
Bahrom Haydarov: "Birinchi bo‘limda urgan golimiz tanaffusdan keyin ishimizni osonlashtirdi"
“Surxon” klubi bugun “Andijon”ga qarshi uchrashuvda 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bahs yakunlangach, termizliklar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov o‘yin haqida fikr bildirdi.
- O‘tgan turdagi g‘alabadan keyin futbolchilarni maksimal darajada tayyorlashga harakat qildik. Yigitlar vazifani uddaladi. Bugun ham bo‘shashmasdan, yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, maydonga tushishdi. Ruhiy tomondan tayyorlash asosiy vazifamiz edi. O‘yinga kelsak, teng kurashlar ostida kechdi. To‘g‘ri, bizda imkoniyatlar ko‘proq bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo “Andijon” jamoasi to‘pni yaxshi nazorat qildi. Bo‘ydor o‘yinchilari sababli havodan to‘p uzatishlarda bizga qiyinchiliklar tug‘dirdi. Himoyachilarimizga rahmat, ikkinchi qavatdagi kurashlarda yutdik. Birinchi bo‘lim oxirida urgan golimiz ikkinchi bo‘limdagi ishimizni osonlashtirdi. Raqibni qarshi hujumda jazolamoqchi bo‘ldik va bunga erishdik. Murod Bobojonovni maydonga tushirib, ikkita hujumchi bilan o‘ynab, oldinda to‘pni ushlashga harakat qildik.
- “Surxon” ketma-ket ikkita o‘yinda g‘alaba qozondi. Jamoa Superligada qolish vazifasini qanchalik bajaryapti?
- Hali bu haqda aytishga erta. Bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Futbolchi bir-ikkita g‘alabadan keyinoq vazifa bajarildi deb bo‘shashsa, u holda yaxshi saviyadagi o‘yinchi emas. Biz barqaror o‘yinni saqlab qolishga va yanada kuchaytirishga harakat qilamiz. Nafaqat jon saqlab qolish, balki yuqori o‘rinlarni egallashga urinib ko‘ramiz.
- O‘z maydonida o‘ynay olmayotgan jamoaning o‘yinchilariga bu holat ta’sir qilmayaptimi?
- Har bir jamoa o‘z maydonida to‘p surishni xohlaydi. Shu masalada qiyinchiliklar bo‘lyapti, ammo asta-sekin bunga ko‘nikyapmiz.
Fikrlar