
"Andijon II"dan dastlabki sensatsiya yoxud iqtidorli futbolchisi Frantsiya klubi nishonida!
Andijondagi Sho‘rbuloq futbol akademiyasi hamda “Shirin-Gaz-Servis SGS” hamkorligida tashkil etilgan “Andijon II” jamoasi bu yil O‘zbekiston birinchi liga musobaqasida o‘z ishtirokini boshlaydi. E’tiborlisi, xususiy klub hisoblanadi.
Shoxruh Ishanov bosh murabbiylik qilayotgan mazkur jamoa tarkibi asosan akademiya tarbiyalanuvchilaridan tashkil topganligi e’tiborga molik. Yaqinda O‘zbekiston Kubogining saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, guruh bosqichiga yo‘l oldi. “Andijon II” eng yosh jamoa sifatida e’tirof etildi. Futbol akademiyasida ularni tantanali kutib olishdi. O‘sib kelayotgan iqtidor egalariga o‘zimizdan va xorijdan yaxshigina takliflar bo‘lyapti. Sports.uz muxbiri fursatdan foydalanib jamoa ustozi Shoxruh Ishanovning fikrlari bilan qiziqdi.
- Musobaqadan oldin bizga ko‘pchilik ishonmagandi, - deya gap boshladi, bosh murabbiy. - Hatto, Kubok saralash bahslariga qur’a tashlanganidan keyin bizni autsayderlar qatoriga qo‘shib qo‘yishdi. Birinchi uchrashuvdan keyin tarkibi asosan yoshlardan tashkil topgan ekan, deya bizga jiddiy qarashmadi. Bu holat ham jamoamizga qandaydir kuch berdi, ruhiy dalda bo‘ldi. Baribir biz Kubokning uchta bosqichidagi o‘yinlarga jiddiy tayyorlangandik. Avvalambor, jamoamizni birinchi ligada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lganidan xursandman. Buning uchun rahbarlarimizga minnatdorchilik bildiraman. Rahimov Zafarxo‘ja Akramxo‘jaevichga klubimiz nomidan katta rahmat. Qolaversa, akademiyamiz direktori Madrahimov Nasibillo Murodovichga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Yanvar oyida Xonobodda 20 kunlik o‘quv-yig‘in mashg‘ulotini uyushtirib berdi. Bundan tashqari, Farg‘onada “Hokim Kubogi”da qatnashishimizga ham ko‘maklashdi. Keyin “Navbahor-farm” jamoasi bilan ikkita o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdik va har ikkisida ham durang o‘ynadik. Shuningdek, “Navbahor” U-19 va “Andijon” U-19 jamoalari bilan ham maydonga tushdik. Mana shunday tayyorgarlik ko‘rib Toshkentga yo‘l oldik.
Kubok saralashining ilk uchrashuvi juda qiyin bo‘ldi. Avvaliga yomg‘ir yog‘di. Keyin qorga aylanib ketdi, maydon qorga burkandi. Birinchi taymdan keyin ham maydonni tozalash uchun tanaffus yana 15 daqiqaga cho‘zildi. Qo‘l ostimdagi yigitlarga katta rahmat aytaman. Barcha vazifalarni to‘liq uddaladilar. Uchta uchrashuvda uchta qizil kartochka ko‘rsatildi. Bu ham bizga katta yordam berdi. Ilk o‘yinda penaltilar seriyasida omad bizga kulib boqdi. Ikkinchi bellashuvda “Aral” bilan o‘ynadik. Bu kuchli raqibligini bilardik. Shuni aytmoqchimanki, bizning jamoa asosan yoshlar negizi ostida qurilgan. Asosiy tarkibda hali 17 yoshga to‘lmagan 6 nafar futbolchimiz doimiy ravishda maydonga tushdi. Keyin 8 nafar o‘yinchimizni alohida ta’kidlamoqchimanki, ular avval Server Jeparov boshchiligidagi o‘smirlar terma jamoasida to‘p surishdi. Keyin Rauf Inileev jamoasiga o‘tdilar. Darvozabon Asilbek Tojiddinov, ximoyachi Fayzulla Nurmuhammedov, Abubakr Rejabaev yarim himoyachi Zayniddin Hamraboev, Fazliddin Zuxriddinov, hujumchilar Azizbek Usmonov, Hamidillo Karimov, O‘ktambek Abdumalikov...bular terma jamoa a’zolari. Bu futbolchilar bilan faxrlanaman. Hali bunaqasi Andijon tarixida bo‘lmagan. Chunki bitta klub safidagi 8 nafar o‘yinchining o‘smirlar terma jamoasida to‘p surishi katta natija. “Aral” bilan o‘yinga kelsak, o‘yinchilarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi kuchli edi. Uchinchi uchrashuvda “Yunired” bilan o‘ynadik. Ular “Shahrixonchi”ni yutib keyingi bosqichga chiqqandi. Tan olish kerak, bu raqib yanada kuchli edi. Uchinchi bosqichga chiqqan jamoalar orasida kuchsizi bo‘lmaydi. “Yunired” bilan bahsda Azizbek Usmonov hal qiluvchi golni urdi va biz yutib ketdik.
Azizbek Usmonovga Frantsiya klubidan rasmiy taklifnoma keldi. Shu futbolchimizni ular ko‘rikka chaqirishyapti. Uni Zafar aka Rahimovning o‘zi birga olib boradi. Ayni damda muzokaralar davom etyapti. 70-75 foizga kelishib bo‘lindi. Maqsadimiz bizning tarbiyalanuvchilarimiz o‘zimizning kuchli klublarda va Evropa jamoalarida to‘p surishlarini xohlaymiz. Shuningdek, Zayniddin Hamraboevga Moskvaning “Lokomotiv” klubi akademiyasi bir yil davomida qiziqib kelyapti. “Bunyodkor”, “Lokomotiv” kabi jamoalardan ham shogidlarimizga qiziqishlar bor.
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi birinchi o‘yinni “Bobur arena”da “Olimpik” klubiga qarshi o‘tkazamiz. ”Olimpik” ham yoshlardan tashkil topgan jamoa edi. Bu yil Superligaga chiqdi. Futbolchilarimiz ular qilgan ishni ham biz bajarsak bo‘ladi, deya ruhiy tarafdan o‘zlariga ishonishyapti. Bo‘lajak o‘yingacha taktik xatolarimiz ustida ishlaymiz. Uchrashuvda kuchli jamoa yutadi. “Olimpik” O‘zbekiston olimpiya terma jamoasidan tashkil topgan jamoa hisoblanadi. Bu erda o‘z amplualarining ustalari yig‘ilgan. Shunga qaramay, “Olimpik”ning o‘yinlarini ko‘rib chiqyapmiz. Baribir har bir jamoaning nozik joyi bo‘ladi. O‘z ustimizda ishlashda davom etamiz. Ammo futbolchilarimizdan yutamiz, degan talab yo‘q. Chunki o‘zi bitta sensatsiyani yaratib bo‘ldik. Lekin natija va muxlislar uchun o‘ynaymiz, - dedi Ishanov.
Fikrlar