
"Andijon" nazorat o‘yinida 5 ta gol urdi. Tarkibda yangi futbolchilardan kimlar bor?
Yozgi yig‘inini Toshkentdagi Do‘rmon sport qarorgohida olib borayotgan “Andijon" rejaga ko‘ra ilk o‘rtoqlik uchrashuvini pro liga vakili Nukusning “Aral” jamoasiga qarshi o‘tkazdi.
Bellashuvga to‘xtalishdan avval muxlislarni qiziqtirayotgan tarkibdagi o‘zgarishlarga biroz to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Xabaringiz bor, "Andijon" hozircha rasman Vagiz Galiulin bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, u hozirda mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, tarkibda yana bir qator yangi o‘yinchilar ham bor va ular ayni paytda ko‘rikdan o‘tmoqdalar. Jumladan, qozog‘istonlik 19 yoshli iqtidorli yarim himoyachi Nurimbet Abinur, “Surxon”ni tark etgan himoyachi Aziz Pirmuhammedov, OKMKdan himoyachi Jahongir Fozilov va aka-uka Diyor hamda Baxtiyor Tojievlarni aytish mumkin. “Aral”ga qarshi o‘yinda murabbiylar barcha yangi o‘yinchilarni sinovdan o‘tkazdilar. Shuningdek, yig‘inda “Andijon” o‘rinbosarlar jamoasidan Saidmurod Karimov va Shoxjahon Yorqinboev ham jalb qilingan.
Bevosita o‘yinga kelsak, barchasi "Andijon" murabbiylarining nazorati ostida o‘tdi va bir qator oldindan o‘ylab qo‘yilgan rejalar amalga oshirildi. Dastlabki gol hujumchi Saidmurod Karimovning hisobiga yozildi. Ikkinchi golda esa zaxiradan maydonga tushgan Farhod Sohibjonov o‘zining ajoyib pasi orqali qozog‘istonlik Nurimbet Abinurni qulay vaziyatga chiqardi. O‘z navbatida ushbu o‘yinchi bunday imkoniyatdan ustalik bilan foydalanib qoldi.
Qolgan gollar tanaffusdan keyin kiritildi. Murabbiylar ikkala bo‘limda ham zaxiradan futbolchilarni maydonga tushirishdi va rejaga binoan barcha o‘yinchilarga imkoniyat berildi. Barcha jabhada faol o‘yin ko‘rsatgan "Burgutlar" uchinchi golni chiroyli kombinatsiya orqali kiritdilar. Ilhom Abdug‘aniev, Farhod Bekmuratov, Bektemir Abdumannonov kombinatsiya orqali raqib jarima maydoni ichiga kirib bordilar va uning yakuniy nuqtasini Luka Zgurskiy qo‘ydi ham hisobni yiriklashtirdi.
Tinib-tinchimas Farhod Bekmuratov esa jamoasining boshlagan hujumini ajoyib gol bilan yakunladi. U jarima maydoni ichiga kirmasdan o‘zining aniq va kuchli zarbasi bilan darvozabonni ojiz qoldirdi. O‘yinga nuqta qo‘ygan oxirgi gol Bektemir Abdumannonov hisobiga yozildi. Biz asosan golli vaziyatlarga to‘xtaldik. Bulardan tashqari, yana bir qancha holatlarda futbolchilar golli imkoniyatlardan foydalana olmadilar. O‘z navbatida ikkala bo‘limda maydonga tushgan darvozabonlar ham jamoani gollardan saqlab qoldilar. Shu tariqa, “Andijon” yozgi yig‘indagi ilk o‘rtoqlik uchrashuvida “Aral”ni 5:0 hisobida taslim qildi.
“Andijon” jamoasi rejaga ko‘ra yig‘inini davom ettirmoqda. Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan olib borilyapti. Tarkibda yana ayrim o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Shunday ekan, jamoaga qo‘shilib, shartnoma imzolaydigan va tark etadigan o‘yinchilar borasida tez orada rasmiy ma’lumotlar beraladi. “Burgutlar”ning navbatdagi o‘yini esa 20 iyul kuni “Qizilqum”ga qarshi bo‘lib o‘tadi.
“Andijon” – “Aral” – 5:0 (2:0).
16 iyul. Toshkent. “Do‘rmon” sport qarorgohi.
Hakamlar: Shavkat Nasibullaev, Islom Azimov, Sherzod A’zamov
“Andijon” jamoasining boshlag‘ich tarkibi: Mohir Komilov, Islom Mamatkazin, Jahongir Fozilov, Aziz Pirmuhammedov, Abdurahmon Komilov, Shoxjahon Yorqinboev, Sherzod Esanov, Muhammadkarim Toirov, Rustam Turdimurodov, Nurimbet Abinur, Saidmurod Karimov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Shaxrom Samiev, Farhod Sohibjonov, Abdulvohid G‘ulomov, Vagiz Galiulin, Maksim Sarraf, Ilhom Abdug‘aniev, Farhod Bekmuratov, Diyor Tojiev, Levan Arveladze, Ilhom Alijonov, Sardor Azimov, Ildar Mamatkazin, Luka Zgurskiy, Baxtiyor Tojiev.
“Aral” jamoasining boshlang‘ich tarkibi: Shoxjahon Nasimov, Bekzod Axmedjonov, Anvar Fayzullaev, Rasul Musaev, Narxon Sheripov, Shamsiddin Sa’dullaev, A’zam Aliev, Izzat Abdulxakov, Izzat Quttiboev, Aziz Umirbekov, Arslan Yusupbaev.
Gollar: Saidmurod Karimov, Nurimbet Abinur, Luka Zgurskiy, Farhod Bekmuratov, Bektemir Abdumannonov.
Fikrlar