
Andijonda belbog‘li kurash bo‘yicha mamlakat chempionati o‘tkazilmoqda
Andijon shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha 2008-2009 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bellashuvlari o‘tkazilmoqda.
Bugun start olgan mazkur chempionat Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi manejida bo‘lib o‘tmoqda va mamlakat chempionatida o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning erkin va belbog‘li kurash yo‘nalishlarida 13 ta vazn toifasida, qizlar esa 8 ta vaznda kuch sinashishmoqda.
Shuningdek, musobaqa doirasida chempionatning tantanali ochilish marosimi ham tashkil etildi. Marosimda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi bosh kotibi Abduxalil Malikov, Andijon viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov, Andijon viloyat belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Rustam To‘raxonov va boshqalar ishtirok etishdi.
Musobaqa 20 aprelga qadar davom etadi. Darvoqe, ushbu mamlakat chempionatida shohsupadan joy olgan polvonlar may oyida Nukus shahrida o‘tkazilishi rejalashitirilgan Osiyo va jahon chempionatida ishtirok etish huquqiga ham ega bo‘lishadi.
Demak, bellashuvlar qiziqarli va shiddatli tarzda o‘tishi shubhasiz.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi
Fikrlar