Ana xolos: Messi endi “Inter Mayami”ga yordam berolmaydi
MLS muntazam chempionati boshlanishiga atigi 10 kun qolgan pallada “Inter Mayami” yetakchi oʻyinchisi Lionel Messining xizmatlaridan foydalanа olmаydigan boʻldi.
Klubning xabar berishicha, argentinalik futbolchi Ekvadorning “Barselona”siga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida (2:2) son orqa mushagi paylarini choʻzib olgan.
Messi ushbu bahsdan keyin jamoa mashgʻulotlarida qatnashmadi, chunki mushakdagi taranglik hamon saqlanib turibdi. Klub shifokorlari futbolchining holatini har kuni kuzatish zarur deb hisoblab, ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda.
“Inter Mayami” yangi mavsumni 21 fevral kuni “Los-Anjeles”ga qarshi safar oʻyini bilan boshlanadi. Bu jamoa safida Son Hyun Min va Deni Buanga singari taniqli futbolchilar toʻp suradi.
Floridaliklar bosh murabbiy Xavyer Maskerano 38 yoshli Messining tiklanishida shoshma-shosharlik qilmaslik muhimligini taʼkidlamoqda, chunki uning butun mavsum davomidagi ishtiroki bitta oʻyindan koʻra muhimroq. Ayniqsa, oldinda 2026 yildagi jahon chempionati ham bor.
Messining yoʻqligida hujumda yangi futbolchi Xerman Berterame asosiy rolni bajarishi kutilmoqda. Oʻtgan mavsum Messi “gol + pas” tizimi boʻyicha 48 ochko toʻplab, liga tarixidagi ikkinchi eng yaxshi natijani qayd etgan edi.
Bu mavsumda “Inter Mayami” uchta musobaqada bosh sovrin uchun kurashadi. Bundan tashqari, aprel oyida yangi “Mayami Fridom Park” stadioni ochilishi rejalashtirilgan. Jamoa bilan shartnomasini 2028 yilning oxirigacha uzaytirgan Messi ushbu arenaning asosiy yulduzi boʻlishi kutilmoqda.
Fikrlar