Arbeloa shogirdlari “Siti”ni qanday yanchib tashlaganini tushuntirdi
“Real” bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa UEFA Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi birinchi uchrashuvida “Manchester Siti”ga qarshi o‘yin natijasi haqida fikr bildirdi.
Ushbu o‘yinda madridliklar kutilmaganda 3:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Agar Vinisius Juniyor penaltini aniq bajarganida hisob yanada yiriklashgan bo‘lardi.
- Natija kutganimizdan ham yaxshiroq bo‘ldi.“Santyago Bernabeu”da futbolchilarning o‘yindan zavq olgani meni quvontirdi, ular so‘nggi qiyin sinovlardan keyin bunday g‘alabaga loyiq edi.
Tashqaridan jamoamiz kuchi haqida shubhalar aytilgan edi, ammo biz “Real”miz va bizni kamsitish mumkin emas.
Biz “Siti”ning o‘yin uslubi va Gvardiolaning taktikasini yaxshi bilamiz, u nimaga intilayotganini tushunamiz. Ularga maydonda bo‘sh hudud qoldirmadik va asosiy uzatma yo‘llarini yopdik.
Raqiblar sizni oldinga chiqarib, keyin qarshi hujum qilishga harakat qiladi, ammo sabr bilan o‘ynab va ularning orqa chizig‘iga hujum qilib, xavfli vaziyatlar yarata oldik.
Men uchun Valverde — zamonaviy Xuanito, “Real” futbolchisi qanday o‘ynashi kerakligining namunasi, - dedi Arbeloa.
Jamoalar o‘rtasidagi javob o‘yini 17 mart kuni Manchesterdagi “Etihad” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar