"Andijon" futbolchisi: "Yana bir tarixni yaratamiz"

  • 08.12.2025 22:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Andijon” klubi uchun hali mavsum yakunlangani yo‘q. Yaxshi bilasiz, oldinda “Burgutlar”ni OChL 2 doirasida Qatarda “Al-Ahli”ga qarshi muhim bellashuv kutib turibdi.

Shu maqsadda jamoa a’zolari Toshkentda astoydil mashg‘ulotlarga kirishdi. Iqtidorli futbolchilardan biri Abdurahmon Komilov ham astoydil shug‘ullanmoqda.

Aytish kerakki, u chempionatning so‘nggi turida “Bunyodkor”ga qarshi g‘alaba qozongan uchrashuvimizda ham yaxshi taassurot qoldirdi.

Futbolchi klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- "Andijon" chempionatning so‘nggi o‘yinida Toshkentda "Bunyodkor"ni taslim qilish orqali Superligada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoldi va pley-offni chetlab o‘tdi. Ushbu o‘yindagi g‘alabadan keyin katta mas’uliyat bajarildi va o‘zingiz qanday his etdingiz?

- Assalomu alaykum! Oxirgi turdagi uchrashuvda barchasi o‘z qo‘limizda edi. Xudoga shukrki, bizga berilgan vazifani bajardik. O‘sha o‘yinda g‘alaba qozondik va pley-offga qolmadik. Ushbu vazifani bajarganimizdan juda xursandmiz.

- Endi oldinda jamoani Qatarda "Al-Ahli"ga qarshi juda muhim o‘yin kutmoqda. Bu uchrashuvda ham “Andijon”ni faqat g‘alaba qoniqtiradi. Bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik qanday olib borilmoqda?

- Bu uchrashuvga kelsak, hammamiz tushunib turibmizki, g‘alaba qozonsak guruhdan chiqamiz, Xudo xohlasa. Yana bir tarixni yaratamiz. Tayyorgarligimiz juda yaxshi ketyapti. Nasib bo‘lsa, ushbu uchrashuvda ham g‘alaba qozonib, barcha muxlislarimizni xursand qilamiz.

- Ma’lumki, o‘yin 24 dekabrda bo‘ladi. Ungacha vaqt bor. Oraliq muddatning biroz kattaligi biz uchun yaxshimi yoki...

- Bizda chempionat tugadi. Oraliq esa biroz katta. Lekin biz hozirda yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Oldimizda o‘rtoqlik uchrashuvlari bor. Nasib bo‘lsa, hammasi yaxshilikka. Muhimi, 24 dekabr kuni g‘alaba qozonishimiz zarur.

- Jamoaga Samvel Babayan bosh murabbiy etib tayinlandi va uning debyuti aynan OChL 2 bahsiga to‘g‘ri keladi. Yangi murabbiy bilan ishlash jarayoni siz uchun qanday kechmoqda?

- Murabbiy bilan hammasi yaxshi ketyapti. Berilayotgan ko‘rsatmalarini bajarib, yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Nasib qilsa, ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonamiz.

- Shuningdek, yangi mavsumda jamoaning rejalari va maqsadlari katta. Shuni hisobga olganda, yangi mavsumdan nimalar kutyapsiz?

- Ha, to‘g‘ri aytasiz. Yangi mavsumga rejalar katta. Yuqori o‘rinlarni egallash maqsadi qo‘yildi. Shu sababli “Andijon” muxlislarini xursand qilib, sovrinli o‘rinlarni egallashga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!