
Aziz Ibragimov futboldan ketdi! U endi boshqa ish bilan shug‘ullanyapti
Bu yil 35 yoshni qarshilaydigan Aziz Ibragimov uchun o‘tgan mavsum ko‘ngildagidek kechmadi. Ayniqsa, ikkinchi davrada “Buxoro”ga yordam berish maqsadida kelgandi. Lekin yakunda uning jamoasi Superligani tark etdi.
Ayni paytda yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun klublar qizg‘in ravishda mashg‘ulotlarni olib bormoqdalar va tinmasdan selektsiya ishlari davom ettirilyapti. Qarasak, sira Ibragimov to‘g‘risida xabarlar yo‘q. Natijada sports.uz muxbiri Aziz bilan bog‘landi va kutilmagan yangilikni aytdi.
“Futboldan tashqaridagi ishim qolib ketayotgandi”
- O‘ylab-o‘ylab futbolni yig‘ishtirishga qaror qildim. Farzandlik bo‘lganman. Ko‘proq oilam davrasida bo‘lishni xohlayapman. Tan olaman, yoshim ham o‘tib boryapti. Bundan buyog‘iga yoshlarga ham yo‘l berish kerak. Lekin Xudoga shukr, haligacha kuch-quvvatim bor. Qarasam, futboldan tashqaridagi ishlarim ham qolib ketyapti. Hozir shunday vaziyat bo‘lib qoldiki, yo uni, yo buni tanlashim kerak edi. Men futbolni tugatishga qaror qildim. Futboldan tashqari qiladigan ishim sir bo‘la qolsin. Asosan tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapman.
“Yaxshi takliflar ham bo‘lmadi”
- Albatta, ota-onam bilan maslahatlashdim. Ko‘chadagi ishlarimga ham e’tiborni kuchaytirishim kerakligini ta’kidlashdi. O‘zim ham o‘ylab ko‘rdim. Qarasam, bu yoqdagi ishlarim qolib ketayotgandi. To‘g‘ri, agar menga yaxshi taklif bo‘lsa, buni ko‘rib chiqardim. Biroq bunday yaxshi takliflar ham bo‘lmadi. Lekin har doim sport formamni ushlab turibman. Ertalabda o‘zim uchun shug‘ullanyapman. Kechki payt uyimda trenajyor bilan ishlayapman. Balki Osiyodan kutilmagan taklif bo‘lib qolsa o‘ylab ko‘rsa arziydi.
“Saviyali murabbiy bo‘lmoqchiman”
- Murabbiylik kurslarida o‘qish niyatim bor. O‘FAdagilarga bu borada meni ham o‘qish xohishim borligini aytib qo‘ydim. Keyinchalik futbolda murabbiy bo‘lib ishlashim mumkin. Keyingi safar murabbiy sifatida gaplashamiz degan umiddaman. Xudo xohlasa, saviyali murabbiy bo‘lmoqchiman.
“Buxoro”ni Superligada saqlab qolsak bo‘lardi”
- Balki o‘tgan yili “Buxoro”dagi omadsiz ishtirok ham futbolni tugatishimga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Tarkibda tajribali o‘yinchilar etarli emasdi. Holbuki, jamoani Superligada saqlab qolsak bo‘lardi. Ko‘p o‘yinchilar yoshlik qildi. Birinchi davrada o‘rinbosarlar tarkibida to‘p surib yurgan futbolchilar ikkinchi davrada asosiy tarkibga o‘tkazildi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, birinchi davradan keyin bir qancha klublar yaxshi o‘yinchilarni yig‘ib oldi. “Buxoro”da esa bunday imkoniyat bo‘lmadi. Faqat meni, Fomin va Alijonovni olishdi. Bu kamlik qiladi. “Qizilqum” va boshqalar esa tarkibini ancha kuchaytirgandi. Albatta, “Buxoro”dagi moliyaviy muammolar ham ta’sir ko‘rsatdi.
“Futbolni tugatganimdan afsuslanmayapman”
- Balki faoliyatimni shunday holatda tugatganim yoqimsiz bo‘lsa kerak. Ammo hozirda oilam davrasida farzandim bilan birgaman. Ertalab chiqib ketib, kechki payt uyga kelyapman, ko‘chada ishlarim bilan yuribman. O‘z yumushlarim va farzandim bilan bo‘lib, to‘g‘risi, futbolni tugatganimdan unchalik afsuslanmayapman ham.
“Baribir futbolda davomchim bor. Ukam “Bunyodkor” klubida to‘p suryapti”
- Ukam Ibrohim Ibragimov Superligada o‘ynayapti. Xudo xohlasa baribir futbolda davomchim bor. U “Bunyodkor” jamoasida to‘p surib kelyapti. Bugun “Neftchi”ga qarshi to‘p surishdi va 3:0 hisobida yutishibdi, ukam ham gol uribdi. Timur Kapadze boshqaruvidagi terma jamoada ham o‘ynaydi. Ukamga ishonaman, yaxshi futbolchi bo‘lib etishadi va yuzimizni erga qaratmaydi.
“Faoliyatimdan roziman”
- Legioner bo‘lib birinchi marta Slovakiyaning “Slovan” klubiga borganman. U paytda 21 yoshda edim. Evropaga ilk bor borganim baribir boshqacha bo‘lgan. Keyin Chexiyaning “Bogemians” jamoasiga ko‘chib o‘tganman. Dastlab, birinchi ligada o‘ynab chempion bo‘lganmiz va oliy ligasiga chiqqanmiz. Juda qiziqarli kechgan. Slovakiyada ham, Chexiyada ham poytaxt jamoalarida to‘p surganman. Shuningdek, Xitoydagi faoliyatimni ham ancha qiziqarli kechgan, deb ayta olaman. Keyinchalik, Latviyada o‘ynab Yurmalaning “Spartak” jamoasi bilan chempionlikni qo‘lga kiritdik. Tabiiyki, u erdagi faoliyatim ham ajoyib o‘tdi. Yoqimsiz bo‘lgan jihatlariga kelsam, Eronda unchalik yoqmagan. Chexiyaning “Dinamo” jamoasida ham o‘ynagandim, ammo u erda ham biroz yoqmagan. “Buxoro”dagi faoliyatimni ham omadsizlar qatoriga qo‘shsam bo‘ladi. Baribir faoliyatni yaxshi holatda tugatgan yaxshi-da! Lekin Xudoga shukr, futbolchilik faoliyatim yaxshi o‘tdi. Turli yoshdagi terma jamoalarda ham to‘p surdim. Faoliyatimdan shubhasiz roziman.
Fikrlar