APL klublari qanday yo‘llar bilan bir yilda 1,5 milliard evro daromad oladi?!

  • 6 yanvar, 2022, 19:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

APL klublarining daromadlari uchga bo‘linadi. Teletranslyatsiyalardan tushadigan pul, o‘yin kunidagi daromad va homiylik shartnomalari ortidan keladigan millionlar. E’tirof etilgan so‘nggi sohadan tashqari, transferlar ortidan keladigan pullar ham mavjud bo‘lib, ba’zan ular klubning yillik byudjetining 50 foizini qamrab olishi mumkin. Bugun Angliya Premer-ligasi klublarining 2021/22 yilgi mavsumdagi homiylik shartnomalari haqida to‘liq ma’lumot beramiz. To‘g‘ri, matn uzun bo‘lishi mumkin, ammo o‘zini hurmat qilgan muxlis, albatta, uni oxirigacha o‘qib chiqadi.

APL klublariga kim homiylik qiladi?

Homiylar sarflayotgan pullarning hajmidan kelib chiqib bir necha kategoriyaga bo‘linadi. Jamoaning yillik xarajatlarini 50 foizini qoplaydiganlari bosh homiy deb atalsa, 25 foizini "ko‘taradiganlar" rasmiy homiy maqomini oladi. Shuningdek, texnik va barter evaziga homiylik qiladigan kompaniyalar ham mavjud.

Futbolda barchasi boshqacharoq. Eng muhimi ularni farqlay olish. Jamoa liboslarining oldi qismida ko‘rinish beradigan brend egalari titul homiy sanalsa, liboslarni etkazib beruvchi kompaniya texnik homiy deb ataladi. Ulardan tashqari, futbol libosining o‘ng va chap engida ham ular uchun pul to‘laydigan kompaniyalarning logotipini uchratish mumkin. Bundan tashqari, mashg‘ulot liboslari uchun ham alohida shartnoma imzolanadi.
APL grandlarining asosiy homiylari kim ekanligini aniqlash mushkul emas. "Emireyts" - "Arsenal", "Etihad" - "Manchester Siti" va boshqalar. Keling, qaysi soha vakillari futbol olamidagi eng kuchli liga klublariga pul tikayotganiga nazar tashlaymiz.

Totalizator – 9 klub (45%);
Moliya – 4 klub (20%);
Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar – 3 klub (15%);
Aviakompaniyalar – 2 klub (10%);
Texnologiya – 1 klubdan (5%).

1 rasm

2021/22 yilgi mavsumdagi raqamlar sizni aldab qo‘ymasin. "Observatoire du Sport Business" ingliz klublari uchun homiylik qilgan sektorlarni har 10 yilda biznesning qaysi qatlami egasi ekanligini aniqlab kelgan. Unga ko‘ra, APLning ilk mavsumlarida elektronikaga ixtisoslashgan kompaniyalar ligadagi 33 foiz jamoalarning liboslarida o‘z brendlarini yozdirgan. XXI asr boshida bu raqamlar 10 foizgacha qisqarib ketdi. Bugunga kelib, birorta kompaniya brendi jersilarni old qismidan o‘rin egallamagan. Shuningdek, moda va ichimliklar savdosi ham ingliz klublarini talabini qondirishga qodir emas.

Bukmekerlik kompaniyalarining tobora ligalarni zabt etayotganiga ko‘p bo‘lmadi. So‘nggi 10 yil ichida ular barcha raqiblarini ortda qoldirib, chempionatdagi klublarning asosiy titul homiysiga aylanmoqda. Joriy mavsumdagi 45 foiz jamoalar aynan shunday kompaniyalardan shartnoma evaziga millionlarni qo‘lga kiritmoqda.Darvoqe, APLda biryo‘la ikki klub libosida o‘z brendi nomi tushirilgan "Cazoo" internet do‘koni mavjud. "Aston Villa" va "Everton" jamoalari avtomashinalar sotuvini onlayn olib boradigan internet do‘koni tomonidan moliyalashtiriladi.

APL jamoalariga liboslarni kim etkazib beradi?

Ligadagi 20 jamoaning 9 ta kompaniya bilan texnik shartnomasi bor. "Puma", "Adidas" va "Nike"dan tashqari, "Kappa", "Hummel", "Kelme", "Joma" va

"Cactore" brendlari ham ligada o‘z imkoniyatini namoyish etmoqda.
"Puma" – "Manchester Siti" va "Kristal Pelas";
"Hummel" – "Everton" va "Sautgempton";
"Cactore" – "Nyukasl" va "Vulverxempton";
"Joma" – "Norvich";
"Kelme" – "Uotford";
"Kappa" – "Aston Villa".

Ekipirovka masalasidagi eng qulay shartnoma "Manchester Yunayted"ga tegishli. "Adidas" "qizil iblislar"ga yiliga 75 million funtni o‘tkazib beradi. Eng kamtarin shartnoma "Vulvz"niki. Ular "Kastore"dan liboslari uchun atigi 1 million funt oladi. Qolgan o‘rtamiyona klublar esa, 1 dan 10 milliongacha bo‘lgan pullar evaziga ekipirovkani etkazib beruvchi kompaniyalar bilan shartnoma imzolaydi.

