Andijon viloyati hokimi: Etti yildan beri natija kutyapman, yana qancha kutishim kerak?
Xabaringiz bor, bugundan Superligamizning uchinchi tur bahslariga start berildi. Mazkur turdagi markaziy uchrashuvlardan biri esa Andijonda bo‘lib o‘tishi ko‘pchilik tomonidan ilgari surilmoqda. Boisi, yakshanba kuni Andijondagi “Sog‘lom avlod” stadionida vodiy derbisi doirasida “Andijon” jamoasi Namanganning “Navbahor” klubini qabul qiladi.
Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi andijonliklar uchun esa mavsum omadsiz boshlandi. Boisi, dastlabki turda Toshkentda “Lokomotiv”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, ikkinchi turda Qarshida “Nasaf” jamoasiga ham xuddi shu hisobda imkoniyat boy berildi. Endi esa “Burgutlar”ni oldinda yana bir jiddiy sinov kutib turibdi. Ko‘pchilik uchun esa “Andijon” hamda “Navbahor” o‘rtasidagi uchrashuv katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Bugun, ya’ni, 13 mart kuni Andijondagi “Yoshlar markazi”da jamoa a’zolari bilan ashaddiy muxlislar o‘rtasida o‘ziga xos uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda esa Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonov ham bevosita ishtirok etdi. Shuningdek, OAV vakillari hamda futbol faxriylari ham tadbirning guvohiga aylandilar. Garchi andijonliklar dastlabki ikkita turda mag‘lubiyatga uchraganlariga qaramasdan mahalliy muxlislar katta futbolni sog‘inib qolishgani sababli “Yoshlar markazi”ning zal ishqibozlar bilan to‘lib toshdi. Tadbir davomida fanatlar “Andijon” jamoasini tinimsiz ravishda qo‘llab-quvvatlab turishdi. Viloyat hokimining tashrifi esa muxlislarni yanada jonlantirib yubordi.
Oldindan o‘tib shuni aytish kerakki, jamoaning bungacha ikkita turda mag‘lubiyatga uchragani sababli viloyat rahbarining chiqishi tanqidiy ruhda boshlandi. Shu sababli Shuhratbek Qo‘shoqboevich qog‘ozda yozilgan matnga ko‘p ham e’tibor bermadi va yuragidagi gaplarni gapirishga qaror qildi.
- Avvalambor barcha futbol ishqibozlarini yangi mavsum boshlangani bilan tabriklayman. Bugun barchamiz “Andijon” jamoasining tanishtiruv marosimini o‘tkazish uchun yig‘ilganmiz. Sizlar bilan yuragimdagi gaplarni gaplashib olishimiz kerak. Shu bois sizlar bilan futbol haqida gaplashamiz. Men doim futbol ichidagi odamlar bilan muloqotda bo‘laman. Shu paytgacha qaysi murabbiyni xohlashgan bo‘lsa, hammasini olib keldik. Masalan, Edgar Gess, Baxtiyor Ashurmatov yoki boshqalarini olib keldik, o‘shanda ularni tavsiya qilishganida jamoamiz kuchayib ketadi deyishdi, olib keldik. Biror marta ularning istaklarini rad qilmadim. Nimani va kimni xohlashsa o‘shalarni olib keldik. Lekin qani natija? Shuningdek, yana bir masala, bu homiylikdir. Albatta, “Andijon” jamoasiga mashina zavodi homiy sifatida biriktirilgan. Lekin hozirgi ahvolni hamma bilib turgandir, mashina narxlarini qimmatlashtirgandi, zavod esa qiyin ahvolda. Butun yuk esa mening bo‘ynimda qolib ketdi. Albatta, menga futbol kerak, menga odamlarning yaxshi kayfiyati kerak, shuning uchun jonim bilan erning tagidan bo‘lsa ham futbol uchun sharoit yaratib berishga tayyorman. Lekin bir narsani tushuninglarda, yo‘q joydan pul topib, ularga berganimdan keyin meni ham natija ko‘rgim keladimi? Oddiy suvchiga mashina berdim, 150 kilogramm paxta tergan ishchiga ham mashina berdim. Nima, endi futbolga kelganda pul topa olmay qolamanmi? Albatta, topaman, biroq natija kerak.

Albatta, viloyat hokimining kuyunib gapirishida ham jon bor. Uni ham natijani talab qilishga haqqi bor. Yuqorida o‘zi aytib o‘tganidek, har qanday holatda ham jamoa uchun pul topib berishga tayyorligini bildirdi. Rahbarning mana shunday tarzda jonkuyarlik ko‘rsatayotgani tahsinga loyiq. U Andijon viloyatining har qanday sohada etakchilar qatorida bo‘lishini istaydi. Tabiiyki, futbolda ham “Andijon” jamoasining muvaffaqiyatlarga erishishini Abdurahmonov har bir muxlisdan ko‘ra ming marta ko‘proq istayotganini uning so‘zlaridan bilib olish qiyin emasdi. Shuningdek, viloyat rahbari so‘zida davom etar ekan, bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov haqida ham gapirib, uni yana vaqt so‘rayotganiga e’tibor qaratib, bu hol qachongacha davom etishiga ham to‘xtaldi.
- O‘tgan yili bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovni istashdi va uni ham olib keldik, bu murabbiyni ancha ta’riflashdi. O‘tgan yili ish boshlagach, vaqt kerak deyishdi. Mana, o‘tgan yilgi vaqt ham o‘tdi. Bu yil esa yana boshlandi. Kuni kecha gaplashsam, yana vaqt kerak deyishyapti. Qachon men ham “Andijon” jamoamiz yutib keldi deya xursand bo‘laman? Mana, hozir ham futbolchilarni oldiga qopda pul bilan keldim. Mana, tarkibni yangilashdi, o‘zlari istagan o‘yinchilarni olishdi. Pistonchini olasan, palonchini olmaysan deb umuman ishlariga aralashganim yo‘q. Bularga esa biroz qattiq gapirsak xafa bo‘lib qolisharkan. Sportchida ikkita tayyorgarlik bo‘ladi: ham jismoniy, ham ruhiy! Jismoniy tayyorgarligiga murabbiyi javob bersin. Ruhiysi esa meniki. Chunki ruhiy tayyorgarlik degani pul degani. Mendan pulni olishsayu, ammo yutqazib kelishib, yana pul deyishsa?!
Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida o‘tgan yili “Sog‘lom avlod” stadioni zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Maydon chimi esa butunlay yangilandi. Buning uchun esa salkam 17 milliard mablag‘ sarflandi. Mana shunday stadionda viloyat rahbari sevimli jamoasining uy o‘yinlarini ko‘rib, g‘alabasini tantana qilishni xohlamaydi deysizmi, albatta xohlaydi. Ammo buning uchun futbolchilar ham o‘z g‘alabalari bilan ishqibozlarni va rahbarlarning kayfiyatini ko‘tarishi kerak emasmi? Shunga qaramay, Shuhratbek Qo‘shoqboevich jamoaga yana shart-sharoitlar yaratib berayotganini aytdi va shu bilan birga nima uchun o‘tgan yili stadionga bormay qo‘yganiga ham to‘xtalar ekan, buning sababini ham aytib o‘tdi.
- Oxirgi paytlarda stadionga bormay qo‘ydim. Nimaga? Ularga eson-omon yutqazib oldinglarmi deb boramanmi? Mana, 5-6 milliard so‘mga klubning bazasini ham rekonstruktsiya qilib beryapman. Aprelda esa jamoaga yangi avtobus ham olib beraman. Endi kelishib olaylik, xo‘p men yana qiyin bo‘lsa ham jamoa uchun hamma sharoitni yaratib beraman. Lekin shunga yarasha bular ham jonini berib, muxlislarni xursand qilib yutishi kerakmi? Stadionga bormaganim bilan jon kuyuktirib o‘tiraman, nima bo‘lyapti ekan deb. Yordamchimdan hisob qanaqa bo‘layotganini so‘rab turaman. Mana, kechagi kuni Qarshida “Nasaf” bilan o‘ynashdi. Uchrashuv paytida hisobni so‘rasam 1:0 ga yutyapmiz deyishdi. O‘yin oxirigacha indamay tur, yutsa aytasan, yutmasa aytmaysan dedim. Qarasam, jim bo‘lib ketdi. Keyin bilsam yutqazishgan ekan. Mayli, tushunaman, raqiblar ham qarab turishmaydi, ular ham kuchli, - deydi Andijon viloyati hokimi.

