Andres Inyestaning murabbiylik faoliyatidagi ilk klubi nomi ma'lum bo'ldi
“Barselona” klubi va Ispaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Andres Inyesta BAAning “Galf Yunayted” klubi bosh murabbiyiga aylanadi. Bu haqida jurnalist va insayder Fabrizio Romano X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar hamkorlik shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan va yaqin vaqt ichida bu rasmiy tasdiqlanadi.
Futbolchilik faoliyati davomida Andres Inyesta “Barselona” safida to‘qqiz marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, shuningdek oltitadan mamlakat kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Xalqaro maydonda u kataloniyaliklar bilan to‘rt marta Chempionlar ligasi, ikki marta UEFA Superkubogi va uch marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
Shuningdek, yarim himoyachi “Vissel Kobe” va “Emireyts” klublarida ham to‘p surgan.
Inyesta Ispaniya terma jamoasi bilan jahon chempionati va ikki marta Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan.
“Galf Yunayted” hozirda BAA chempionatining ikkinchi divizionida ishtirok etmoqda va jamoa ayni paytda turnir jadvalida 10-o‘rinni egallab turibdi.

Fikrlar