Amorim Slotning so‘zlariga javob berdi: "Jamoamni kimdir baholashi shart emas"
Bundan bir hafta avval "Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot APLda "Manchester Yunayted"dan (1:2) mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng raqib "pastki blokda o‘ynadi va uzoq uzatmalarga tayandi", deb aytgan edi. Niderlandiyalik mutaxassisning ushbu gaplariga "qizil iblislar" ustozi fikr bildirdi.
"Men uchun Slot nima degani yoki odamlar jamoam haqida nima deyishadi — farq qilmaydi. Men o‘yinni ko‘rib, "biz yaxshiroq o‘ynay olamiz" deyishim mumkin va bu kelgusida shunday bo‘lishi kerak. Lekin ba’zida raqibga moslashish zarur bo‘ladi. Shuning uchun menga kimdir jamoamni baholashining hojati yo‘q.
Men o‘z jamoamni baholay olaman va menga aniqki, biz to‘p bilan yaxshiroq o‘ynashimiz kerak. Shuni amalga oshirish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz", — dedi "Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Ruben Amorim.
Eslatib o‘tamiz, bugun "Manchester Yunayted" o‘z uyida "Brayton"ni qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 21:30’da start oladi.
Fikrlar