
“Arsenal” inqirozining asl sababi nimada?(Erkin G‘aybullaev blogi)
“Arsenal”da ahvol yaxshi emas. Oxirgi 42 yildan beri londonliklarda ahvol bunchalar yomon bo‘lmagan edi. “Kanonirlar” “Vest Xem” ustidan qozonilgan g‘alabadan oldin 9 ta o‘yinda ketma-ket g‘alaba nimaligini bilishmadi APLda bunaqasi faqat 1977 yilda bo‘lgan edi. Jamoa hozirda turnir jadvalida 12-o‘rinda turibdi. Jamoa so‘nggi o‘yinlarda “Everton”, “Chelsi” klublarini enga olmadi. Oldinda esa “Manchester Yunayted” kabi grand jamoa bilan o‘yin turibdi.
Nega bunday bo‘ldi? Bunga kim aybdor?
Rahbariyat
Boshqa jamoalar singari “Arsenal” ham kuchli rahbariyatga muhtoj. Bu borada muammo bor. Ko‘pchilik muxlislar bu borada Kronke ayblashadi. Kronke jamoaning aksioneri hisoblanadi. Lekin Kronke bu erda aybdor bo‘lmasligi mumkin. U hattoki emerining ketishi bilan futbolchilar bilan suhbat uyushtirdi.
Emerini iste’foga chiqarishdi. Ha, o‘zgarish kerak edi. Ammo bu o‘zgarish oldinroq bo‘lishi kerak edi. “Arsenal”ning ashaddiy raqibi “Tottenxem” Pochettinoni iste’foga chiqarganidan 12 soat o‘tib Joze Mourinoni murabbiy etib tayinlanganini e’lon qildi. Nega haligacha “Arsenal” vaqtinchalik murabbiy bilan ishlayapti?
Arsen Vengerni avvalroq iste’foga chiqarishi kerak edi
2014 yildagi Angliya Kubogi nimanidir o‘zgartirishi kerak edi. “Xall Siti” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng hamma xursand edi. Ana o‘shanda Vengerning shartnomasi yakuniga etishi kerak edi. Hali yangi shartnoma imzolanmagan edi. Balki o‘shanda fransuz murabbiyi ketganida hozir “Arsenal” boshqa joyda bo‘lgan bo‘larmidi. Lekin Venger yana shartnoma imzoladi va 2 marta Angiya Kubogini yutdi. Lekin bu ham muxlislarga etarli emasdi.
“Emireyts”da muxlislar ikkita frontga bo‘linishdi. Bir tomon Vengerning qolishini, unga ishonish mumkinligini xohlashsa, boshqa bir tomon qo‘liga banner olib, unda “Wenger out” degan yozuvni ko‘tarib turishardi. Natijalar qoniqarsiz edi, transferlar ham aytarli darajada emas. Bor pullar shartnomalarni yangilashga ishlatilardi. Lekin aql bilan ishlatilganda, bu pullarni boshqa maqsadda ishlatsa ham bo‘lardi.
Shartnomalar bilan ishlay olmaslik
“Arsenal”da shartnomalar bilan ishlay oladigan darajadagi kuchli odamlar yo‘q. Buni Aaron Remsining jamoani tark etishidan ham bilsa bo‘ladi. Uelslik futbolchining shartnomasi yakuniga etayotgan edi, jamoa kutib turdi. Oxirida esa futbolchiga nisbatan qiziqish yo‘qligini aytishdi va Remsi “Yuventus”ga o‘tib ketdi. Jamoa nafaqat bitta etakchisini yo‘qotdi, balki uni tekinga qo‘yib yubordi.
Sanches va O‘zil voqealarini eslang. Biri jamoada qoldi, klub tarixidagi eng katta shartnoma imzolanishi evaziga, boshqasi esa “Manchester Yunayted”ga o‘tib ketdi.
Shartnomalar borasidagi kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Samir Nasri, Bakari Sanya va Robin Van Persilar juda kichik summaga sotilgan edi. Balki bunday voqealar Obameyang va Lyakazetlar bilan ham sodir bo‘lishi mumkin.
Jamoada pul bor. Ammo ular bu puldan foydalana olishmayapti. Juda ko‘plab o‘rta darajadagi futbolchilar o‘z darajalaridan ko‘proq pul olishmoqda.
“Biz Evropa Ligasida to‘p suradigan jamoaga Chempionlar Ligasining maoshini to‘layotganimizni yashirishga hojat yo‘q” – degan edi Djosh Kronke.
Havoga sovurilgan millionlar
“Arsenal” juda ko‘p pul sarflaydi. Jiddiy pul sarflanishlar 2013 yilda Mesut O‘zil transferidan boshlangan edi.
Zamonaviy futbolda pul sarflash kerak. Ammo “Arsenal” juda ko‘p pullarni havoga sovurib yubordi. Klubning seleksiya bo‘limi umuman ishonchni oqlamaydi. Buni 2016 yilda Shkodran Mustafi, Lukas Peres va Granit Jakaga sarflangan 100 mln funtdan ham bilsa bo‘ladi.
Denni Uelbek, Matyo Debushi, Gabriel, Kalum Chembers va Sokratislar ham hech narsani o‘zgartira olishmadi. Transferlar oynasida “Arsenal” raqiblariga qaraganda kuchsizroq harakat qiladi. O‘ylab ko‘ring, “Liverpul” Dominik Solankeni 25 mln funtga sotdi. “Arsenal” esa xuddi shuncha pul ishlashi uchun Aaron Remsi, Djek Uilsher, Uelbek, Serj Gnabri va Щesnilar jamoadan ketishiga to‘g‘ri keldi.
Ivan Gazidisni ayblash mumkin bu borada. Hozir U “Milan”da ishlayapti. U transfer narxlarini belgilashda xatolarga yo‘l qo‘yardi. Aynan u yuqoridagi transferlarda qatnashgan edi.
Undan keyin jamoada Sven Mislintat ishlay boshladi. Undan hamma umid qilgan edi. Chunki u iste’dodlarni topishga usta edi. Lekin u Londonda ko‘p qolmadi. Hozirda Raul Sanley jamoada ishlayapti. U tufayli jamoaga Nikolya Pepe olib kelindi. Lekin futbolchi o‘ziga sarflangan 72 mlnni haligacha oqlay olgani yo‘q.
Ivan Gazidis
Gazidis jamoada ijrochi director vazifasida 10 yil ishladi. Mana shu 10 yilda hech qanaqa progress ko‘zga tashlanmadi. To‘g‘ri, “Arsenal” 3 marta Angliya Kubogida g‘alaba qozondi. Ammo biror marta APLda champion bo‘lolmadi. Transfer bozorida jamoa umuman aqlbovar qilmas narsalar qildi. Jamoalar London klubidan arzon narxga futbolchilarni olib ketishar, yulduz futbolchilarni shartnomasi shunchaki yakuniga etib qolardi. Maosh oshib borar, ammo jamoa kuchli bo‘lmasdi.
Venger o‘z postida ko‘p ushlanib qoldi, Gazidis esa umuman vazifasini bajara olmadi. “Arsenal” esa inqiroz girdobida qolishda davom etyapti.
Jamoa Arteta boshchiligida inqirozdan chiqib keta oladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar