Antuan Grizmanning ko‘cha tozalovchi otasi haqida

  • 31 avgust, 2019, 16:42
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Antuanning qo‘lga kiritgan yutuqlarida pensiyaga chiqquncha farrosh bo‘lib ishlagan otasining hissasi beqiyosdir

Neymarlarga buni ko‘rsatmang.

Bu yozda «Barsa» Grizmann uchun 120 million evro miqdorda pul to‘lab, frantsiyalik futbolchining dunyodagi statusini yanada ko‘tarib yubordi. Nazarimizda biz Antuan haqida barcha narsani bilamiz (masalan, Netflix tomonidan ishlangan hujjatli film orqali), biroq uning hayotidagi eng muhim inson haqida hamma narsani ham bilmaymiz.

Muxlislar ko‘plab futbolchilarning oila a’zolari haqida ba’zi ma’lumotlarga ega. Masalan, Adrian Raboning onasi va Neymarning otasi farzandlarning agenti vazifasini bajarishadi: klubdan pul «undurishadi» va matbuotda janjallar uyushtirishadi. Biz bunday holatlarga o‘rganib qolganmiz va mashhurlarning ota-onalari boshqacha bo‘lishi mumkinligini hayolimizga ham keltirmaymiz.

Biroq har doim ham bunday emas. Yorqin misol – Alen Grizmann, Antuanning otasi. U xali ham Frantsiyada joylashgan kichik baliqchilik shaharchasida istiqomat qiladi, yaqingacha ham farrosh bo‘lib ishlar, bo‘sh vaqtida bolalarni shug‘ullantiradi.

Uning otasi Antuan uchun taxtadan darvoza yasagan va «Lion» yulduzi bilan uchrashuv tashkil etgan.

Antuan Liondan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan Makon shaharchasida tavallud topgan. Uning otasi Alen shahar kengashida xizmat qilganligi sababli, oilasi (Antuanning opasi Mod va akasi Teo bor) qulaygina ikki qavatli uyda yashagan. Neymarning otasi kabi, Alenning ham asosiy muhabbati futbol edi. O‘smirligida «Makon» tarkibida bir qancha muddat o‘ynagan, karerasini tugatgach kechki payt mahalliy maktabda ta’lim olayotgan 13 yoshli bolalarni shug‘ullantirgan.

Grizmannlar oilasining eng sevimli kichkintoyi – Antuan edi. Oilada barchaning o‘ziga yarasha roli bo‘lgan: uning onasi bo‘lajak «kichik shahzoda» uchun qayg‘urar, opasi Mod ko‘p hazillashar, akasi Teo ukasi bilan ko‘cha kezib, birga futbol o‘ynar edi. Biroq aynan otasi Antuanning hayoti uchun muhim «kashfiyot» qilgan.

Alen bolakay doim to‘p bilan ovvoraligini ko‘rib, unga taxtadan darvoza yasab bergan edi. Otasi uni basketbol maydoni ro‘parasiga o‘rnatib berdi – keyingi bir necha yilni Antuan Teo bilan birgalikda soatlab vaqtini shu erda sarflar edi. Hozir bu joy boshqa shaharlardan kelgan turistlar orasida ziyorat qilinishi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi (ikkinchisi – Shimoliy stadion, u erda ham Grizmann to‘p surgan, biroq sal keyinroq).

Alen 5 yoshga to‘lgan farzandini stadionlarga olib borishni boshladi. Ular birgalikda «Marsel» (yigitchaning xonasida uzoq vaqt davomida «Velodrom» stadionining rasmi turar edi) va «Monpele» o‘yinlariga tashrif buyurishardi. Ammo Antuanning qalbini «Lion» egalladi – «Jerlan»ga bir marotaba tashrifning o‘zi bunga kifoya qildi. «Lion» Frantsiyada etakchilik qilar, 2003 yilga kelib ikki marotaba «Liga 1»da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Shu kundan boshlab ota-o‘g‘il birgalikda «Lion»ning uy uchrashuvlarini qoldirmas, ba’zida Alen farzandining ko‘ngli o‘ksimasligi uchun ishdan ruxsat olishiga to‘g‘ri kelar edi.

