Aleksand Usik -Entoni Joshua kim g‘alaba qozonadi? O‘zbekistonlik boks olami vakillari javob berdi

  • 6 sentabr, 2021, 19:56
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 3
  • Boks
CHERY AUTO

25 sentyabr kuni professional boks olamining eng og‘ir vazn toifasida super to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Ukrainalik Aleksandr Usik britan bokschisi Entoni Joshuaga qarshi ringga ko‘tariladi. Mazkur jang WBA, WBO, IBF hamda IBO chempionlik kamarlari uchun o‘tkaziladi. Ma’lumki, mazkur titullarning amaldagi sohibi Joshua hisoblanadi. Usik esa ushbu kamarlarga da’vogar sifatida jang qiladi.

Xullas, ajoyib qarama-qarshilik. Albatta, jangdan avval bokschilarning imkoniyatlari borasida bir-biriga zid bo‘lgan fikrlar ko‘plab yangramoqda. Biz ham an’anamizga muvofiq o‘zbek boks olami vakillarining ushbu jang borasidagi fikrlariga quloq tutdik.

Zufar Sulaymonov – murabbiy

- Usik juda tezkor va texnikasi yuqori bokschi sanaladi. Qolaversa, 12 raund mobaynida kuchini teng taqsimlay ham oladi. Umuman olganda aqlli bokschi. Joshua ham bekorga chempion emas. Unda ham kuchli zarba va ajoyib gabarit bor. Ya’ni, jismonan kuchli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biroq, zarbani u qadar ko‘tara olmasligini so‘nggi janglarda guvohiga aylandik. Bir so‘z bilan aytganda, bu jangda Usikni imkoniyati yuqoriroq.

zufar aka11

Rahmatjon Ro‘zioxunov – murabbiy

- Har ikkisi tajribali va kuchli bokschilar. Ukraina va Angliya maktabining to‘qnashuvi bo‘ladi. Joshuaning zarbalari kuchli va u jismonan baquvvat. Vladimir Klichkoning sparring sherigi bo‘lgan va bundan u juda yaxshi saboq olgan, desak bo‘ladi. Minus tomonlari ham yo‘q emas. Ya’ni, unda maktab yaxshi emas, deb o‘ylayman. Janglarini ko‘rib, shunday xulosaga kelganman. Agar, kuchli zarba o‘tkazib yuborsa, tez taslim bo‘ladi. Ammo o‘zining kuchli zarbasini o‘tkaza olsa, raqibini qo‘yib yubormay, jang taqdirini hal qiladi.

Usikka keladigan bo‘lsak, u juda kuchli boks maktabini o‘tagan. Oyoq harakatlari, rang-baranglik, himoya unda juda yaxshi shakllangan. Jismoniy holati ham xavas qilgulik darajada. Qolaversa, ringda aql bilan harakat qiladi. Yakuniy xulosani aytadigan bo‘lsam, jangni borishini kim o‘zining maktabiga, taktikasiga yurgiza olsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Albatta, bu shaxsiy fikrim!

raxmatjon

To‘lqin Qilichev – murabbiy

- Bu erda juda ko‘p faktorlar bor. Usikda maktab juda yaxshi qo‘yilgan. Haqiqiy, klassik maktab, “stoyka”da turishi, harakatlari , umuman, chiroyli boks tushadi. Joshuada esa maktab juda zo‘r qo‘yilgan, deb ayta olmayman. U urg‘uni jismoniy holatga qaratadi. Uning “stoyka”da turishi va harakatlaridan yoshligida maktab yaxshi qo‘yilmaganligini ko‘rish mumkin. Biroq, u juda ko‘p janglarda ishtirok etib, ulkan tajriba to‘plagan. Agar, Usikni jismoniy holati etsa, u jangni yutadi. Jismoniy holati pand bersa, aksincha, mag‘lubiyatni qabul qilib oladi, deb o‘ylayman.

 Joshua buni biladi va ko‘proq bosim qilib, uni jismonan sindirishga harakat qiladi. Usik esa o‘zining texnikasiga tayanib, aldashga intiladi. Qisqa qilib aytganda, kim o‘zining taktikasini o‘tkaza olsa, o‘sha yutadi. Ammo, ukrainalik bokschida yosh ham biroz kattaroq. Shuning uchun uning jismoniy holati pand berib qo‘ymasmikan, degan fikrdaman. Biroq, shogirdim Bahodir Jalolov bo‘lganda Joshuani albatta yutardi. Chunki, bizda eng zo‘r maktab, eng zo‘r zarba va ajoyib harakatlar bor. Biroq, bunga biroz vaqt kerak. Professional boksda yana uch-to‘rtta jang zarur bo‘ladi.

