
Artyom Filiposyan: Haligacha Kubok yutganimizga ishona olmayapmiz
Tailandning mahalliy «Prachuap» jamoasi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Artyom Filiposyan uchun u erdagi o‘zining dastlabki mavsumi muvaffaqiyatli chiqdi. Boisi, Filiposyan o‘z klubi bilan birga Tailandning «Toyota Liga Kubogi»ni qo‘lga kiritdi. Bu albatta e’tiborga molik natija hisoblanadi. Ayniqsa, legioner sifatida boshqa mamlakat chempionatida to‘p surayotgan hamyurtimiz uchun unutilmas voqealardan biriga aylandi. Shu boisdan kuni kecha hamyurtimiz bilan bog‘landik.
- Siz yaqinda jamoangiz bilan Kubok sohibiga aylandingiz va bu chindan ham siz uchun unutilmas voqeaga aylandi. Dastlab qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat haqida gapirib bersangiz…
- Bu yil Tailandda birinchi yilimni o‘tkazyapman. Jamoamizning asosiy vazifasi Tailand oliy divizionida qolish hisoblanadi, - deya gap boshladi, Filiposyan. - O‘zbekistonda ikkita Kubok bor. Biri O‘zbekiston Kubogi bo‘lsa, yana biri Liga Kubogi. Tailandda ham shunga o‘xshash sanalgan ikkita Kubok musobaqasi bor. Yashirmayman, Tailandga ilk bor keliboq, debyut mavsumimda Kubok sohibi bo‘lganimizdan baxtiyorman. Bu qo‘lga kiritilgan g‘alaba tufayli O‘zbekistondan ham ko‘plab tabriklarni oldim, oila-a’zolarim, yaqinlarim va do‘stlarim meni muborakbod etishdi. To‘g‘risini aytsam, haligacha Kubokni qo‘lga kiritganimizga ishonish qiyin. Lekin bu bizning mehnatimiz va Kubokni qo‘lga kiritish uchun ham astoydil harakat qildik. Rosti, kichkina jamoa bo‘lganimiz uchun ham bizga qiyin bo‘ldi. Yarim finalda ikkinchi o‘rindagi jamoani yutdik. Finalda esa «Buriram Yunayted»ga qarshi ajoyib o‘yinni o‘tkazdik. Qo‘lga kiritilgan Kubokdagi medalni ham muzeyimga qo‘shib qo‘yganimdan xursandman. Hammasi mehnatimizga yarasha bo‘ldi.
- Adashmasam, jamoangiz «Toyota» Liga Kubogini qo‘lga kiritdi. U erda yana qanday Kubok musobaqalari bor?
- U erda Tailand Kubogi bilan «Tayota» Liga Kubogi musobaqalari bor.
- O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, «Prachuap» Tailandda etakchilar qatorida tilga olinmasdi va o‘ziga yarasha mo‘’jazgina jamoa edi. Ammo mana shunday klubning Kubokni qo‘lga kiritgani Tailand futbolida qanday qarshi olindi va qanaqa reaktsiya bildirildi?
- «Prachuap» endi ikkinchi marta oliy divizionda o‘ynayapti. To‘g‘risini aytsam, Kubokni yutishimizga hech kim ishonmagandi, balki bu tasodif bo‘lgandir. Ushbu musobaqada ham kuchli jamoalar ishtirok etgandi. Lekin, bilasizmi, haligacha muxlislar, rahbarlar, murabbiylar va futbolchilar ushbu Kubokni yutganimizga ishonmayapmiz. Bundan tashqari, u erdagi etakchi klublar ham bizning bu muvaffaqiyatni qo‘lga kiritganimizga hayron bo‘lishyapti. Vaholanki, Tailand oliy divizionida jamoamiz o‘tgan yili ham, bu yil ham asosan jon saqlab qolish uchun kurashdi. Har holda klub bilan shartnoma imzolayotganimda iloji boricha jamoani elitada olib qolish asosiy maqsad bo‘lishini aytishgandi. O‘zbekistonda ham ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritganman. Shu bois shaxsan men uchun sovrin yutish yangilik emas. Biroq jamoamizdagi murabbiy va futbolchilar faoliyatlari davomida birinchi marta sovrin yutishdi. Ustiga-ustak jamoamizni elitada ham saqlab qola oldik. O‘zbekistondan kelgan futbolchi sifatida Kubokni yutganimiz va jamoamizni kuchlilar orasida saqlab qolganimiz tufayli bemalol boshimni baland ko‘tarib yuribman. Tabiiyki, legioner sifatida zafar quchganim bois Tailand matbuotida ham men haqimda ko‘p yozishyapti. Nasib qilsa, kelasi yili ham shu erda qolmoqchiman.
- Tabiiyki, sovrin yutganingizdan keyin sizga bo‘lgan e’tibor ham oshishi aniq. Shu bois yana ushbu chempionatda qolish ishtiyoqingizni tushunsa bo‘ladi. Xo‘sh, «Prachuap»da o‘ynashda davom etmoqchimisiz yoki boshqa takliflarni ko‘rib chiqasizmi?
