Ana xolos! Jasurning sobiq jamoasi Evropa Superligasida qatnashish uchun Peresga murojaat qildi
Joriy mavsumning birinchi yarmida Jasur Jaloliddinovni “Lokomotiv”dan ijaraga olib, faqatgina Rossiya kubogi uchrashuvida bir necha daqiqa o‘ynatgan “Tambov” klubi shov-shuv bo‘layotgan Evropa Superligasida ishtirok etish bo‘yicha liga rahbari Florentino Peresga murojaat qildi.
“Hurmatli Florentino Peres! “Tambov” klubining Rossiya premer-ligasida ishtirok etish imkoniyatlari juda past. Lekin biz yangi tashkil etilgan Evropa Superligasida qatnashishga tayyormiz. Ehtirom bilan “Tambov” futbol klubi”, - deyiladi “Tambov” klubining tvitterdagi rasmiy sahifasida.
Albatta, bu “Tambov” klubining hazili edi. Ayni paytda ko‘plab mamlakatlar futbol federatsiyalari Evropa Superligasi loyihasiga qarshi chiqmoqda. Jumladan, Rossiya futboli mutasaddilari ham bu g‘oyani oqlagani yo‘q.
19 aprel kuni tuzilgani e’lon qilingan Evropa Superligasida “Milan”, “Arsenal”, “Atletiko”, “Chelsi”, “Barselona”, “Inter”, “Yuventus”, “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Real” va “Tottenxem” jamoalari qatnashishga rozi bo‘lgan.



Fikrlar