Antuan «Lion» klubi yulduzi Sonni Andersonning muxlisi edi: o‘yinda braziliyalikka o‘xshashga intilar edi va yotog‘i ustiga uning suratini ilib qo‘ygan edi. Grizmann 10 yoshga to‘lganida, otasi u uchun aql bovar qilmas sovg‘a tayyorlagan edi – Anderson bilan o‘g‘lining uchrashuvini uyushtirdi. U do‘sti va «Lion»ning fizioterapevti Patrik Perredan iltimos qilib braziliyalikni Piza saroyi yoniga kelishini iltimos qildi. U erda esa Grizmannlar oilasi birgalikda tug‘ilgan kunni nishonlayotgan edilar.

«Men hech qachon Antuanni bu qadar baxtli ko‘rmagan edim, - eslaydi onasi Izabel. – U otasi bilan shundoq ham ko‘p vaqtini o‘tkazar edim, biroq bu sovg‘a ularni yanada yaqinlashtirdi».

Grizmann futbolda professional bo‘lishni istar edi – besh yoshidanoq «Makon» akademiyasida shug‘ullanar edi (u erga otasining yordamisiz olishgan – murabbiylarga uning texnikasi xush kelgandi). Antuan hattoki kundalik yuritib, unga bir kun kelib yulduz sifatida Canal+ ga qanday intervyu berishini ham yozib qo‘ygan edi.

Ammo orzusining amalga oshishi yo‘lida juda ko‘p mashaqqatlar bor edi.

Grizmanning bo‘yi pastligi sababli unga bir necha akademiyalar rad javobini berdi. Faqatgina otasi o‘g‘li uchun kurashdi.

Antuanning baxtli bolaligini bulg‘ay oladigan yagona narsa – uning past bo‘yi edi; u doim sheriklari yonida kichikroq bo‘lib turar edi. «Makon»ning murabbiylari yigitchani dribbling va tezligi uchun doim maqtashsada, asosiy tarkibga novcharoq, baquvvatroq yigitlarni qo‘yishar edi.

Grizmann 2004 yilda Alen shug‘ullantiradigan U-13 jamoasida o‘ynay boshladi. O‘g‘lining shashtini tushirmaslik uchun, janob Grizmann uni jamoa sardori etib tayinlandi. «Men senga ishonaman, o‘g‘lim, - dedi Alen. – Sen jamoadagi eng yaxshi o‘yinchisan». Murabbiy otasi uni ilhomlantira oldi va Antuan o‘zining hayotidagi eng omadli mavsumni o‘tkazdirib, mahalliy U-13 ligada 30 o‘yinda 60 gol urishga erishdi.

Image result for antoine griezmann childhood

Farzandining o‘yini Alenni hayratga soldi va u o‘g‘lining karerasi uchun kurashishga kirishdi. U 2005 yilning yozida Antuan uchun yaxshiroq futbol maktabi qidirishga kirishdi. Neymarning otasidan farqli o‘laroq, u bonuslar yoki maxsus statusni istamadi, shunchaki uning o‘g‘lini kuchli akademiya qabul qilishini orzu qilar edi, xolos.

Ota-o‘g‘il «Sosho», «Sent-Eten», «Metts» va «Oser»ga borishdi, biroq har erda nimadur o‘xshamay qolar edi. «Sent-Eten» kuchli qor sababli tanlovni bekor qilgan bo‘lsa, «Sosho»ga Grizmannning bo‘yi yoqmadi.

Har gal rad javobini olgach, ota-bola uyga kech kirganda yomon kayfiyatda qaytishar edi. Odatda Alen farzandining kayfiyatini ko‘tarishga urinardi: yo‘l bo‘yidagi do‘kondan uning sevimli taomini olib berar va bo‘lajak karera haqida orzu-umidlarini bo‘lishar edi. «Bu tentaklar hech narsani tushunishmaydi, sen xali terma jamoada o‘ynaysan!» – ishontirar edi Alen.

«Men o‘zimni tutishga harakat qilardim, o‘zimga murabbiylar meni olmasligi uchun sabab bor deya ta’kidlagandim, - deya eslaydi Antuan. – Biroq har bir rad javobidan so‘ng holat og‘irlashar edi. Kayfiyatim shu qadar tushar ediki, keyingi tanlovlarga borishni istamay qolar edim – men oldindan qanday javob olishni bilar edim. Agar meni otam qo‘llab turmaganida, men aniq bundan voz kechgan bo‘lardim».

