Andijon” (4:0) uchrashuvidan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix sog‘ligi bilan bog‘liq muammo tufayli uning o‘rniga yordamchi murabbiy Akmal Shorahmedov qatnashdi.
- O‘yinni yomon boshlamadik. Bizda o‘yinlar ko‘pligi sababli qiyin bo‘lyapti. Chunki faqat bitta tarkib bilan o‘ynayapmiz. Asosiy tarkibdagi ikkita futbolchiga dam berib, biroz rotatsiya qilmoqchi bo‘ldik. Lekin bu futbol. Birinchi o‘tkazib yuborilgan goldan keyin jamoa o‘ziga kela olmadi. Ketma-ket shedevr gollar kirib ketdi. O‘yindan oldin ham aytib turgandim, futbolchi bo‘lganman, OChLda o‘ynab turib yana chempionatga qo‘shib o‘ynab ketish juda ham qiyin. Chunki OChLda o‘ynaganda futbolchi o‘zini yuqori tutib, ishonchi yanada ko‘payib ketadi. Futbolda bor narsa. Shu bois har uchrashuvda qaysi chempionatda o‘ynsak ham isbotlashimiz kerak. Turnir jadvali bo‘yicha teparoqda bo‘lishimiz kerak. Mayli, hisob kattalashib ketdi. 1:0 mi, 4:0 mi, baribir yutqazdik. Bundan katta fojea yasash kerak emas. Yigitlarga ham aytdik. Hozir eng yaxshisi, shunday mag‘lubiyatlar jamoani aksincha keyingi uchrashuvlarga birlashtiradi, deb o‘ylayman. Muxlislarimizdan ushbu mag‘lubiyat uchun uzr so‘raymiz.
- “Andijon” xalqaro arenada o‘ynayapti. OChLdagi o‘yiniga omad tilaymiz. “Andijon” katta loyiha. Jamoani bugungi o‘yiniga nima etishmadi?
- Biz ham, “Nasaf” ham rotatsiyadan qiynalyapmiz. Chunki bizda 10-12 ta o‘yinchilarimiz bor, qolgani yoshroq. Qaysidir uchrashuvda kimgadir dam berish yoki almashtirish juda qiyin kechyapti. Bundan avval “Mash’al” bilan o‘yinda ham shunday qilgandik, bo‘lmadi. OChL uchun o‘yinchi olmoqchi bo‘ldik, 1-2 tasi jarohat olib qoldi. Shu bois bitta tarkib bilan o‘ynashga to‘g‘ri kelyapti. Qachondir shu narsa bo‘lishi kerak edi. “Surxon”ga kelganda shu narsa bo‘ldi.
- Erjan Tokotaev nafaqat Qirg‘izistonni, balki Markaziy Osiyoni zo‘r darvozabonlaridan biri. “Surxon”dan 4 ta gol o‘tkazib yubordi. U formada emasmi?
- Biz jamoamiz. Yutqazdikmi, butun jamoa bo‘lib yutqazdik. Futbol doirasi ichida xatolarni ko‘rib chiqamiz. Lekin bir-birimizga u yoki bu yomon deyishimiz yaxshi emas. Men ham futbolda katta bo‘lganman. Yutqazdikmi, hammamiz yutqazdik. Bizni aybimiz vaqtida rotatsiya qilishga tajribali o‘yinchilarni kam olganimiz, deb o‘ylayman.



Fikrlar