Qadrlanmayotgan yulduz? Rodrigo "Real"ni tark etishi mumkin
Karlo Anchelottining "Real"dan ketishi aniq bo‘ldi. Shu bilan birga, Lukas Vaskes ham jamoani tark etmoqda. Tushunarli ketish vaqti kelib qolgan murabbiy va futbolchi. Ammo katta nomlardan biri ham Madrid klubi bilan xayrlashishi mumkin. Gap Rodrigo haqida ketmoqda.
2019 yili "Santos"dan "Real"ga kelib qo‘shilgan vinger keyingi yillar davomida jamoaning asosiy futbolchisiga aylanib oldi. Aslida chap qanot vingeri hisoblangan braziliyalik o‘ng qanotga o‘tkazildi va bu muvaffaqiyatli bo‘ldi. Muhim o‘yinlarda ham katta sahnaga chiqishdan qo‘rqmaydigan, muxlislar maqtanib yuradigan kambeklarda muhim gollarni urgan Rodrigo uchun mavsum unchalik ham omadsiz o‘tgani yo‘q: 13 ta gol urdi va 10 ta assist amalga oshirdi.
Rodrigoning so‘nggi "El-klasiko"da maydonga tushmagani ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Uning kichik jarohati borligi aytildi, lekin "Marca"ning ma’lum qilishicha, futbolchining o‘zi uchrashuvdan oldin o‘ynashga tayyor emasligini aytgan. Vinger uchun so‘nggi oylar qiyin o‘tdi. Rodrigo o‘zini klubda etarlicha qadrlanmayotgandek his qilmoqda, ya’ni o‘zini Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Jud Bellingemlarning soyasida qolib ketmoqda, deb hisoblaydi.
E’tibor bersangiz, Rodrigo gollarini mana shunday nishonlaydi.

Bu Jon Senaning albomlaridan birining nomiga borib taqaladi: "You can't see me". "Sen mening tengim emassan, yoki men shunchalik zo‘rmanki, sen buni ko‘ra olmaysan", deb talqin qilinadi. Ushbu gol nishonlash bilan Rodrigo ham shunday demoqchi.

Rodrigoning kelajagi hali ham ochiq. U ketish yoki qolishi bo‘yicha tez orada bir qarorga kelishi kutilmoqda.



Fikrlar