Ma’lum bo‘lishicha “Andijon” klubining ushbu mavsumdagi yillik smetasi 17 milliard so‘mni tashkil qilar ekan. Jon kuydirib gapirgan viloyat hokimi esa masalaning ushbu tomoniga ham to‘xtaldi. Shuningdek, yana qachongacha natijani kutib o‘tirish kerak, deya jiddiy ravishda o‘z munosabatini bildirdi. Qolaversa, boshqa klublarning ham kuchi va imkoniyatlarini yaxshi bilgan holda “Andijon” jamoasini hech bo‘lmaganda qaysi o‘rinlarda ko‘rish istagi borligini ham ma’lum qildi.
- Futbolni ham o‘ziga yarasha fanatlari, homiylari bor. Namanganda ham futbol uchun indamasdan pul berib ketadiganlari bor. Boshqa viloyatlarda ham bor. Ammo bizni Andijonda yo‘q. Shuningdek, boshqa viloyat jamoalariga homiy qiladigan tashkilotlarning rahbarlari ham futbolga muxlislik qilishadi. Lekin bizda bunday emas. Men xasrad qilayotganim yo‘q, bilinglar demoqchiman. Klubning bir yillik smetasi 17 milliard so‘m. Gap 17 million yoki boshqa raqam haqida emas, balki 17 milliard haqida ketyapti. Qiyin bo‘lsa-da, jamoamiz uchun moddiy tomondan rag‘batlantirishga harakat qilyapman. Lekin meni ham natija ko‘rgim keladi. Agar “Andijon” yutib turaversa, puldan umuman muammo bo‘lmaydi. Klubdagilardan natijani so‘rasam, bunga vaqt kerak deyishyapti. Axir men buni 7 yildan beri kutyapmanku, yana qancha vaqt kerak? Yana qancha kutishim kerak? Tushunaman, kuchli jamoalar bor, men ular bilan raqobatlashib, tengma-teng o‘yna deyayotganim yo‘q. Ammo hech bo‘lmaganda “Andijon” ham 5- 6-o‘rinlarda yurishi kerak-da. Jamoangiz nechanchi o‘rinda deyishsa aytgani ham uyalaman. O‘zi hech nimaga qaramasdan jamoani shartta birinchi ligaga tushirib, hadeb palon millionga u yoki bu o‘yinchini olib kelavermasdan faqat o‘zimizni mahalliy yoshlardan yangitdan jamoa tashkil qilib o‘ynatishni o‘ylab qolaman. Lekin bular yo‘q, bunday qilsak muxlislarimiz xafa bo‘ladi deyishgani uchun mayli deb jamoani Superligada ushlab turibman. O‘tgan yili shu darajada bo‘ldiki, futbolchilarga hattoki, uyingdagi muammoingni ham ayt dedim, erlar olib berdim, bog‘lar qilib berdim. Lekin shuncha qilganlarimizga qaramay, hech nima bo‘lmagandek jamoadan ketdi. Andijondan boshqa jamoalarga ketib “ko‘karib” ketganlarni ko‘rganim yo‘q. Tushunaman, sportda g‘alaba bilan mag‘lubiyat bo‘ladi. Lekin har doim ham yutqazaverilmaydida. Bizda eng yaxshi futbol akademiyasi bor. Endi alohida shartnoma qildirdim va birorta bola hokimning ruxsatisiz hech qaerga ketmaydi. Andijondan ham zo‘r-zo‘r iqtidorlar chiqadi, ammo oldinlari ularni boshqa jamoalarga sotib yuboraverishgan. Endi esa bunday bo‘lmaydi. "Andijon"ga esa omad tilayman.

