
Bahodir Jalolovga Toshkent shahridan uy sovg‘a qilindi
9-21 sentyabr kunlari Rossiyaning Ekaterinburg shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida +91 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritibgina qolmay, musobaqaning “Eng yaxshi bokschisi” deb topilgan Bahodir Jalolovni Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjaev ham muborakbod etdi.
Kecha shahar hokimi Bahodirning chempionatda erishgan g‘alabasi, sportdagi yutuqlarini e’tirof etib, bokschimizga Prezident sovg‘asi – Toshkent shahri Qori Niyoziy ko‘chasida joylashgan uy-joylardan birini tantanali ravishda topshirdi. Ushbu tadbirda Toshkent shahar hokimligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari va bokschimizning oila-a’zolari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, yigirmanchi marta o‘tkazilgan boks musobaqasida dunyoning 78 mamlakatidan 400ga yaqin bokschi ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 3ta oltin, 1ta kumush va 1ta bronza medallarini jamg‘arib, musobaqani umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi.
Manba:O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Fikrlar