"Andijon" U21 jamoasi ham xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etadi

  • 13 sentabr, 2023, 13:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Ma’lumki, yaqinda “Andijon” jamoasi Qirg‘izistonning Jalolobod shahriga safar qilgan holda bir qator tadbirlarda qatnashib qaytdi va memorandumlar ham imzolandi. Ushbu kelishuvga muvofiq 14 sentyabr kuni Andijondagi klub qarorgohidagi maydonda “Andijon” U21 bilan O‘shning Asilbek Momunov nomidagi futbol akademiyasi o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. O‘yin soat 15:00 da boshlanadi.

Ma’lumot uchun, Asilbek Momunov 1966 yilda tavallud topgan va Qirg‘izistondagi eng iqtidorli, taniqli futbolchilardan biri bo‘lgan. 1994 yili “Paxtakor”da ham to‘p surgan. Biroq 1996 yilning 29 mart sanasida baxtsiz hodisa yuz bergan va avtohalokatda vafot etgan. O‘shanda 30 yoshda edi. O‘shdagi futbol akademiyasiga aynan Asilbek Momunov nomi berilgan. Bu Qirg‘izistondagi eng kuchli futbol akademiyasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, u erda xuddi bizning pro liga kabi milliy ligasida Asilbek Momunov nomidagi futbol jamoasi qatnashadi. Milliy ligasida 16 ta jamoa ikkita zonaga bo‘lingan. Bular – “A” va “B” zonalar deb ataladi. 8 ta jamoa ikkita davradan o‘yin o‘tkazadi. Momunov nomidagi akademiya jamoasi o‘z mintaqadasida 1-o‘rinda. Har bir bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni olgan jamoalar pley-offda Qirg‘iziston prem’er-ligasiga beriladigan ikkita yo‘llanma uchun kurashadilar.

Hozirgi paytda o‘sha hal qiluvchi raund boshlanish arafasida. Aynan bo‘lajak muhim bahslar oldidan ular kuchliroq sparring-raqib bilan o‘yin o‘tkazish maqsadida akademiya direktori Timur Abdullaev murojaat bilan chiqdi va natijada xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishiga kelishib olindi.

Akademiya tarkibi 2005-2006 yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat. 14 sentyabr kuni mehmonlar ertalab “Do‘stlik” chegara postidan o‘tib keladilar. Shuni ham qo‘shimcha qilish lozimki, yaqinda Jaloloboddagi tadbirda mazkur akademiya Andijon futbol akademiyasi bilan memorandum imzolagan.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun, Asilbek Momunov nomidagi futbol akademiyasi Milliy ligada o‘zining oxirgi o‘yinin 7 sentyabr kuni “Anadolu”ga qarshi o‘tkazdi va safardagi bahsda 1:6 hisobida g‘alaba qozongan. Bu jamoa o‘z mintaqasida 14 ta o‘yinda 10 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etib, to‘plar nisbatini 54/22 ga etkazib, 31 ochko bilan yakka peshqadamlikni qo‘liga olgan. Undan keyingi 2-o‘rin “Tepe-Korgon”ga nasib etdi. Shuningdek, “A” zonasida 1-o‘rin “Issik-ko‘l Muras”ga tegishli va 2-pog‘onada “Nashe” jamoasi.

Bundan tashqari, mehmonlar Andijon futbol akademiyasiga borib, u erdagi shart-sharoitlar va infratuzilma bilan yaqindan tanishishlari ko‘zda tutilgan.

“Bu Qirg‘izistondagi eng kuchli futbol akademiya hisoblanadi. Xudo xohlasa, kelajakda “Andijon” klubi ushbu akademiya bilan ham tanishib keladi. Bunday uchrashuvlar juda muhim. Kuni kecha Qirg‘iziston milliy terma jamoasi safarda Quvaytni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ya’ni, Qirg‘iz futboli ham o‘ziga xos rivojlanish bosqichida. Internet orqali ko‘rdim, bu katta maydonga va katta hududga ega bo‘lgan akademiya. Shu bois u erga ham borib, qirg‘izistonlik do‘stlarimiz bilan tanishib, yoshlar yo‘nalishida ham yana boshqa o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil qilib, birgalikda rivojlanish bo‘yicha ishlar olib boramiz”, deya fikr bildirdi “Andijon” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev.

"Andijon" matbuot xizmati.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!