Oldinda “Andijon” jamoasini “Navbahor”ga qarshi o‘ta muhim bellashuv kutib turibdi. 15 mart kuni “Sog‘lom avlod” stadioni muxlislar bilan to‘lishiga shubha yo‘q. Chunki bu vodiy derbisi. Shuhratbek Abdurahmonov ham ushbu o‘yinning ahamiyati qanchalik muhim va jiddiy ekanligini yaxshi bilib turibdi. Shu kuni “Andijon” futbolchilari dastlabki g‘alabani qo‘lga kiritib, uni o‘z ishqibozlari bilan birgalikda nishonlashlarini viloyat rahbari chin dildan istayotganini ham aytib o‘tdi. Buning uchun esa hokim jamoa a’zolarini moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlamoqda. Yuqorida o‘zi aytib o‘tganidek, sportda ikkita tayyorgarlik bo‘ladi. Biri jismoniy, yana biri ruhiy. Shuhratbek Qo‘shoqboevich esa ruhiy tayyorgarligi meniki deya muhim o‘yin oldidan futbolchilarni moddiy tomondan ruhlantirayotgani ham e’tiborga molik.
- Men doim jamoamiz uchun sharoit yaratishga tayyorman. Ammo o‘zlari ham ishlashsinda, agar eplay olishmasa ketishsin. Men doim sizlar uchun xizmat qilishga hamisha tayyorman. Men hech qachon pul berishdan qochmayman. Men faqat natijasi yo‘q o‘yindan qochyapman. “Navbahor” bilan bo‘ladigan o‘yinda yutmaslikning iloji yo‘q. Men ham jamoamizning g‘alabasini xohlayman. Lekin yomonni o‘ylamaguncha yaxshisi bo‘lmaydi deganlaridek, hech bo‘lmaganda durang o‘ynashsa ham men qopda pul bilan boraman. Mana, hozir 450 million pul olib keldim. Ertaga esa kechgacha yana 500 million pul beraman, bularga. Shu kungacha futbolchilardan birorta qarz qolmaydi. Xudoim futbolchilarimizga kuch-quvvat bersin. Bular natija ko‘rsatishsin, men esa moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlayman. “Navbahor”ni yutadigan bo‘lishsa, bularga zo‘r sovg‘a bilan boraman, - deya so‘zini yakunladi, Shuhratbek Qo‘shoqboevich.
Albatta, viloyat hokimining yuragidan aytgan gaplari muxlislarni ilhomlantirib yubordi. Balki bu jamoa a’zolariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgandir. O‘z o‘rnida muxlislar, murabbiylar va futbolchilar viloyat hokimiga ko‘rsatayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorchiliklarini bildirishdi. Tadbir davomida jamoa ustozi Aleksandr Xomyakov ham so‘zga chiqib, har qanday rahbar natija talab qilishga haqli ekanligini, buning uchun esa jamoa bor kuch va imkoniyatini ishga solishini aytdi. Bundan tashqari, jamoaga bu yil yana bir qator yangi o‘yinchilar ham jalb etilgan. Fursatdan foydalagan holda rasmiy ravishda jamoaning barcha a’zolariga o‘z futbolkalari topshirildi. Umuman olganda, tadbir yaxshi ruhda o‘tdi. Viloyat hokimi jamoaning mag‘lubiyatlaridan ranjigan holda marosimga kelgandi, biroq ishqibozlarning hali hamon jonkuyarligini, ularning faollik bilan jamoani qo‘llab-quvvatlayotganini va ishonayotganini ko‘rib tadbir oxirigacha hokimning ham kayfiyati ko‘tarilib ketdi. Shu tariqa, “Navbahor” bilan bo‘ladigan bahsda viloyatning bosh rahbari “Andijon”ning ijobiy natijaga erishishiga va mavsum davomida muxlislarini g‘alabalar bilan xursand etishiga ishonch bildirdi.
Fikrlar