Grizmannga eng qattiq ta’sir qilgan holat «Metts»ning rad javobi bo‘ldi.

Antuan har doimgidek otasi bilan tanlovga keldi va Miralem Pyanich etakchilik qiladigan U-13 jamoasi bilan birga o‘ynadi. U akademiya direktorlari – Mue va Perrenni xayratga soldi. Ammo ularga Antuanning bo‘yi yoqmadi, shuning uchun quyidagi variantni berishdi – forvard ular bilan ish kunlarida shug‘ullansa, dam olish kunlarida «Makon» bilan bilan mashg‘ulotlar olib boradi.

Antuan uyga olib boradigan olti soatlik yo‘l davomida o‘z quvonchi haqida gapirib bordi. Keyingi kuni esa bu baxt o‘z yakunini topdi – akademiya o‘z taklifidan voz kechganligi haqida xabar berildi. Antuan bu xabarni eshitganida yig‘lab yubordi.

Yigitchaning yaqinlari uni ovutishga kirishishdi, ammo bu safar hech narsa uning ko‘nglini ko‘tara olmadi. Bunga guvoh bo‘lgan Alen o‘g‘liga albatta jamoadan o‘rin topishga qaror qildi. «Men va’da beraman, ularni fikridan qaytarishga majbur qilaman!» – qasam ichdi Antuanga.

Alen jaxl ustida Mue va Perrenuga qo‘ng‘iroq qildi va bir necha soat davomida ularga tushuntirishga harakat qildi. Keyin esa direktorlarga Antuan qo‘lining rentgenini yubordi va u fizik o‘sishda atigi bir yilga ortda ekanligini isbotladi. Unga hech qanday javob kelmagach, Alen «Metts»ga xat yubordi: «Sizningcha, o‘g‘lim juda kichkinami? Mayli, bir necha yildan so‘ng nima bo‘lishini ko‘ramiz!»

Bir necha oydan so‘ng mo‘’jiza sodir bo‘ldi – Parijdagi turnirda Antuan ispan skauti Erik Olats e’tiboriga tushdi. U yigitcha uchun «Real Sosedad»da tanlov uyushtirib berdi – natijada Antuanni klub akademiyasiga qabul qilishdi. Grizmann uyidan 900 kilometr uzoqqa ko‘chib ketishiga, yilda bir necha marta oilasini ko‘rishiga to‘g‘ri keldi. «Netflix»ning hujjatli filmi buni juda yaxshi ochib bera oldi.

Bundan keyin nima bo‘lganligini juda yaxshi bilasiz.

Yaqindagina ham Alen farrosh bo‘lib ishlar edi. Jahon chempionatidagi g‘alabadan so‘ng, Grizmann otasini kiyinish xonasiga chaqirdi, «Barsa»ga o‘tganidan so‘ng birinchi bo‘lib unga qo‘ng‘iroq qildi.

Antuanning uydan ketganiga 14 yil bo‘ldi. Grizmanning ota-onasi o‘g‘lini hayotdagidan ko‘ra, televizorda ko‘proq ko‘rishadi va xali ham Makonda yashab kelishmoqda. Ilk yillarda, Antuan har bir dam olish paytlarida uyiga kelib ketar edi, «Atletiko» ga transfer hamda oila qurganidan so‘ng (uning rafiqasi va ikki qizi bor) u Makonga yilda bir marotaba yosh futbolchilar orasida bo‘lib o‘tadigan Grizmann Kubogiga keladi.

Grizmann – super yulduz, lekin uning ota-onasi oddiy hayot kechirishadi. Alen o‘zi tushunmaydigan agentlikni ham istamadi. Yaqinda ham u farrosh bo‘lib ishlar edi. O‘g‘lini Evro-2016 da ko‘rish uchun ikki haftalik ta’til olgan edi. «Alen rostdan ham o‘g‘lini qo‘llab-quvvatlash uchun ta’tilga chiqdi, - deya ta’kidladi uning hamkasbi Annis Le Temps. – 12 iyulda esa u ishga qaytadi, men esa dam olaman». 2017 yilda Alen nafaqaga chiqdi, endilikda esa Makon maktabida U-13 jamoasiga murabbiylik qilmoqda.