qilichev

Maqsud Jumaev – murabbiy

- Chiroyli va qiziq jang bo‘ladi. Imkoniyatlar borasida to‘xtalsak, Usik mukammal bokschi. Unda taktik, texnik jihatdan ustunlik bor. Shuningdek, har bir jangda turli taktikalarni qo‘llaydi. Ya’ni, jangga qarab, taktikani o‘zgartirib boraveradi. Chidamli ekanligini ham aytib o‘tsak, bo‘ladi. Umuman olganda, ukrainalik bokschining imkoniyati yuqori.

maysud

Farrux Qilichev – murabbiy

- Bu jang tomshabop va shiddatli o‘tishi tayin. Imkoniyatlarga to‘xtalsak, izohga hojat yo‘q. Shunchaki Usik yutadi.

farrux_1

Bobur Najmiddinov – murabbiy

- Jangda kimning imkoniyati yuqori ekanligi borasida fikr bildirish qiyin. Ammo, Usikka muxlislik qilaman va uning g‘alaba qozonishiga tilakdoshman.

Bobur Najmiddinov

Hasanboy Do‘smatov – bokschi

- Hozirda har ikki bokschining jismoniy holati juda yuqori. Oldindan biror fikr bildirish juda qiyin. Barchasini ring ko‘rsatadi. Ikkisining ham kuchli jihatlari bor. Misol uchun Usikda texnika yuqori bo‘lsa, Joshuada kuchli zarba bor. Agar, jang 12-raund davom etadigan bo‘lsa, Usikning yutib qo‘yish ehtimoli yuqori, deb bilaman. Chunki, ukrainalik bokschi charchamaydi va Joshuaga nisbatan anchagina tezroq. Mabodo Joshua o‘zining aniq, o‘ylangan zarbasini yo‘llay olsa, jang muddatidan avval yakunlanadi. Sababi, ingliz bokschisining zarbasi juda qattiq.

xasanboy

Bahodir Jalolov – bokschi

- Og‘ir vazn toifasida avvaldan biror fikr bildirish qiyin. Chunki, bitta zarba jang taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Lekin Joshuada imkoniyat ko‘proq, deb o‘ylayapman. Sababi, bu vazn o‘ziniki, Usik esa asosan bitta past vaznda harakat qilgan va ko‘p bo‘lmadi, bu vaznga o‘tganiga, biroq, bu boks va unda har qanday holat bo‘lishi mumkin.

baxo

Isroil Madrimov – bokschi

- Bularning jangi barcha uchun qiziq. Aslida, taxmin qilishni yoqtirmayman. Ammo, bu ikkisining o‘ziga yarasha kuchli jihatlari bor. Imkoniyatlarni 50/50, degan bo‘lardim. Joshuada og‘ir, nokautga uchratuvchi zarba bor. Usik esa, kuchli bosim qiladi va jang mobaynida juda ko‘p zarbalar yo‘llagan holda raqibini charchatadi. Agar, Joshua nokaut bilan yutmasa va jang oxiriga qadar davom etsa, Usikni g‘alaba qozonish imkoniyati bor.

isa3

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
urazaliyev oybek
16/09/2021 09:33
Joshua g‘alaba qozonadi deb o‘ylayman
&
Турсун Ғани
07/09/2021 01:05
Бизнинг боксчиларга ҳам шундай ажойиб жангларда, чемпионлик камарларида иштирок этиш тез орада насиб қилсин деб ният қилиб қоламиз. Айниқса Баҳодир Жалолов, Исроил Мадримов, Фазлиддин Ғойбназаров, Шаҳрам Ғиёсов, Ҳасанбой ва бошқаларнинг ҳам тезроқ жангларга чиқишларига тилакдошмиз. Улардан ажойиб ғалабаларни кўтиб қоламиз. Омад барчаларига. Олға Ўзбегим Бокси. Биз сизларнинг яна профеционалларда ҳам чемпион бўлишингларга ишонамиз ва албатта шуни кутмоқдамиз. Олға ватандошлар...
&
Турсун Ғани
07/09/2021 01:05
Бизнинг боксчиларга ҳам шундай ажойиб жангларда, чемпионлик камарларида иштирок этиш тез орада насиб қилсин деб ният қилиб қоламиз. Айниқса Баҳодир Жалолов, Исроил Мадримов, Фазлиддин Ғойбназаров, Шаҳрам Ғиёсов, Ҳасанбой ва бошқаларнинг ҳам тезроқ жангларга чиқишларига тилакдошмиз. Улардан ажойиб ғалабаларни кўтиб қоламиз. Омад барчаларига. Олға Ўзбегим Бокси. Биз сизларнинг яна профеционалларда ҳам чемпион бўлишингларга ишонамиз ва албатта шуни кутмоқдамиз. Олға ватандошлар...