
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev finalda qozog‘istonlik raqibidan revansh olib, g‘alabaga erishmoqchi
Toshkentdagi "Humo arena"da boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida jahon chempionati davom etmoqda. Bugun yarim final janglari bo‘lib o‘tmoqda.
-67 kg vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev mo‘g‘ulistonlik Misheelt Battumur bilan ringga ko‘tarildi. Bellashuvda bokschimizning qo‘li baland keldi - 5:0. Shu tariqa, Asadxo‘ja finalga yo‘l olgan uchinchi bokschimiz bo‘ldi.
Jangdan so‘ng hamyurtimiz o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Yarim finalga kuchsiz raqib chiqmaydi. Hamma o‘ziga yarasha tayyorgarlik, taktikasi bilan ringga yutaman, deb chiqadi. Mana chiroyli g‘alabaga erishdik. Jangda murabbiylarimiz bilan raqibni o‘rganib, to‘g‘ri taktika qo‘llab, g‘alabaga erishdik.
Jahon chempionati har bir sportchining orzusi. Finalga yaxshi tayyorgarlik, kuchli ruhiyat bilan chiqib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi ruhiy kuch beryapti. Ularning qo‘llashi bilan jahon chempioni bo‘lamiz, inshaalloh.
Finaldagi qozog‘istonlik raqibimga avval Osiyo chempionatida yutqazgandim. Xatolar ustida ishlayapmiz. Nasib qilsa, chiroyli g‘alabaga erishamiz, - dedi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev.
Fikrlar