Andijondagi o‘yinda kambekka kambek bilan javob qaytarildi
Bugun O‘zbekiston U-19 chempionatining 4-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. “Andijon U-19” jamoasi o‘z maydonida “Bunyodkor U-19” klubini qabul qildi.
Ochig‘i, anchadan beri bunday shiddatli, qiziqarli va gollarga boy o‘yinni ko‘rmagandik. Uchrashuvda ikki jamoa ham kambekni boshqacha usullarini ko‘rsatishdi.
Avvaliga andijonliklar 2:0 hisobida oldinga chiqib olishgandi. “Bunyodkor” murabbiyning tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l urishi oqibatida mehmonlar o‘yinda tub burilish yasay oldilar. Natijada birin-ketin mezbonlar darvozasini uch bor aniq nishonga olishga erishdilar - 2:3.
“Bunyodkor” yoshlari shu tariqa 2:0 hisobini ikkinchi bo‘limda 2:3 ga aylantirgan holda kambek ko‘rsatib, g‘alabani ilib ketmoqchi bo‘lib turgan bir paytda katta sahnaga andijonliklar sardori Asilbek Aysarov chiqdi. Markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramasdan oxirgi qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘zi oldinga o‘tdi.
90+3-daqiqada darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib hisobni tenglashtirdi. 3 daqiqa o‘tganidan so‘ng, Aysarovni jarima maydoni ichida yiqitishgani uchun hakam penalti belgiladi va bu vazifani Asilbekning o‘zi bexato amalga oshirdi va “Andijon” yoshlari ham kambek ko‘rsata olishlarini isbotladi - 4:3.
Aftidan, ukalari “Andijon”ning asosiy tarkibidagi akalari singari oxirgi qo‘shib berilgan daqiqalarda gol urib g‘alabani ilib ketishni yaxshi o‘rganishgan ko‘rinadi.
Uchrashuvdan keyin mezbonlar murabbiyi Farhod G‘ofurov o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Birinchi taymda bitta gol urdik. Keyin ikkinchi bo‘lim boshlarida ham gol urib, hisobni 2:0 ko‘rinishga oshirdik. Oxirida ko‘rdinglar, futbolchilarimiz o‘yinni tashlab yuborishdi. Xatolarimiz evaziga darvozamizdan 3 marta to‘p o‘tkazdik. Keyin taktik o‘zgarishlarga qo‘l urdik.
Zaxiradan maydonga 2-3 nafar o‘yinchilarni tushirdik. Natijada 4:3 hisobida yutib oldik. Bizni qilgan o‘zgarishlarimiz g‘alaba uchun qaratilgandi. Hisobni tenglashtirganimizdan keyin ovqat ishtaha paytida keladi deyishganidek, keyin g‘alabani ko‘zladik va maqsadimizga erishdik.
“Andijon” matbuot xizmati.



Fikrlar