Ota va o‘g‘ilning o‘rtasidagi munosabat xali hamon yaxshi. Ular har bir o‘yin oldidan qo‘ng‘iroqlashib turishadi. Alen Frantsiya chempionatini tomosha qilmasa ham, «Sosedad» o‘yini oldidan barcha ishlarini tashlab, televizor qarshisiga kelib o‘tirardi. «Antuan xali ham mening o‘g‘lim, - deydi Alen. – U uyga qaytganda, super yulduzdan oddiy makonlik yigitga aylanadi. Biz har qanday mavzuda suhbat quramiz».

Antuan ham otasi haqida unutgani yo‘q. 2017 yilning 9-sentyabrida Alenning yubileyida bir necha kunga Makonga mehmonga bordi. Alen uchun bundanda yaxshi sovg‘a bo‘lmasa kerak.

2018 yilda Grizmannlar oilasi Antuanni qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyaga kelishdi: Frantsiyaning har bir uchrashuviga tashrif buyurishdi, Alen esa parallel ravishda instagramga ajoyib rasmlar joylashtirdi.

Jahon kubogidagi muvafaqqiyatdan so‘ng, otasiga minnatdorchilik bildirish vaqti keldi. G‘alabadan so‘ng, u Diego Simeonega qo‘ng‘iroq qildi, undan keyin esa otasi bilan birgalikda mazkur bayramni nishonladi: uni echinish xonasiga taklif qildi (frantsuz ommaviy axborot vositalari katta Grizmanning quchog‘ida Jahon kubogining suratini e’lon qilishgandi). Ertasiga esa Elisey maydoniga borishdi. U erda esa Frantsiya prezidenti Makron bilan birgalikda g‘alabani nishonlashdi.

Qiziqarlisi, Alen hayoti davomida biror marta ham Elisey maydonida bo‘lmagan va u o‘z hissiyotlarini yashirmadi: «Bu hayotimdagi eng yaxshi kun! Men o‘g‘lim bilan faxrlanaman, biroq oddiy ishchi g‘alabani prezident bilan nishonlayotganligi meni taajjublantirdi».

Shu yilning yozida Grizmannga yana ruhiy qo‘llab-quvvatlash zarur edi – «Barsa»ga o‘tishi so‘roq ostida bo‘lib qoldi va mazkur transfer istalgan payt yo‘qqa chiqishi mumkin edi. «Men uyda o‘tirib, agentimdan qo‘ng‘iroq kutar edim, - eslaydi Antuan. – U transfer amalga oshishi haqida xabar berishi bilanoq, men xursandligimdan turgan joyimda sakrab yubordim va otamga qo‘ng‘iroq qildim».

Alen undanda ko‘roq xursand bo‘ldi, chunki u o‘g‘lining futbolchilik faoliyati qanday qiyin bosqichlardan iborat bo‘lganini bilar edi  – Frantsiyaning hech bir akademiyasi qabul qilmaganligi sababli yig‘layotgan bolakaydan, to «Barselona» o‘yinchisigacha. His-tuyg‘ularini jilovlay olmagach, u yig‘lab yubordi. “Bu u uchun cho‘qqidir. «Barsa» – yaxshilar ichida eng yaxshisidir, men Kroyff va Stoichkov davridan beri ushbu jamoani kuzataman. Men o‘g‘limdan qanchalik faxrlanishimni izhor qilish uchun so‘z topa olmayman”, - deya gapirib berdi bir kun o‘tgach Alen Grizmann.

«Barsa»dagi ilk video roligida esa Grizmann otasining o‘gitini yodga oldi: «Yoshligimda otam hayotda poezdlar ko‘p marotaba o‘tib ketishi haqida aytgan edi. Hozir esa men uchun to‘g‘ri yo‘lni tanlab, yangi oqim bo‘ylab ketish vaqti keldi».

Alen, albatta, o‘g‘lining «Barsa»dagi taqdimotiga keldi. Ota qo‘lidan kelgan barchasini qildi, umid qilamizki Antuan ishonchni oqlaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!