"Al-Ahli"da andijonlik futbolchi o‘ynaganini bilasizmi yoxud jahon chempioni bilan Andijonga tashrif buyurgan jamoa haqida
Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasining “V” guruhi 2-tur doirasida Andijondagi “Bobur arena” stadionida katta futbol bayrami bo‘lib o‘tadi.
1 oktyabr sanasida “Andijon” klubi Qatarning “Al-Axli” klubini qabul qiladi.
Ilk turda “Al-Axli” Bahraynning “Al-Xaldiya” jamoasiga qarshi bellashdi va uchrashuvda hisob ochilmadi - 0:0.
“Al-Ahli” klubi 1950 yilda tashkil etilgan. Bu jamoa 5 marotaba Qatarda Kuboklarni boshi uzra ko‘targan. Jamoani xorvatiyalik 47 yoshli mutaxassis Igor Bishchan boshqarib bormoqda. U ilgari Xorvatiya U21 terma jamoasi, Zagrebning “Dinamo” klubiga ham ustozlik qilgan.
“Al-Ahli” safida yulduz legionerlar bor. Jumladan 2014 yilgi mundialda Germaniya terma jamoasi tarkibida o‘ynab, jahon chempioniga aylangan Yulian Draksler 2023 yilning sentyabr oyidan buyon ”Al-Axli” safida to‘p surib kelmoqda. Shuningdek, ushbu jamoada Ibrohim Diallo, Michel Vlap, Erik Espozito singari Evropa chempionatlarida to‘p surgan tajribali legionerlari ham bor.
“Al-Ahli” uy o‘yinlarini “Hamad Bin Xalifa” stadionida o‘tkazadi va o‘z bag‘riga 20 ming tomoshabinni sig‘diradi.
Qatar Yulduzlar ligasida 12 ta ishtirokchi bo‘lib, “Al-Ahli” ayni paytda 6 ta turdan so‘ng 2 g‘alaba va 4 mag‘lubiyat qayd etib, to‘plar nisbati 7:13 ni tashkil qilgan holda 6 ochko bilan 9-pog‘onani band etib turibdi.
Yana bir gap: “Al-Axli” klubida andijonlik futbolchi to‘p surganini bilasizmi? 2011\2012 yilgi mavsumlarda Andijon futboli tarbiyalanuvchisi hisoblangan Shavkat Mullajonov aynan Qatarning “Al-Axli” klubi sharafini himoya qilgan.
“Andijon” - "Al-Ahli" o‘rtasidagi bahs 1 oktyabr kuni, "Bobur arena"da soat 18:45 da boshlanadi.



Fikrlar