Alvares Golovkin bilan revansh jang bo‘lishini talab qilmoqda
Ikki vazn toifasining sobiq jahon chempioni meksikalik Saul “Kanelo” Alvares (49-1-2, 34 KO) Golden Boy Promotions promouterlik kompaniyasidan o‘rta vazn toifasining WBA (Super), IBO, WBC va IBF chempionlik kamarlari sohibi qozog‘istonlik Gennadiy Golovkin (37-0-1, 33 KO) bilan revansh jangini talab qilmoqda.
Bu haqda bokschining menejeri Xose “Chepo” Reynoso ESPN Deportes nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
– Ayni damda hech narsa hal qilinganicha yo‘q. Alvares va Golovkin revansh jangi borasidagi muzokaralar hali davom etadi. Biz kutyapmiz. Bizga hech narsa deyishmayapti, Golden Boy bilan ham gaplashmadik, – deydi Reynoso.
Bundan tashqari “Chepo” “Kanelo”ning Golovkin bilan bo‘ladigan ikkinchi jangga qiziqishi juda yuqoriligi hamda boshqa to‘qnashuvlarni to‘xtatib turganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Alvares mashg‘ulotlarga kirishgan. Fox Deportes nashrining ma’lum qilishicha, tomonlar revansh borasida kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, “Kanelo” va Golovkin to‘qnashuvi 5 may kuni Sinko de Mayoda bo‘lib o‘tadi.
Biroq jang o‘tkazilish joyiga hozircha aniqlik kiritilmagan. Bu qarama-qarshilikni qabul qilishda da’vogarlar orasida Las-Vegasdagi “T-Mobile Arena” arenasi etakchilik qilmoqda. Bokschilarning ilk jangi ham xuddi shu binoda o‘tkazilgan.

Fikrlar