Arbeloa alamli mag‘lubiyat aybdorini aytdi
“Real” Yevropa Chempionlar ligasi chorak final javob uchrashuvida ham “Bavariya”ga yutqazib, qit’aning eng nufuzli musobaqasini tark etdi.
Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, myunxenliklar 6:4 hisobida zafar quchib, bosh sovrin uchun yurishni davom ettiradigan bo‘ldi.
Myunxendagi uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida ikkita gol o‘tkazib yuborib, alamli mag‘lubiyatga uchraganidan keyin “Real” bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa javobgarlik haqida fikr bildirdi.
- Men mag‘lubiyatlar uchun javobgarman va oqibatlarini qabul qilaman. Muxlislar to‘liq kuch bilan o‘ynagan va oxirigacha jamoa sharafini himoya qilgan o‘yinchilar bilan faxrlanishlari kerak, - dedi Arbeloa.
Arbeloa “Real”ni 2026 yil yanvar oyida boshqarishni boshlagan. Uning klub bilan shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qiladi.
Hozirgi vaqtda “Real” joriy mavsumda uchta sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyatini yo‘qotdi, Chempionlar ligasi va Ispaniya kubogidan chiqib ketdi, shuningdek mamlakat Superkubogi finalida mag‘lub bo‘ldi.
Shu bilan birga, La Ligada Arbeloa jamoasi chempionat tugashiga yetti tur qolgan bir paytda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Poytaxt klubi chempionat peshqadami “Barselona”dan to‘qqiz ochko ortda qolmoqda.

Fikrlar