Amorim zo‘r futbolchi tanladi

  • 24.11.2025 10:07
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Manchester Yunayted” qishki transfer oynasi vaqtida “Vulverxempton” yarim himoyachisi Joao Gomesni sotib olish variantini ko‘rib chiqmoqda.

Braziliya terma jamoasi futbolchisining xizmatlariga manchesterliklar bosh murabbiyi Ruben Amorim shaxsan qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Record nashri xabar bermoqda.

Manbaning xabar berishicha, Gomes manchesterliklar  tomonidan Karles Baleba (“Brayton”) va Elliot Anderson (“Nottingem Forest”) uchun arzonroq muqobil variant sifatida ko‘rilmoqda. Ta’kidlanishicha, “Manchester Yunayted” 24 yoshli Gomes uchun taxminan  50 million evro atrofida mablag‘ to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Joriy mavsumda “bo‘rilar” yarim himoyachisi barcha musobaqalarda 14 ta o‘yinda ishtirok etib, bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2030 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 40 million evroni  tashkil etadi.

Gomes Braziliya terma jamoasi safida 10 ta o‘yin o‘tkazgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!