
"Andijon" - "Mash’al" o‘yinini bir emas, ikkita sharhlovchi sharhlaydi, chunki...
28 oktyabr kuni pro liganing 24-turida “Andijon” o‘z maydonida Muborakning “Mash’al” klubini qabul qilishidan xabaringiz bor.
O‘yinning ahamiyati ayniqsa, mezbonlar uchun juda muhim. Boisi, Superliga masalasini hal qilgan “Burgutlar” g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, 1-o‘rinni ham muddatidan oldin hal qilib qo‘yadi va “Pro liga-2022” g‘olibiga aylanadi.
“Andijon” klubi matbuot xizmatining xabariga qaraganda, musobaqa g‘olibligi uchun kurashayotgan mazkur jamoa ishtirokidagi uchrashuvni yana tandem ko‘rinishida sharhlab boradilar. Bu safargi juftlik – Davron Fayziev hamda Bobur Akmalov. Bellashuv "FutbolTV" telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi.
Umuman olganda, ikkala jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar hamma vaqt qiziqarli tus olgan. Shu sababli tomonlarning o‘zaro uchrashuvlarida ham natijalar har xil.
Demak, klublar hozirga qadar 37 marta to‘qnash kelishgan. Statistik raqamlar shuni ko‘rsatyaptiki, “Andijon”da 13 ta, “Mash’al”da esa 18 ta g‘alaba bor. Shuningdek, 6 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. Lekin oxirgi ikki yilda “Andijon” raqibiga yutqazmayapti. Masalan, o‘tgan yili Andijonda durang, Muborakda esa uch ochko qo‘lga kiritilgan. Bu yil esa shu paytgacha uch marta to‘qnash kelishdi va ularning ikkitasida jamoamiz g‘alaba qozondi, yana bir uchrashuv durang bilan yakun topdi.
Fikrlar