Alvaro Arbeloa: "Bernabeu"da yana bir ajoyib kecha bizni kutib turibdi"

  • 06.04.2026 17:24
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Real" bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Chempionlar Ligasi chorak finalida "Bavariya"ga qarshi 7 aprel kuni bo‘ladigan birinchi o‘yin oldidan matbuot anjumanida fikr bildirdi.

Jurnalistlar Alvaro Arbeloga qaysi "Real"ni ko‘rishni istaydi deb so‘rashdi.

"Men har doim eng kuchli raqiblarga munosib qarshi turgan "Real"ni ko‘rishni istayman. "Bavariya" bu mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatyapti. Biz va "Bavariya" orasida har doim alohida tarix bor. "Bernabeu"da yana bir ajoyib Chempionlar Ligasi kechasi bizni kutib turibdi.

G‘alaba qozonish uchun o‘yinning barcha bosqichlarida yaxshi harakat qilish kerak. A’lo jamoa bo‘lish uchun birdamlik va kollektiv ruhga ega bo‘lish zarur. Men eng ko‘p shu jihatga e’tibor qarataman.

Bizning eng yaxshi futbolchilarimiz bor va biz dunyodagi eng yaxshi jamoa bo‘lishimiz kerak. Har bir futbolchining talanti jamoa manfaatiga xizmat qilishi lozim".

Jurnalistlar shundan keyin "Bavariya"ning nimasi yoqadi deb so‘rashdi.

"Bu jamoa juda yaxshi tayyorlangan. Ularning o‘yin uslubi va individualligi darhol ko‘zga tashlanadi. Himoyada ular juda agressiv, raqibni orqaga qaytishga majbur qiladilar. To‘pga egalik qilganda esa qanotlardan foydalanib imkoniyatlar yaratadilar.

Menimcha, bu jamoa juda muvozanatli va ko‘plab kuchli jihatlarga ega. Ular himoyada juda fidoyilik ko‘rsatadilar. Vensan Kompani alohida maqtovga loyiq, chunki u "Bavariya"da katta ishlarni amalga oshiryapti". 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!