Arne Slot: "Balki "past himoya chizig‘i" haqida kamroq gapirishim kerakdir"
"Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot Stiven Jerrard tomonidan aytilgan tanqidga munosabat bildirdi.
Slot Chempionlar ligasida "Marsel" ustidan qozonilgan 3:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng "Liverpul" "past himoya chizig‘i" bilan o‘ynaydigan raqiblarga qarshi uchrashuvlarda qiyinchilikka duch kelayotganini ta’kidlagan edi. Bu fikrlarga javoban Stiven Jerrard: "Past himoya chizig‘i haqida gapirishni to‘xtatish kerak", deya izoh berdi.
"Uning aynan qanday fikr bildirganini eshitmaganman. Ammo Stiven Jerrard har doim "Liverpul"ga ijobiy munosabatda bo‘lgan va hozir ham shunday. U klub uchun chin dildan qayg‘uradi.
Past himoya chizig‘i haqida ko‘p gapirayotganimga kelsak, bu bilan roziman. Chunki biz juda ko‘p hollarda aynan shunday o‘ynaydigan raqiblarga qarshi maydonga tushyapmiz. O‘yindan keyin mendan fikrim so‘ralsa, albatta, javob berishim kerak.
Jerrardning o‘zi ham futbolchi sifatida past himoya chizig‘iga qarshi o‘ynaganini aytgan. Qolaversa, u mahoratli o‘yini orqali bunday himoyani buzib o‘ta oladigan futbolchilardan biri edi.
Balkim, bu haqida boshqa so‘zlar topishim yoki umuman gapirmasligim kerakdir", — dedi Arne Slot.
Fikrlar