- Bunday sensatsiyadan keyin hamma xursand va shunga yarasha menga takliflar ham bo‘lyapti. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Lekin ko‘proq o‘z jamoamda qolmoqchiman. Buning sababi shundaki, o‘z klubimda hamma – bosh murabbiy, homiylar, muxlislar va jamoa a’zolari meni yaxshi ko‘rishadi. O‘zim ham shu klubda o‘ynayotganimdan xursandman.
- Qo‘lga kiritilgan Kubok tufayli klub futbolchilarga qanday rag‘batlantirishni amalga oshirmoqchi?
- Bu «Toyota» Liga Kubogi musobaqasi bo‘lgani uchun o‘zlari ushbu musobaqaga alohida mablag‘ ajratishgan. Shuningdek, klubda ham homiylar alohida pul ajratishgan. Tailand chempionatining saviyasi menga yoqdi. Har bir jamoada 4-5 nafardan yaxshi saviyadagi legionerlar to‘p surishyapti. Yildan-yilga Tailand chempionatining saviyasi oshib bormoqda.
- Sir bo‘lmasa, rag‘batlantirish qancha miqdorni tashkil qildi?
- «Tayota» Kubogiga 160 ming AQSh dollari ajratishdi.
- U holda jamoa a’zolariga o‘sha puldan qancha miqdorda taqsimlab berdi?
- 5000 dollardan.
- Tailanddagi debyut mavsumingiz muvaffaqiyatli kechishini kutmaganmidingiz?
- Tailand chempionati juda qiziqarli o‘tadi va har bir uchrashuvda stadion muxlislar bilan to‘ladi. Rosti, bu erga kelib yana oldinga qarab o‘sdim deb o‘ylayman. Bilasizmi, bu erda bo‘shashib qolishlik aslo mumkin emas. Agar shunday bo‘lsa, birinchi davradan keyinoq sizga javob berib yuborishadi. Chunki har bir o‘yin va mashg‘ulotga jiddiy qaraladi. Ayniqsa, har bir futbolchi o‘zini ko‘rsatib tarkibdan joy olishga harakat qiladi. Boz ustiga siz legioner bo‘lsangiz, rahbariyat va murabbiylarga o‘zingizning kuchli ekanligingizni ko‘rsata olashingiz kerak. Aks holda ular o‘rtadagi shartnomani buzishlari ham hech gap emas. Ammo o‘ylaymanki, Tailand chempionati juda qiziqarli va bo‘shashishlikka vaqt ham yo‘q. Shuning uchun ham bu erda futbolchi sifatida yanada o‘sdim deya olaman. Legioner bo‘lib o‘ynayotganim uchun ham o‘zimni har tomonlama ko‘rsatishim kerakligini yaxshi tushunib turibman. Agar o‘zimdan yaxshi taassurot qoldira olsam, ertaga yana boshqa o‘zbekistonlik futbolchilarga ham qiziqishlar bo‘lishi mumkin. Tailand chempionatini yanada kuchaytirish uchun katta pullar ajratilyapti.
- Ayni paytda u erda mavsum ham nihoyalab qoldi-a?
- Har bir chempionatda terma jamoalar o‘ynashganida tanaffus bo‘ladi. Hozirda mavsum tugashiga ikkita tur qolgan. 20 va 26 oktyabr kunlarida o‘z o‘yinlarimizni o‘tkazamiz. Shu bilan bizga javob beriladi va bir oy dam olganimizdan keyin dekabr oyidan yana yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonlari boshlanadi. Darvoqe, Tailand Kubogi musobaqasi hali davom etyapti va 3 noyabr kuni tugaydi.
- Jamoangiz Tailand Kubogini erta tark etganmidi?
- Afsuski, Tailand Kubogini ertaroq tark etdik. Negadir omadimiz chopmadi. O‘sha musobaqada murabbiyimiz ko‘p o‘ynayotgan o‘yinchilarga dam berib, asosan kam o‘ynayotgan futbolchilarga imkoniyat bergandi. Lekin bu bahona emas. Lekin shunga qaramay, «Toyota Liga Kubogi»ni qo‘lga kiritganimizdan juda xursand bo‘ldik.
- Shuningdek, Tailandda mahalliy ovqatlarning ta’mi anchagina achchiq bo‘lishi haqida eshitganmiz. Bu masalada sizda qiyinchiliklar tug‘ilmadimi?
- Gapingizga 100 foiz qo‘shilaman. Chindan ham mahalliy taomlari juda achchiq. Bu erga boshida kelganimda uch oycha qiynaldim. Mana, endi ancha o‘rganib ketdim va hattoki, bir-ikkita taomlari menga yoqadi.
- Jamoa a’zolari bilan qanday tilda gaplashyapsiz? Bu masalada ham qiynalmayapsizmi?
- Legioner bo‘lib borgan har bir futbolchiga alohida tarjimon biriktiriladi. Lekin menga tarjimon ajratishmadi. Chunki menga boshida jamoadoshim Adnan Oraxovats yordam berib yurdi. Chunki u ikki yildan beri Tailandda o‘ynayapti va ingliz tilini yaxshi biladi. Albatta, til masalasida boshida biroz qiynaldim. Chunki ingliz tilini u qadar yaxshi bilmasdim. Hozir esa bu tilni ham ancha-muncha o‘zlashtirib oldim va hozirda o‘zim jamoadoshlarim bilan ingliz tilida gaplashyapman.
- Yuqorida sovrinlaringiz uchun alohida muzeyingiz borligi haqida aytib o‘tdingiz. Unda qanday medallaringiz bor?
- O‘zbekiston Kubogini uch marta qo‘lga kiritganman. Shuningdek, OFK Kubogida ham muvaffaqiyat qozonganmiz. Mana, endi Tailandda ham yana bir Kubok sohibi bo‘ldim. Albatta, uyimda o‘zimning shaxsiy kollektsiyalarim bor. Shuningdek, chempionlikdagi medallarim bor. Qolaversa, kumush va bronza uchun qo‘lga kiritilgan medallar ham turibdi. Lekin bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasman. Umuman olganda, medal va Kubok yig‘ishni yoqtiraman.
- Nima deb o‘ylaysiz, Tailand chempionatida to‘p surish orqali milliy terma jamoamizda to‘p surish mumkinmi? Bu borada imkoniyatim bor deb hisoblaysizmi?
- Oldin ham terma jamoada yaxshi o‘yinlarni o‘tkazganmiz. Har bir futbolchi o‘zining vatani termasida to‘p surishni orzu qiladi. Lekin har bir murabbiy o‘zining uslubiga mos tushadigan futbolchilarni chaqiradi. Agar terma jamoaga kerak bo‘lsam, bor kuchim bilan o‘ynashga tayyorman. Men doim o‘zimga ishonaman.
- U erda siz orqali yana boshqa o‘zbekistonlik futbolchilarga qiziqishlar ortib borayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bu borada ko‘proq qaysi o‘yinchilarimizga ko‘z tikishyapti?
- Agentim o‘zbekistonlik futbolchilarni surishtirib yuribdi. Men ham ularga o‘zimdagi bor ma’lumotlarni beryapman. Lekin ular qiziqayotgan o‘yinchilar «Paxtakor» va «Lokomotiv»da to‘p surishyapti. Shu bois buning amalga oshishi qiyinroq. Agar rasmiy taklif bildirishsa, hammasi o‘yinchilarning o‘zlariga bog‘liq bo‘ladi.
- Tailand chempionatda sizga yoqmagan tomonlari ham bo‘ldimi?
- Tailand chempionatining men uchun umuman minus tomonlari bo‘lgani yo‘q. Aksincha, plyus jihatlari juda ko‘p. Negaki, menga yoqdi. Shu sababli yana shu erda qolishga harakat qilaman. Tailandda hammasi a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan.
- Shuningdek, Tailand sayyohlarni jalb qilish borasida ham alohida ahamiyatga ega. Masalan, Pattayya, Pkuxet kabi orollariga ham borib turibsizmi?
- Siz aytgandek, bu erda dam oladigan maskanlari juda ko‘p. Pkuxet, Pattayya, Kraba degan joylari bor. Albatta, bizga tanaffus berilgan paytlarda jamoamiz bilan o‘sha erlarga borib dam olib kelamiz.
- Tailand futbolining tashkiliy tomonlarini o‘zimizning chempionat bilan solishtirganda farqli tomonlari kattami?
- Tailandda har bir o‘yinga stadion muxlislar bilan to‘ladi. Shunga yarasha sharoitlar ham yaratilgan. Bu erning chempionatini aslo past deb hisoblamayman, o‘ziga yarasha kuchli. Faqat Tailand terma jamoasi biznikidan pastroq. Qolaversa, Tailand chempionatida VAR tizimi ham birinchi davragacha ishlayotgandi. Ikkinchi davradan esa ishlatilmayapti. Menimcha, yangi mavsumdan yana VAR tizimi joriy etilsa kerak.
- VAR tizimining foydali tomonlarini sezdingizmi? Undan nega endi foydalanishmayapti?
- Bir tomondan VARning bo‘lgani yaxshi. Ayniqsa, bahsli vaziyatlarni odilona tarzda aniqlab beradi. Keyinchalik nima uchun olib tashlanganini haligacha bilmayman. Chunki buning sabablarini surishtirganim yo‘q. Ammo o‘tgan yili butun mavsum davomida VAR ishlagan va bu yilgi mavsumning birinchi davrasida ham ishlayotgandi.
- Xorijlik o‘yinchilarga barcha sharoitlar yaratib berilishi haqida ko‘p eshitganmiz. Bu borada klubingizning sizga yaratib bergan sharoitlaridan ko‘nglingiz to‘qmi?
- Xudoga shukrki, Tailandda menga juda yaxshi shart-sharooitlarni qilib berishgan. Menga katta uy va mashina berishdi. Hamma narsa joy-joyida. Oylik maosh va mukofot pullari o‘z vaqtida beriladi.
Fikrlar