Asror Aliqulov: "Futbolchilarni jalb qilish oson emas. Ularni talablari juda baland"

  • 7 noyabr, 2024, 10:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liganing 26-turida markaziy o‘yin Muborakda bo‘lib o‘tdi. O‘tgan turda Superliga yo‘llanmasini rasmiylashtirgan “Mash’al” ikkinchi yo‘llanma uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan “Buxoro”ni qabul qildi. G‘alaba juda zarur bo‘lgan buxoroliklar qiyin raqib ustidan safarda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va “Mash’al”dan so‘ng “Buxoro” ham muddatidan ilgari Superliga yo‘l oldi. Uchrashuvdan keyin muborakliklar bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Tecno

- O‘yin og‘ir kechishini oldindan bilardik. Chunki “Buxoro” jamoasi bu safar ochko ololmaganida qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin edi. Uchrashuv ham shunga mos bo‘ldi. Og‘ir, zich o‘yin. Jamoalar bir-biriga imkoniyat bermaslikka harakat qildilar. “Buxoro” ko‘proq qarshi hujumda, himoyaga e’tibor qaratib o‘ynadi. Biz qiynaldik. “Buxoro” bilan beshinchi o‘yinimiz. Standartlar, autlar, jarima to‘plari, shu holatlarga tayyorlangandik. Afsuski, baribir gol o‘tkazib yubordik. Hujumlar qilib, gol urishga harakat qildik. Raqib vaqt cho‘zishga harakat qildi. “Buxoro”ni Superliganing ikkinchi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bilan tabriklayman.

- Faoliyatingiz davomida “Mash’al”ni ikkinchi bor Superligaga olib chiqdingiz. “Mash’al”ni “Buxoro”ga qarshi beshinchi uchrashuvi bo‘ldi va jamoa asosan kerakli natijalani qayd etgan. “Mash’al” “Buxoro” uchun noqulay raqib. Lekin bu safar futbolchilar Superligaga chiqib bo‘lganligi uchun xotirjam bo‘lib qolganliklari sezildi.

- O‘yinga tayyorgarlik davomida yigitlarga og‘ir uchrashuv bo‘lishini uqtirdik. Mashg‘ulotlarda futbolchilarda biroz charchoq alomatlari sezildi. Futbolchilar yomon jismoniy holatda tayyorlanganlari yo‘q. Ular oxirgi daqiqagacha yugurishdi. Faqat ruhan “Buxoro”ga qarshi engilroq o‘yin kutishgandir, balki engilroq yutamiz, deb o‘ylagandirlar. Bu ayrim futbolchilarga ta’sir qildi, deb o‘ylayman. Durang natija ham bizni 1 –o‘rinda saqlab qolardi. Mag‘lubiyat “Buxoro”ni bizga yaqinlashtirdi.

- “Buxoro”ni besh nafar futbolchisi sariq kartochka oldi. Raqibni uchrashuvni cho‘zish holatlari kuzatildi. “Mash’al”ni raqibning mana shunday nayranglariga tayyor emasligi ham bor gap.

- Bunaqa holatlarda o‘ynash futbolchilardan ko‘proq mahorat talab qiladi. Yigitlarimizda bunday holatlarda mahorati kamligi sezilib turgandi. Zaxiradan tushirdik, biroq ular hali katta o‘yinlarga tayyor emas. Hammasi o‘yinlar va yillar davomida keladi. Qolgan ikkita turda ham biz birinchi o‘rinni saqlab qolishga harakat qilamiz.

- Uchrashuv oxirlarida “Buxoro” jarima maydoni ichida to‘p futbolchining qo‘liga tegdi va hakam penalti belgilashi kerak edi. Takroriy vaziyatni ko‘rganimizda yaqqol penalti bor edi. VAR yo‘qligi bilindi. O‘sha vaziyatga fikringiz qanday? Pro liga bahslariga ham VAR kerakmi?

- VAR bo‘lganida o‘yinlar paytidagi haqqoniylikni ta’minlab beradi. Rahbariyat ayrim uchrashuvlarga VARni chaqirib, uning xarajatlarini ko‘tardi. “Mash’al” har doim ham o‘z byudjetidan VARni chaqira olmaydi-ku! Agar o‘yinda shunday vaziyatlar bo‘lishini bilganimizda o‘ylaymanki, rahbariyat VAR kelishini qo‘llab-quvvatlardi. Hakam maydonda va u yaqin joyda turgandi. To‘p qo‘liga tekkanini ko‘rmadi, deb ayta olmayman. Ko‘rmaslikka olgan bo‘lishi mumkin. Takroriy vaziyatni ham ko‘rdik, o‘yinchi to‘pni yaqqol qo‘li bilan o‘ynagandi.

- “Mash’al” Superligaga qanday tayyorgarlik ko‘radi? Yangi o‘yinchilarni xarid qiladimi yoki mavjud bo‘lgan bor resurslardan foydalanadimi?

- Bu qiyin. Futbolchilarni jalb qilish oson emas. Chunki ularni talablari baland. Superliga jamoalarida ham futbolchilar tanqisligi bor. Shu bois legionerlarga ko‘p e’tibor qaratilyapti. “Mash’al” rahbariyati bu tomonlama ham ish olib boryapti. Moliyaviy holatga bog‘liq. O‘yinchilarni ko‘ndiradigan mablag‘ bo‘lsa, o‘ylaymanki, jalb qilamiz.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!