“Andijon” etakchilikni “Navbahor”dan tortib oldi

  • 1 aprel, 2024, 13:35
  • Bekzod Isayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

28-31 mart kunlari Superligada 4-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.

Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.

Ligaga qaytgan “Dinamo” juda qiyin taqvimga duch kelgandi. Vadim Abramov shogirdlari nihoyat 4-turda irodali o‘yin namoyish etib, ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Mirjalol Qosimov o‘zi uchun yaxshi tanish bo‘lgan “Bunyodkor”ni taslim etdi. “Qaldirg‘ochlar” yangi bosh murabbiy bilan dastlabki bahsda mag‘lubiyatga uchradi. Shu kunga belgilangan “Qizilqum” – “Lokomotiv” bellashuvi o‘yinga mos tarzda nursiz durang bilan yakunlandi.

“Andijon” nafaqat muxlislik borasida, balki o‘yin tomonlama ham “Nasaf”ga qarshilik ko‘rsatdi. “Burgutlar” ajoyib to‘qnashuvda ochko olishdi. “Paxtakor” yana mag‘lubiyatga uchradi. Toshkentliklar o‘z maydonida “So‘g‘diyona”dan engildi.

“Surxon” Namanganda 2 ta gol urib, muvaffaqiyatga erishishiga bir taym kamlik qildi. Futbol 90 daqiqa ekanligini “Navbahor” ko‘rsatib qo‘ydi. “Olimpik” terma jamoaning saralash bosqichiga yaxshi kayfiyatda yo‘l olmoqda. Timur Kapadze shogirdlari Superliga etakchisi bo‘lib turgan “Neftchi”ni hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada mag‘lubiyatga uchratdi.

Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.

2-turda stadionlarimizga jami 29813 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 4259ni tashkil qiladi.

“Andijon” – “Nasaf” o‘rtasidagi turning markaziy o‘yini shubhasiz muxlislar borasida birinchi bo‘ldi. Ushbu bahsga 14861 ishqiboz keldi.

Ilk turdanoq tomoshabinlar statistikasi bo‘yicha etakchilikni qo‘lga olgan “Navbahor” bu gal o‘z o‘rnini qo‘shnisi “Andijon”ga bo‘shatib berdi. Namanganliklarning “Surxon” bilan o‘yiniga 9857 ishqiboz tashrif buyurdi. Shuni qayd etish kerakki, bellashuvga kirish bepul qilib qo‘yilgandi. Ammo arenada 10 000ga yaqin odam bor edi.

Eng kam tomoshabin Qarshida. “Qizilqum” stadionidagi ta’mirlash ishlari sabab o‘z o‘yinlarini Qarshidagi “Markaziy” stadionda o‘tkazmoqda. Navoiyliklarning “Lokomotiv”ga qarshi o‘yiniga 429 ta odam keldi.

Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):

“Andijon” – “Nasaf” 1:1. 14861 tomoshabin

“Navbahor” – “Surxon” 2:2. 9857 tomoshabin

“Olimpik” – “Neftchi” 1:0. 2344 tomoshabin

“Dinamo” – “Metallurg” 2:1. 921 tomoshabin

OKMK – “Bunyodkor” 1:0. 845 tomoshabin

“Paxtakor” – “So‘g‘diyona” 2:3. 556 tomoshabin

“Qizilqum” – “Lokomotiv” 0:0. 429 tomoshabin

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
hojiakbar abdulboqiyev
05/04/2024 17:26
neftchi paxtakor andijon nasaf kelsin mexmon bolib stadionimizga muhlislar sig'masligi aniq
hojiakbar abdulboqiyev
05/04/2024 17:24
brinchidan ramazon namanganda odamlar taravoh namoziga chiqishadi ikkinchidan biz chempionlikka davogar jamoa bilan emas surxon bilan o'ynadik shuni hisobga olib qoying hurmatli jurnalist va andijon muhlislari
Axrorbek Abduxolikov
08/04/2024 17:08
andijonda ham tarovehga chiqadi faqat namanganlilar chiqadi deb oylodizmi
&
Дядя ПИТЕР.!
01/04/2024 16:30
Андижон агар шу кетишта ютиб турса
СТАДИОН СИГНАЛ ИДУНА ПАРК Йуге БОБУР АРЕНА МУХЛИСЛАР УЧУН ТОРЛИК КИЛИБ КОЛАДИ-ёввввввв