
Aleksandr Krestinin: "Bugun jang qilishdi, to‘psiz va to‘p bilan yaxshi o‘ynadik"
Superliganing 17-turda "Lokomotiv" o‘z maydonida "Qizilqum"ni qabul qildi va 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan so‘ng "Lokomotiv" bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Oson bo‘lmagan o‘yin edi, bu. Raqib juda tartibli harakat qiladi. Ko‘p gol kiritmaganiga yarasha, kam o‘tkazib yuboradi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Aytganimdek, yigitlarda potentsial katta. O‘ylaganimizning barchasi amalga oshdi. "Lokomotiv" ishqibozlarini g‘alaba bilan tabriklayman.
- "Lokomotiv" 20 daqiqada 4 ta golni qanday kiritdi?
- Albatta, biz uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rdik. Raqibning o‘yinini ham o‘rgangan edik. To‘g‘ri o‘ynadik. Oldingi chiziqda jamoaviy harakat qildik. Bugun rejalarimizning barchasini omadli ijro etdik. Yigitlar yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan edi. Ruhan bizga katta ishonch beradi.
- Darvozabon Suhrob Sultonovning almashgani o‘tkazib yuborgan gollari bilan bog‘liqmi?
- Bizda bir emas, 5 ta o‘zgarish bo‘ldi, bu bahsda. O‘tgan bellashuvdagi xulosalarimizdan kelib chiqib shu ishga qo‘l urdik. U mashg‘ulotlarda yaxshi ishlamoqda. Bugungi o‘yinga bizning tanlovimiz shunday bo‘ldi xolos.
- "Lokomotiv"ga o‘tgan bellashuvlarda nima etishmagan edi? Bugungi o‘yin fonida javob bersangiz?!
- Albatta, muammo o‘yin dinamikasida edi. Taktik yoki jismoniy tayyorgarlik borasida hech qanday muammo yo‘q edi. Bugun jang qilishdi va kerakli darajada maydon bo‘ylab harakat qilishdi. To‘psiz va to‘p bilan yaxshi o‘ynadik. Avvalgi qarama-qarshiliklarda buni amalga oshira olmagan edik.
- Laziz Mirzaevning bugungi harakatlari haqida fikringiz qanday?
- Biz omma oldida futbolchilarga baho bermaymiz. Jamoa haqida fikr bildirishimiz mumkin. Jamoa bugun ikkita gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Barchasini ko‘rib, tahlil qilamiz. Umuman olganda, oson bo‘lmagan raqibga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.
- Jamoa uy uchrashuvlarini neytral maydonda o‘tkazayotganingiz qay darajada ta’sir qilmoqda?
- Uy stadion albatta, yoqimli. Bilmadim, bu bizga yordam bera olyapti yoki yo‘q deb ayta olmayman. Biz bunday bo‘lishini avvaldan bilar edik va bunga tayyorgarlik ko‘rganmiz. Bu savolga e’tibor qaratmaymiz.
- Ikki haftalik tanaffusda jamoani tonusda ushlab turishda muammo bo‘lmaydimi?
- Biz inson organizmidagi o‘zgarishlarni bilamiz. Ikki hafta davomida kerakli ishlarni amalga oshiramiz. Bundan avvalroq, 3 haftalik pauza ham bo‘lgan edi. Bu normal vaziyat.
- FIFA kunida O‘zbekiston Qirg‘iz Respublikasi bilan o‘yinda rasmiy o‘yinda ishtirok etadi. Taxminingiz bormi?
- Biz murabbiylar taxmin qilmaymiz, ammo juda yaxshi o‘yin bo‘lishini ayta olaman. Bu aniq. Qirg‘izistonga hurmat saqlagan holda aytishim mumkin, O‘zbekiston bu bahsda favorit. Reyting hammasini ko‘rsatib turibdi. Qirg‘izistonning o‘yinini sinchiklab kuzataman va muxlislik qilaman. Bu mamlakat menga juda ko‘p narsa bergan.
Fikrlar