2 rasm

APL klublarida homiylar soni nechta? Ular o‘z reklamalarini qaerga o‘rnatishadi?

Ikkinchi savolning javobi oddiy. Istalgan joyga! Barcha klublar bu borada bemalol o‘z siyosatlarini yuritishlari mumkin. "Chelsi", "Lids", "Lester", "Liverpul", "Siti" singari klublar mashg‘ulot libosining old qismiga ham homiylar brendini joylashtiradi. Hatto, futbolchilar maydonga chiqib keladigan yo‘lakchaning devorlari ham biznesmenlar uchun o‘z reklamasini o‘rnatish imkoniyatini taqdim etadi. Hatto, klublar o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari uchun ham alohida homiy jalb etishi mumkin.

Bunday imkoniyatlar sababli Premer-liga klublari bir vaqtning o‘zida bir nechta reklama shartnomalariga ega chiqadi. O‘rtacha APLning har bir jamoasida 19 tadan shunday bitim mavjud. Joriy mavsumda bu borada mutlaq etakchi "Manchester Siti" sanaladi. Homiylik paketlari soni naqd 50 (!)ta. Eng yaqin ta’qibchi "Vest Xem"da esa, 14 ta kamroq. Aslida, "shaharliklar"ning bu ko‘rsatkichi dunyo futbolida rekord sanalmaydi. 2020/21 yilgi mavsumda "Real" Madrid biryo‘la 72 kompaniya bilan reklama borasida kelishuvga erishgan.

Klublar homiylik shartnomalaridan necha pul ishlab topadi?

Aslida, barcha jamoalarning yillik daromadini alohida hisoblab chiqish imkonsiz. Shunga qaramay, umumiy pul miqdorini bilish mumkin. "Global Data"ning hisob-kitobiga qaraganda, APL klublarining yillik daromadi 1,5 milliard dollardan ortiq. Bu summaning 81 foizi esa, kuchli oltilikka to‘g‘ri keladi. O‘tgan mavsumga qaraganda, hozirgisida klublarning daromadi 6,9 foizga o‘sgan. Bundan chiqdi, pandemiya bilan bog‘liq muammo ularning homiylariga u qadar katta zarar keltirmagan.

4rasm

Barcha katta bitimlar APLning kuchli oltiligi a’zolari hisob raqamiga kelib tushadi. Texnik va bosh homiylar ajratgan pullar sizni hayron qoldirishi aniq.

"Manchester Siti" – 132,5 mln funt, 67,5 mln funt "Etihad Airways" va 65 mln funt "Puma";

MYu – 122 mln funt, 47 mln funt "Team Viewer" va 75 mln funt "Adidas";

"Chelsi" – 105 mln funt, 40 mln funt "Three" va 65 mln funt "Nike";

"Arsenal" – 100 mln funt, 40 mln funt "Emirates" va 60 mln funt "Adidas";

"Liverpul" – 70 mln funt, 40 mln funt "Standard Chartered" va 30 mln funt "Nike";

"Tottenxem" – 70 mln funt, 40 mln funt AIA va 30 mln "Nike".

Bukmekerlik idoralari yopilsa...

Bir qarashda, bukmekerlarning APLdagi kuchi ko‘zga tashlanmasligi mumkin, ammo 20 jamoaning 19 tasi ular bilan kelishuvga ega. Shunchaki, barchasini klub liboslarida uchratmaymiz.

3rasm

Muammo shunda-ki, Angliya hukumati bukmekerlik kompaniyalari sport vakillaridan uzoqroqda bo‘lishini istamoqda. 2023/24 yilgi mavsumga kelib, rahbariyat onlayn qimorning barcha turlari borasidagi qonunlarni qayta ko‘rib chiqish haqida bosh qotirmoqda. Shuningdek, translyatsiyalar chog‘ida totalizatorga oid birorta reklama roligi efirga qo‘yilmasligi mumkin.

To‘g‘ri, kuchli klublar bu qoidadan katta zarar ko‘rmasligi mumkin, ammo elitadagi o‘rtamiyonalarchi? "Daily Mail" bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, "Brentford", "Byornli", "Kristal Pelas", "Lids", "Nyukasl", "Sautgempton", "Uotford", "Vest Xem" va "Vulverxempton" o‘z daromadining juda katta qismidan ayriladi.

APL rahbarlari vaziyatdan chiqib ketish maqsadida boshqa yo‘nalishdagi biznesmenlarni o‘ziga jalb etadi, ammo ular bukmekerlar singari millionlarni berishga qodir emas. Boshqalardan farqli o‘laroq, "Nyukasl" o‘z muammosini ancha erta hal etib qo‘ydi. Qolgan grandlar esa, yaqin yillar ichida ancha murakkab ahvolga tushib qolishi tayin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!