
"Andijon"ning Antaliyada rumin klubiga qarshi ilk o‘yinidan so‘ng murabbiylar qanday fikr bildirishganini bilasizmi?
Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazayotgan “Andijon” klubi o‘zining ilk nazorat uchrashuvini oldin xabar berganimizdek, Ruminiyaning “Chiksereda” jamoasiga qarshi o‘tkazdi.
Qiziqarli kechgan bahsda darvozalar daxlsiz qoldi – 0:0. Lekin gol urish uchun ikkala klubda imkoniyatlar bo‘ldi. Ayniqsa, Suhrob Berdievning chalqancha hamda Bobur Farhodovning boshi bilan yo‘llagan zarbalarini raqib posboni qiyinchilik bilan qaytarib qoldi.
Shuningdek, ruminiyaliklarda ham vaziyatlar bo‘ldi. Birinchi bo‘limda Igor Litovka, ikkinchi bo‘limda esa Eldor Adhamov “Andijon”ning goldan saqlab qoldi. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov aksariyat o‘yinchilarni sinovdan o‘tkazdi. Tojikistonlik Axtam Nazarov uchrashuvdan bir kun oldin qo‘shilgani uchun unga dam berishga qaror qildi.
O‘yin yakunlangach, ikkala jamoa bosh murabbiylari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Verner Byorger (“Chiksereda” bosh murabbiyi):
"Bu o‘yinni bir qancha qismlarga bo‘lgan bo‘lardim. Birinchi taymda bizda ko‘plab muammolar bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda esa muammolarimiz ancha bartaraf etildi. Biz yaxshiroq o‘yin ko‘rsata boshladik. Bizda hali yana 3 hafta bor. Menimcha, bu muddat jamoamizning mavsumga to‘liq tayyorgarlik ko‘rishiga etarli bo‘ladi.
Biz kurash olib borishimiz kerak. Har bir pozitsiya uchun kurashishga majburmiz. Har bir o‘yinda o‘yinimizni kuchaytirishimiz kerak. Yaxshihamki oldimizda mavsumga tayyorlanish uchun yana 3 hafta vaqt bor. Umid qilamanki, jamoa sifatida shakllanishga muvaffaq bo‘lamiz.
Murabbiy sifatida hech qachon qaysidir yakka futbolchi haqida gapirishni yoqtirmayman. Raqib o‘yinini muhokama qilishni to‘g‘ri deb bilmayman. Lekin jamoa sifatida yaxshi o‘yin ko‘rsatyapmiz, deyishim mumkin. Baribir haligacha ko‘plab elementlarda oqsash holatlari kuzatilyapti. Oldindagi ishlar bo‘yicha pozitiv kayfiyatdaman. Optimistik holatda fikr bildiryapman va biz rivojlanishimiz kerak. Buning uchun barcha imkoniyatimiz bor.
Albatta, birinchi taymda raqibimiz qo‘pol xatolarimizdan foydalanishi mumkin edi va bu borada ustunlik qildilar. Ikkinchi bo‘limda o‘yinimizni qo‘lga oldik va kamroq xatolar qildik. O‘yinda yaxshi va yomon elementlarni ko‘rdim. Bizdan talab qilinadigan narsa shularni ustida ishlashimiz kerak. Yana bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlari orqali ushbu xatolarimizni yopib ketishga harakat qilamiz", - deya fikr bildirdi, Byorger.
Aleksandr Xomyakov (“Andijon” bosh murabbiyi):
"Ha, bu bizning ushbu yig‘inimizdagi dastlabki o‘yinimiz. Birinchi uchrashuv uchun normal holat. Birinchi bo‘limda yangi kelgan yigitlarni ko‘rib oldik. Jamoamiz a’zolarining bir-birlarini to‘liq tushunib, jamoaviy o‘ynashlari uchun hali biroz vaqt bor. Umuman olganda, qoniqish hosil qildim. Qaerdadir tashabbusni berib qo‘ydik, ammo ko‘proq to‘pga ega chiqdik. Hali ishlashimiz kerak, asosiysi, jamoamizda potentsial bor.
Hozircha legionerlar jamoaga to‘liq kirishib ketishgani yo‘q. Umid qilamanki, keyingi o‘yinga yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishlari kerak. Ular saviyali o‘yinchilar. Faqat funktsional holatini yaxshilash kerak, umuman olib qaraganda yomon emas.
Ruminiya jamoasini tajovuzkorligi va chidamliligi ko‘rindi. Ular ham yomon emas. Futbolchilari o‘z joylarini almashib harakatlanishdi. Menimcha, ikkinchi bo‘limda qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Asosiysi, jamoamizning holatini va xatolarimizni ko‘rib olib, ular ustida ishlash edi. Bu tomondan yaxshi o‘yin bo‘ldi", - dedi Xomyakov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar