Bahodir Ahmedov: "Tailandda o‘tkazilgan Osiyo kubogi har qachongidan ko‘ra qiyinroq kechdi"

  • 11 iyun, 2024, 16:13
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi  Bahodir Ahmedov yurtimizda bo‘lib o‘tadigan mundial haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Tailandda o‘tkazilgan Osiyo kubogi har qachongidan ko‘ra qiyinroq kechdi, desam xato bo‘lmaydi. Avvallari biz qiyinchiliksiz mag‘lub etadigan terma jamoalar ham etarlicha qarshilik ko‘rsatib, futzal sir-asrorlarini yaxshi o‘zlashtirib olgani barchaga ayon bo‘ldi. 

Eron xususida esa, ortiqcha ta’rif berish shart bo‘lmasa kerak. Bu jamoa qanday tarkibda bo‘lmasin har doim kuchli sanalgan. Biz Osiyo chempionatida qatnashish barobarida bir vaqtning o‘zida Jahon chempionatiga ham yangi murabiy qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rib oldik.

Aytganimdek, futzal qit’amizda tobora ommalashib bormoqda. Aksariyat terma jamoalar boshqaruviga Braziliya, Ispaniya va Argentinadan mutaxassislar jalb etilgan. Xorijdan murabbiylarni olib kelishni ijobiy holat sifatida baholayman. Sababi ulardan yangi metodika va taktik uslublarni o‘rganib olish mumkin. Futzal o‘zgarib bormoqda va shu sabab ham turli uslubga ega jamoalarga qarshi uchrashuvlar ulkan foyda beradi.

Ayrim jamoalar mahalliylashtirilgan legioner futzalchilarga ega. Biz esa bor e’tiborimizni o‘zimizning “qora ko‘zlar”ga qaratamiz. Baribir xohlaymizmi, yo‘qmi ularning maqsadi pul ishlash bo‘ladi. Bizning yigitlarda esa Vatan tuyg‘usi hamisha yuqori bo‘lgan. O‘zim futzal o‘ynagan paytlarimda ham bor e’tiborimni bayrog‘imizni baland ko‘tarishga qaratganman. Bizning yutug‘imiz bu o‘z yoshlarimizdir. Oddiy misol, yaqinda tarkibida braziliyalik futzalchilar bo‘lgan Qozog‘istonni engishni uddaladik. Demak to‘g‘ri yo‘ldamiz, deb ayta olaman.

Bizga yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlar a’lo darajada. Buning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga, qolaversa, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga tashakkur bildirmoqchiman. Bizdan faqat yaxshi natija ko‘rsatish qoldi. O‘ylaymanki, mundialda xalqimiz, muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Bor imkoniyatimizni ishga solamiz", - dedi Ahmedov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!