
Bahrom Haydarov: "1-davradan keyin 3-4 nafar yaxshi saviyadagi futbolchilarni taklif qilamiz" yoxud "Surxon"da bosh murabbiy kim?
Chempionatni bir tekisda o‘tkazishga qiynalayotgan klublardan biri – “Surxon” nihoyat 9-turga kelib, mavsumdagi o‘zining ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ilk muvaffaqiyatli o‘yini 1-turda yuz bergan bo‘lib, o‘shanda Termizda “Metallurg” 1:0 hisobida mag‘lub etilgandi.
Endi esa “Turon” klubi ham Termizda yagona gol evaziga taslim etildi. Shu tariqa, “Surxon”ning ochkolari 7 taga etdi va jadvalda 12-o‘ringa ko‘tarildi. Aytish joizki, klub ancha payt 13-o‘rinni hech kimga bermay keldi. Uzoq kutilgan g‘alaba esa jamoa a’zolari va uning muxlislariga biroz bo‘lsa ham yupanch bo‘lib turibdi.
Ketma-ket ochkolarni yo‘qotilishi oqibatida ishqibozlar ranjib qolgandilar. Ammo “Surxon”ning baxtiga turnir jadvalida uning atrofida joylashgan klublar ham tinmasdan ochko yo‘qotmoqda. 9-turda “Andijon” o‘z uyida yutqazgan bo‘lsa, “Surxon” asosiy ta’qibchisi – “Turon”ga qarshi kechgan olti ochkolik bahsda o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jamoani o‘yinlarga tayyorlayotgan farg‘onalik murabbiy Bahrom Haydarov o‘sha o‘yin haqida shunday dedi:
- Bunday o‘yinlarga futbolchilarni ruhan tayyorlash qiyin bo‘ladi. Biz murabbiylar shtabi qo‘limizdan kelganicha yigitlarni ruhiy tomondan puxta tayyorlashga harakat qildik. Chunki bunday uchrashuvlarda ruhiy ustunlik katta rol o‘ynardi. “Turon”ni mag‘lubiyatga uchrata olganimiz shuni ko‘rsatdiki, biz to‘g‘ri yo‘nalishda hozirlik ko‘rgan ekanmiz.
Aslida “Surxon”ning amaldagi bosh murabbiyi Rufat Akramxo‘jaev. Lekin oxirgi paytlarda u jamoa o‘yinida ko‘rinish bermayapti. Uchrashuvlar chog‘ida asosan Haydarov futbolchilarga ko‘rsatma berib turganini ko‘rish mumkin. “Turon” bilan uchrashuvda ham shu mutaxassis jamoani tayyorladi, desak yanglishmaymiz va o‘yin chog‘ida ham maydon chetida o‘zi tik turgan holda “Surxon” yigitlariga ko‘rsatmalar berib turdi. Bahrom Haydarov esa jamoadagi bosh murabbiy masalasi haqidagi savolga nima deydi?
- Hozirgi paytda jamoani men, Rustam Oripov va Shavkat Abduxo‘jaevdan tashkil topgan murabbiylar shtabi bilan shug‘ullantirib kelyapmiz. Bosh murabbiy lavozimiga tayinlanganim yo‘q. Rufat Akramxo‘jaevning jamoada ko‘rinmayotganligi haqida o‘zi bilan gaplashib, bilganingiz ma’qul. Men esa bu haqida hech nima deya olmayman, - deb javob qaytardi, Haydarov.
Aftidan, bu klubda bosh murabbiy masalasi mavhumdek. Bahrom Haydarov bo‘lsa, hali rasman bu lavozimga tasdiqlanmagan. Buning uchun avvalo Akramxo‘jaev iste’foga chiqarilgan bo‘lishi lozim, biroq hali jamoada bunday o‘zgarish yo‘q. Vaziyat qanday tus olishidan qat’iy nazar ikkinchi davra uchun tarkib kuchaytirilishga muhtoj. Bu fikrga farg‘onalik mutaxassis ham qo‘shildi va mavzuni davom ettirdi.
- Albatta, har bir jamoa kamchiliklaridan to‘g‘ri xulosa qilib, yuksalishga harakat qiladi. Ayniqsa, “Surxon” jamoasiga kelsak, albatta o‘zgarishlarga muhtoj. Bu borada ayrim o‘yinchilar bilan aloqaga chiqyapmiz. Birinchi davradan keyin 4-5 nafar yaxshi saviyadagi futbolchilarni olishga harakat qilamiz. “Surxon”ning o‘yinidagi asosiy muammolardan biri – bu bir qancha futbolchilarning Superliga tajribasiga ega emasligi bilinib qolyapti. Ko‘p holatlarda futbolchilar o‘yinni o‘z qo‘liga olishga cho‘chishyapti. O‘ylaymanki, bu kamchilik vaqt o‘tib yo‘qoladi. O‘ziga ishonch ortgani sari yigitlar o‘yindan-o‘yinga kuchayib boradilar, deb umid qilaman.
Endilikda Superligada tanaffus e’lon qilindi. Chunki milliy terma jamoamizni iyun oyida o‘ta muhim o‘yinlar kutyapti. Shu sababli bosh jamoamiz mashg‘ulotlarga kirishgan. Bunday paytda esa Superliga klublari kichik ta’tilga chiqdilar. “Surxon” qachondan mashg‘ulotlarga kirishadi?
- Hozircha aniq rejamiz bor. Lekin buni rahbariyat bilan kelishilgan holda amalga oshiramiz. Menimcha, 25 maydan keyin Toshkentda to‘plansak kerak. Shuningdek, bir haftaga biror tog‘li hududga futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi ustida ishlash uchun chiqib kelamiz. Shundan so‘ng, 18 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan “Qizilqum”ga qarshi o‘yin uchun Toshkentda tayyorgarlikni davom ettiramiz, - deb javob berdi, Haydarov.
Fikrlar
Р.Акрамхужаев командага бош мураббий булиб келганида хурсанд булгандик, эскиз, Акрамхужаев сиздан хафамиз, ишонган эдик